Yunusxoʻja

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Yunusxoʻja (? 1801) — mustaqil Toshkent davlati hokimi (1784 — 1801), Yu. Toshkentdagi 4 dahaning biri — Shayxontohur hokimi Ulugʻxoʻjaning oʻgʻli boʻlgan. Ulugʻxoʻja oʻzaro kurashlar avjga chiqib, xavf-xatar tugʻilgan paitda toʻrtinchi oʻgʻli — Yu.ni bir ishonchli kishi bilan Toshkentdan chiqarib yuborgan. U qozoqlar orasida yashagan. Otasining oʻlimidan soʻng shaharga yashirin kirgan. Yu. avval otasiga tegishli Shayxontohurni egallashga va nufuzli kishilarni oʻz tarafiga tortishga erishgan. Shundan keyin Yu. oʻzaro kurashlardan toliqqan raqiblarini, jumladan, Turobxoʻjani yengishga va 4 dahani birlashtirishga muvaffaq boʻlgan.

YU. shahar mudofaasini mustahkamlash va qoʻshin jangovarligini oshirishga qaratilgan choralarni amalga oshirgan. U shahar devorlarini hashar yoʻli bilan tuzattirgan, mustahkamlagan. 1800 yilgi maʼlumotlarga koʻra, devor quyi qismining qalinligi 1,8 m, ustki qismi 0,9 m atrofida boʻlib, aylanma uz. 18 chaqirimdan ortiq, devor bal. 7,9 m boʻlgan. Yu. 6 ming kishidan iborat qoʻshin tuzib, askarlarni pilta miltiq, qilich, nayza, qalqon bilan qurollantirgan. Toshkent tarixida birinchi boʻlib toʻpdan foydalanishni joriy etgan.

YU. davrida belgilangan tartibga koʻra, har bir jondan bir oyda daromadiga qarab 5 tangadan 10 tangagacha, yerdan olingan hosilning qirqdan bir qismi olingan. Qoraqozonlar soliqlardan ozod qilingan. Shaharda dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik va savdosotiq izga tushgan. Yu. ichki va tashqi savdoning oʻsishiga eʼtibor bergan. Yu.ning maʼmuriy boshqaruv, ichki va tashqi savdo, tashqi siyosati haqida yana q. Toshkent.