Qabr

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qabr, goʻr — marhumni dafn etish uchun tayyorlangan maxsus joy. Q. har bir xalqning urf-odati, yashaydigan geografik muhiti, kishilarning tabiiyilmiy tasavvurlari, diniy eʼtiqodlariga koʻra bir-biridan farq qiladi. Oʻliklarni koʻmadigan xalqlarda, jumladan, oʻzbeklarda ham Q.ning lahad, kamin, tik chuqur va sagʻana tiplari bor. Aksariyat yer osti suvlari chuqur boʻlgan qurgʻoq joylarda lahad qaziladi. Lahad tipidagi Q. Oʻzbekistonda bundan 3500-yil ilgarigi jez davri qabristonlarida ham uchraydi.

Q tayyorlash uchun yerdan bir m3chamasi tik chuqur — "ayvoncha" qazib, uning bir burchagidan oʻlik boʻyi baravar gorizontal kavak — "lahad" kavlanadi, tuprogʻi tashqariga olinadi. Ulik qoʻyilayotganda goʻrkov lahad ichiga tushib, oʻlikning bosh tomonini qibla (gʻarb)ga qaratib yotqizadi. Lahadning teshigiga gʻisht, tosh, guvala, chim qalab bekitiladi, soʻngra "ayvoncha" tuproq bilan toʻldiriladi. Ortib qolgan tuproq Q. ustiga tepa qilib uyiladi. Kamin (yoki kamgoh) tipidagi Q.da yer bir metrdan ortiq tik va choʻzinchoq oʻra qilib qaziladi. Oʻra devori ostki yonidan uchburchak shaklida oʻyiladi. Oʻlik shu kamin (kamgoh)ga qoʻyiladi. Kamgoh ogʻzi gʻisht, guvala va boshqalar bilan bekitiladi, soʻngra Q. tuproq bilan toʻldiriladi. Tik chuqur shaklidagi Q.da yer oʻlik boʻyiga teng qilib kavlanadi, oʻlik chuqurga chalqancha yotqiziladi. Q. ogʻziga katta yassi toshlar zichlab teriladi, soʻngra ustiga tuproq tortiladi. Sagʻana, asosan, yer osti suvlari yuza boʻlgan joylarda — Buxoro, Samarqand, Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida tarqalgan, Sagʻanada yer qazilmaydi. Oʻlik yer yuzasiga qoʻyiladi, uning ustiga pishiq gʻishtdan gumbazsimon sagʻana bino qilinadi. Q.larga qaytaqayta oʻlik qoʻyish, baʼzan bir oilaning erkaklarini bir Q.ga (oldin oʻlganlarning suyaklarini bir chetga surib, oʻrniga yangi oʻlikni sagʻanaga) qoʻyish odati boʻlgan. Xotinlar ham shunday tartib bilan qoʻyilgan. Baʼzi turkiy xalklarda, jumladan, oʻzbeklarda boy tabaqalar sagʻana qurdirib qoʻyish odati boʻlgan (yana qarang Daxma).