Abulgʻozixon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abulgʻozi Bahodirxon
Портрет Абулгази-хана в музее Хивы.jpg
Tavalludi 1603 yil 24 avgust
Vafoti 1664
Xiva
Fuqaroligi Xiva xonligi
Otasi Arab Muhammadxon
Bolalari Anushaxon

Abulgʻozi Bahodirxon (1603.23.8, Urganch-1664. 4, Xiva) – Xiva xoni (16431664), shayboniylar sulolasidan, tarixchi va tabib.

Abulgʻozi Bahodirxonning ogʻalari Habash sulton va Elbars sulton otalari Arab Muhammadxonni yengib, uni Qum qalʼasiga qamadilar. Otasining tarafdorlari boʻlgan katta ogʻasi Asfandiyor Eronga, Abulgʻozi Bahodirxon esa Buxoroga Imomqulixon huzuriga qochdi. 1623-yilda akasi Asfandiyorxon Xiva taxtini egallagach, Abulgʻozi Bahodirxon Urganchga hokim qilib tayinlandi. Lekin Asfandiyorxon bilan oʻrtalarida nizo chiqib, Abulgʻozi Bahodirxon 1627-yilda qozoq xoni Eshimxon huzuriga qochdi; keyin ikki yil Toshkent hokimi Tur-sunxon bilan birga boʻldi. Koʻp oʻtmay, turkmanlarning taklifiga binoan u yana Xorazmga qaytdi. Asfandiyor uni Xiva hokimi qilib tayinlashga majbur boʻldi. 1629-yilda turkmanlar Eronga tobe boʻlgan Niso va Durunni bosib oldilar. Asfandiyorxon Eron bilan munosabatlarning tamoman jiddiylashib ketishidan choʻchib, aybni Abulgʻozi Bahodirxonga toʻnkadi va uni 1630-yil qishida Eron podshohi huzuriga garov tariqasida yubordi. Abulgʻozi Bahodirxon shu tariqa 10 yil Eronda, Isfahon yaqinidagi Taborak qalʼasida qamoqda yashadi. 1639-yilning yozida u tutqunlikdan qochishga muvaffaq boʻldi. Abulgʻozi Bahodirxon bir necha yil taxt uchun kurash olib borib, nihoyat 1644-yil Xiva taxtiga oʻtirdi. Abulgʻozi Bahodirxon markaziy hokimiyatni mustahkamlash uchun kurash olib bordi. U 1663-yilda hokimiyatni oʻgʻli Anushaxonga topshirdi.

Tarixga oid asarlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abulgʻozi Bahodirxon yirik tarixchi olim sifatida ham eʼtiborga sazovor. Uning "Shajarayi tarokima" va "Shajarayi turk" asarlari Oʻzbekiston, umuman Oʻrta Osiyo tarixiga oid qimmatli manbalardan hisoblanadi.

Abulgʻozi Bahodirxon tibbiyot ilmiga oid "Manofiʼul inson" ("Insonga foydali narsalar") nomli asar ham yozgan.

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mashhur adib, tarixchi olim va davlat arbobi, turkiy xalqlar shajarasining yaratuvchilaridan. Abulgʻozi Bahodirxon Xiva xoni Arabmuhammad oilasida 1603- yil 23-avgustda tugʻildi. Oʻn uch yoshligidan (1616)-boshlab, toj-taxt uchun kurashlarda ishtirok etgan. Abulgʻozi 1644-yilda Xorazm taxtini egallaydi, 20 yil hukmronlik qiladi, 1664-yil aprelda vafot etadi.

Asarlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abulgʻozining «Shajarayi tarokima» va «Shajarayi turk» nomli tarixiy asari hamda «Manofeʼul-inson» nomli tibbiyotga oid risolasi yetib kelgan. «Manofeʼul-inson»da 120 dan ortiq xastalik, uni davolash haqida maʼlumot berilgan.

«Shajarayi tarokima» (1661) turkman xalqi ajdodlari, «Shajarayi turk» (1663-64) oʻzbek urugʻlari haqida. «Shajarai turk» toʻqqiz bobdan iborat. Tarixiy voqealar badiiy boʻyoqlar, hayotiy lavhalar orqali tasvirlangan.

Asar sharq, rus va gʻarb olimlarining ham eʼtiborini tortgan. Qozonda bir necha marta nashr etilgan (Rumyantsev nashri, 1825; Sablukov nashri, 1854.; Demezon nashri, 1871) T.N.Demezon asarni fransuz tiliga tarjima (1871) qilgan. Asar fransuz, ingliz xalqlari orasida keng tarqalgan.

«Shajarayi turk» va «Shajarayi tarokima» asarlari turkman, tojik, oʻzbek, moʻgʻul xalqlari tarixini yoritishda tayanch manbalardandir. B.Ahmedov, Q.Munirov, K.Yusupov, Ya.Gʻulomov, M.Yoʻldoshev kabi olimlar Abulgʻozi maʼlumotlaridan keng foydalanishgan. A.N.Kononov, A.M.Shcherbak, S.I.Ivanov kabi tilshunos olimlar Abulgʻozi asarlariga suyanishgan. O.Sharafiddinov, M.Yunusov, V.Abdullaevlar adabiyotshunoslik nuqtai nazaridan tadqiq etishgan.

Abulgʻozi Bahodirxon asarlarining Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondida bir qancha qoʻlyozma nusxalari mavjud (inv. № 7668, 1223, 4017).

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Nashr qilingan asarlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Abulgʻozi. Shajarayi turk. T.: 1992;
  • Ablugʻozi Bahodurxon. Shajarai tarokima. T.: 1995.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Abulgʻozi, Shajarayi turk, T., 1992.