Qusam ibn Abbos majmuasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Qusam Ibn Abbos Majmuasi - Samarqanddagi meʼmoriy yodgorlik (1115-asrlar); Shohizinda tarkibida. Majmua turli davrlarda qurilgan masjid, maqbara va chillaxonadan iborat. Qusam ibn Abbos qabri atrofida bunyod etilgan. Majmuaga chortoqning sharqiy ravogʻidagi 2 tabaqali eshik orqali kiriladi. Yoʻlakning oʻng tomonida yuqorisi moʻʼjaz qafasali bejirim minora (balandligi 12 m, 12-asr) saqlangan. Masjid 3 ga boʻlingan, yon tomondagi devor ustunlar yordamchi hujralarga birlashtirilgan. Ichki devorining izorasi sirkori yulduzsimon parchinlar bilan bezatilgan. namoyonlar qoʻsh islimiy sirkori parchinli hoshiya bilan oʻralgan. Mehrobidagi kitobalari ham sirkori parchinlardan naqshlangan. Masjidning sharqida miyonxona boʻlib, uning jan.sharqiy burchagidan maqbaraga oʻtiladi. Dastlab murabba tarhli, gumbaz bilan yopilgan goʻrxona-sagʻana, ziyoratxona va uning ostida joylashgan chillaxonadan iborat maqbara qurilgan. Qusam ibn Abbos sagʻanasi Amir Temur davrida oʻrnatilgan: sagʻana ustma-ust qoʻyilgan 3 ta toʻgʻri toʻrtburchakli va ularning ustidagi 1 egri sirtli, jami 4 qismdan tuzilgan, yon tomonlarining yuzasi zarhal islimiy naqshlar bilan ziynatlangan, ular orasiga Qurʼon oyatlari, hadislar bitilgan. Sagʻanani ziyoratxonadan koʻrish uchun goʻrxonaning shim. devoriga yogʻoch panjara oʻrnatilgan. Keyinroq masjid va boshqa binolar qurilgan. Bino bagʻallariga muqarnaslar ishlangan, gumbazi sirkor qoplamaga ega. Majmuadagi eshiklar 2 tabaqali oʻymakori nafis naqshlar, suls xatidagi kitobalar bilan ziynatlangan. Majmua tarkibidagi xonalarning tarhiy bogʻlanishi puxta hal etilganligi bilan ahamiyatga ega.

Chortoqning sharq tarafida ikki tabaqali o‘ymakor qayrag‘och eshik bor. Eshik Amir Temurning farmoyishiga binoan usta Said Yusuf Sheroziy tomonidan 1404-1405 yillar mobaynida ishlangan. Eshikning naqshlari takrorlanmas san’at namunasi asosida ishlanib, undagi arabiy yozuvlar ustida fil suyaklaridan qadama bezaklar ishlangan. Har ikki tabaqa eshikda quyidagi so‘zlar bitilgan. «Jannat eshiklari kambag‘al faqirlar uchun ochiqdir». Ikkinchi tabaqasida esa «Rahmat eshiklari rahimlilar uchun ochiq» deyilgan.

Usti gumbaz yo‘lakning o‘ng tomonida XI asrga oid minora bor. Minoraning qoplamasi XI asrga xos sayqal berib, shakli g‘ishtlar terib ishlangan. Uning ichki qismida aylanma zina mavjud. Yo‘lak navbatdagi inshoat XI asrda qurilgan masjidga boshlaydi. Bu yodgorlik XII asrda qurilgan inshoat qoldiqlari ustida solingan. Devorlarning pastki qismi va mehrobi sirli koshinlar bilan ishlangan. Qusam ibn Abbos maqbara kompleksda eng asosiy va qadimiy hisoblanadi. Maqbara go‘rxona va ziyoratxonadan iborat. Go‘rxonaga qarb tomondan kichik bir to‘g‘xona tutashgan. Pastki qismda esa chillaxona bor. Ularni har birini o‘ziga xos vazifalari bordir. Ziyoratxonaning XI asr oxiriga oid bezak qoldiqlari shimoliy devorda saqlangan bo‘lib, 1960 yildagi tekshirishlar natijasida topilgan. Hatto bu yerda mo‘g‘ullar istilosiga qadar qurilgan masjidning yog‘och bo‘laklari saqlanib qolgan. Bu o‘yma yog‘och qismlari qoraxoniylar davriga oid noyob yodgorlikdir. Ziyoratxona XIV asrning 30-yillarida qurilgan. XI asrdagi binoning gumbazini yangidan qurib, sirli koshin qoplangan. Devoriy gumbaz qo‘yilgan sakkizyoqli qismining janubiy g‘arbiy tomonida o‘simliksimon naqshda 735 x. (1334-1335) jimjimador qilib yozib qo‘yilgan.

Ziyoratxona ichidagi janubiy devorning yog‘och panjarasi orqali go‘rxonadagi Qusam ibn Abbos dahmasining ko‘rish mumkin. Go‘rxona maqbara bilan bir vaqtda XI asrda qurilgan. XIV asrning 80-yillarida qabr ustiga yangi dahma o‘rnatiladi. Uning yon qirralariga zarhal yugurtirib muqaddas Qur’on oyatlari yozilgan. Yuqori yon qirrasiga 57 hijriy yili, melodiy 676-677 yillar va Qusam ibn Abbos nomi yozilgan. Shohizinda XIV asr boshidan XV asr o‘rtalarigacha bo‘lgan serhasham dahmalarning yuz yillik evolyutsiyasini yoritib beradi. Afsuskim uning XI-XII asrlarga oid asosiy qismi qariyib yo‘q bo‘lib ketgan. Shu bois oxirgi yillarda Hukumatimizning, xalqimizning o‘tmish tarixi, qadriyatlariga e’tibor berayotganligi sabab, ko‘plab aziz avliyolar qabri qayta ta’mirlanib xalqning ma’naviyat markazlariga aylantirildi, hatto chet el mamlakatlaridan amaliy yordamlar bo‘ldi. Ayniqsa 2004 yil 16 iyulda Vazirlar Mahkamasining shaxsan Prezidentimiz I.A.Karimovning tashabbuslari bilan «Shohi-Zinda yodgorligi majmuasida qayta tiklash va obodonlashtirish ishlarini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarorlaridan so‘ng Shohizinda majmuasi va uning atrofida amalga oshirilgan ishlar tahsinga loyiq bo‘ldi. Uni yillar davomida ta’mir talab tarixiy binolari o‘z umrini yana uzoq davrlarga saqlanishiga omil yaratildi. Buni Shohizinda misolida ham ko‘rish mumkin. Keyingi 1998-2000 yillar davomida Iordaniya qirolligi tomonidan ajratilgan mablag‘ evaziga Qusam ibn Abbos majmuasi ta’mirdan chiqdi. Umid qilamizki bu obidalar kelgusi avlodlarimiz uchun ham, yana uzoq asrlar davomida hayot maktabi vazifasini o‘taydi.

Manbalar[tahrir]