Chortoq
Chortoq (4 tepalik) — Namangan viloyati Chortoq tumanidagi shahar, tuman markazi. Temir yoʻl stansiyasi. Chortoqdan respublika ahamiyatidagi Namangan — Chortoq — Nanay avtomobil yoʻli oʻtgan. Namangan shahridan 19 km shimolda, Chortoqsoy vodiysida. Aholisi 52,8 ming kishi (2010). Chortoqda paxta tozalash, mineral suv qadoqlash zavodlari, tikuvchilik fabrikasi, avtokorxona, savdo, madaniy va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari, 10 dan ziyod umumiy taʼlim maktabi, madaniyat uyi, kutubxonalar, kasalxona, poliklinika, bosmaxona va boshqalar ishlab turibdi.
Chortoqdan 7 km shimoli-sharqda 650 m balandlikda, Chortoqsoy sohilida „Chortoq“ sanatoriysi joylashgan. Chortoq mineral suvi 1953-yilda ochilgan. Bolalar sanatoriysi ham ishlab turibdi. Sanatoriyda 15 xildan koʻproq davolash usullari qoʻllaniladi. Davolash kompleksiga fizioterapiya, iqlim bilan davolash, massaj, parhez ovqatlar va boshqalar kiradi. Iqlimi kontinental. Yozi issiq, quruq, qishi iliq, quyosh nuri koʻp. Yillik quyosh nuri Kavkaz va Qrim kurortlariga nisbatan ikki barobar ortiq tushadi (4800 soat, Sochida 1980, Nalchikda 1710 soat). Quyoshning yuqori turishi natijasida bulutli kunlar kam boʻladi va quyosh radiatsiyasi 144,0 kkal/sm2 ga etadi. Chortoqda yanvar, fevral oylaridagina temperatura 0°dan past boʻladi. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi —1,4°, eng past temperatura —24°, iyulning oʻrtacha temperaturasi 23°, eng yuqori temepratura 39°. Yiliga 277 mm yogʻin tushadi. Bu sharoit sanatoriyda aero- va gelioterapiya usullarida davolash imkonini ham beradi. Hududi koʻkalamzorlashtirilgan, bogʻ, mevazor va yongʻoqzorlardan iborat.[1]
Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]
![]() | Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
![]() |