Kontent qismiga oʻtish

Maʼnaviyat

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Maʼnaviyat – inson ruhiy va aqliy olamini ifodalovchi tushuncha. U kishilarning falsafiy, huquqiy, ilmiy, badiiy, axloqiy, diniy tasavvurlarini oʻz ichiga oladi. Maʼnaviyat atamasining asosida „maʼno“ soʻzi yotadi. Maʼlumki, insonning tashqi va ichki olami mavjud. Tashqi olamiga uning boʻy-basti, koʻrinishi, kiyinishi, xatti-harakati va boshqa kiradi. Ichki olami esa uning yashashdan maqsadi, fikr yuritishi, orzu-istaklari, intilishlari, his-tuygʻularini oʻz ichiga oladi. Insonning ana shu ichki olami maʼnaviyatdir. Oziq-ovqat odamga jismoniy quvvat bersa, maʼnaviyat unga ruhiy oziq va qudrat bagʻishlaydi. Maʼnaviyat maʼrifat va madaniyat bilan bogʻliq. Maʼnaviyat odamlarda tap-tayyor holda vujudga kelmaydi. Unga muttasil oʻqish, oʻrganish, tajriba orttirish orqaligina erishiladi. Maʼnaviyat qanchalik boyib borsa, jamiyat va millat shunchalik ravnaq topadi. Maʼnaviyatli odam yashashdan maqsad nimaligini aniq biladi, umrini mazmunli oʻtkazish yoʻlini izlab topadi, muomala qilish madaniyatini egallaydi, har bir masalaga insof va adolat nuqtayi nazaridan yondashadi. Vijdon nima, yolgʻon va rost nima, or-nomus nima, halol va harom nima – bularning hammasini bir-biridan ajrata oladi, hayotda yomonlikka boshlovchi xatti-harakatlardan voz kechadi, yaxshilikka boshlovchi amallarni bajaradi. Qisqasi, maʼnaviyatda inson hayotining mazmuni aks etadi. Vatanni sevish, vatanparvarlik inson maʼnaviyatini belgilovchi asosiy omillardan biridir. Maʼnaviyat kamol topgan jamiyatlarda qobiliyat, isteʼdod egalari shu jamiyatning, millatning yuzi, gʻururi, obroʻ-eʼtibori hisoblanadi. Maʼnaviyatli jamiyatda aql, sogʻlom fikr, adolat va yaxshi xulq ustuvordir. Bunday jamiyatda xalqning ertangi kunga ishonchi kuchli boʻladi, odamga nomunosib turli illatlar barham topadi. Millatning asrlar davomida shakllangan ildizlari, uning tarixiy tajribalari va ijtimoiy-madaniy rivojlanishisiz maʼnaviyatni tasavvur qilish qiyin. „maʼnaviyat – insonning, xalqning, jamiyatning, davlatning kuch-qudratidir. U yoʻq joyda hech qachon baxt-saodat boʻlmaydi“, degan edi Oʻzbekiston prezidenti Islom Karimov. Shu sababli Oʻzbekistonda maʼnaviyatni yuksaltirish, xalqni maʼnaviyatli qilish davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan. Mustaqillik tufayli oʻzbek xalqining koʻp asrlik boy tarixiy, ilmiy, madaniy va diniy merosini oʻrganish, undan xalqning umumiy va bebaho mulki sifatida foydalanishga keng yoʻl ochildi. Maʼnaviyatimiz „Avesto“ va zardushtiylik taʼlimotidan boshlab hozirgi kungacha shakllanib, boyib, umuminsoniy qadriyatlar bilan yonma-yon rivojlanib bormoqda. Oʻzbekistonda maʼnaviyat va maʼrifatni koʻtarish, targʻib qilish, boyitish, aholining keng doirasiga yoyish maqsadida respublika „Maʼnaviyat va maʼrifat“ markazi tashkil etilgan. Respublika taʼlim tizimida „Maʼnaviyat asoslari“ fani oʻqitiladi. Maʼnaviyat sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borilyapti.

  • Karimov, Islom. Istiqlol va maʼnaviyat, Toshkent, 1994-yil.
  • Karimov, Islom. Maʼnaviy yuksalish yoʻlida, Toshkent, 1998-yil.
  • Maʼnaviyat va maʼrifat asoslari (tuzuvchilar: S. O. Ota-murodov va boshqa,) Toshkent, 1998-yil.
  • Imomnazarov maʼnaviyat, Milliy maʼnaviyatimiz nazariyasiga chizgilar, Toshkent, 1998-yil.
  • Olim, Sultonmurod. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.