Shajarayi turk

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

"SHAJARAYI TURK", "Shajarai turk va moʻgʻul" ("Turkiy xalklar va moʻgʻullar shajarasi") — tarixiy asar, muallifi Abulgʻoziy Bahodirxon. Eski oʻzbek tilida yozilgan. "SH.t." 13— 17-asrlardagi moʻgʻul va turk hukmdorlari haqidagi maʼlumotlarni, xususan, Markaziy Osiyo xonliklari, jumladan, Xiva xonligining muallif yashagan davrgacha boʻlgan tarixini oʻz ichiga olgan. "SH.t." Abulgʻoziy Bahrdirxonning oʻlimi tufayli nihoyasiga yetkazilmay qolgan boʻlsada, uning oʻgʻli Anusha Muhammadxon (1663—87) topshirigʻiga muvofiq, urganchlik tarixchi Maxmud ibn Mulla Muhammad Zamon Urganjiy tomonidan baʼzi maʼlumotlar bilan toʻldirilgan. "SH.t."ning yozilish sababi muallif tomonidan quyidagicha izohlangan: "Ammo bizning otaaqalarimizning beparvoliqi va Xorazm xalqining bevuqufliqi, bu ikki sababdin, bizning jamoatimizning Abdullaxonning (Abdullaxon II) otalari birlan bizning otalarimizning ayrilgan yeridin to bizga kelguncha tarixlarini bitmay erdilar. Bu tarixni bir kishiga taklif qilali teb fikr qilduk, hech munosib kishi topmaduk, zarur boʻldi (va) ul sababdin oʻzimiz aytduk". Asar moʻʼjaz muqaddima va 9 bobdan tashkil topgan.

"SH.t."ning 7, 8 va 9boblari (1644 yilgacha kechgan voqealar) Abulgʻozixon tomonidan yozilgan. 1, 6boblar va 9bobning davomi (1644—64) Mahmud ibn Mulla Muhammad Zamon Urganjiy tarafidan bitilgan. "SH.t."da koʻplab etnografik hamda Xorazmning ijtimoiyiqtisodiy ahvoliga doyr maʼlumotlar bor. Asarning bizgacha yettidan ortiq qoʻlyozma nusxasi yetib kelgan, ular Toshkent, Ashxobod, SanktPeterburgdagi fondlarda saqlanmoqda.

"SH.t." omma tushunadigan tilda va ommabop usulda yozilganligi bilan ajralib turadi. Hodisalar bayonidagi ixchamlik, ifodaning izchilligi, voqealarni latifa va rivoyat uslubida sodda, ravon tasvirlash asarning muhim tomoni hisoblanadi. Manba grammatik qurilishi, lugʻat tarkibi nuqtai nazaridan xalq soʻzlashuv tiliga yaqin turadi. Abulgʻozixon "SH.t."ni yozishda ilgari bitilgan bir nechta tarixiy asarlar, xususan, Rashiduddinning "Jomeʼ uttavorix", Sharafuddin Ali Yazdiyning "Muqaddimayi Zafarnoma"sidan kerakli oʻrinlarda unumli foydalangan. Mazkur asar rus, fransuz va nemis tillarida nashr etilgan.

Adabiyot[tahrir]

  • Abulgʻoziy, Shajarayi turk, T., 1992; Ivanov S.N., "Rodoslovnoye drevo tyurok" AbulGazixana. Grammaticheskiy ocherk, T., 1969.

Hamidulla Dadaboyev.