Oʻymakorlik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Oʻymakorlik — amaliy sanʼatning qadimiy va keng tarqalgan turi; yogʻoch, ganch, metall, tosh, suyak, terrakota va boshqalarni oʻyish, yoʻnish, kesish yoʻli bilan badiiy shakl yasash sanʼati. Buyumlar, turli asboblarni nafislashtirishda, binolarni bezashda, kichik shaklli haykaltaroshlik kompozitsiyalari yaratishda keng qoʻllanadi. Oʻ.ning mustaqil janri gliptika; foydalanadigan xom ashyosiga koʻra yogʻoch oʻymakorligi, ganch oʻymakorligi, tosh oʻymakorligi, metall Oʻ. (kandakorlik), suyak oʻymakorligi kabi turlari bor.

Oʻrta Osiyoda, jumladan, Oʻzbekiston hududida Oʻ. juda qadimdan rivojlangan. Ibtidoiy odamlar yogʻoch, suyak, haivon shoxlaridan oʻzlari uchun zarur qurollar yaratib, ularni "bezashgan", turli ramziy chiziq va belgilar ishlashgan, toshlarga rasmlar chizishgan (qarang Qoyatosh rasmlari). Oʻzbekistonning jan.dagi Oqtom va Quyi Mozordan topilgan hayvon shoxi hamda suyak boʻlagiga chizib ishlangan tasvirlar miloddan avvalgi 2— 1-ming yillarga mansub. Yumaloqtepa qaʼrida milodiy 5-6-asrlarga oid yogʻoch Oʻ. namunalari saqlangan. Fayoztepa, Qoratepa, Ayritom poydevorlari marmar, toshdan ishlanib Oʻ. bilan bezatilgan yodgorlik namunasidir.

Oʻrta Osiyoda Oʻ. 3 yoʻnalishda mavjud boʻlgan: naqsh Oʻ., mavzuli (odam va hayvon tasviri ishlangan) Oʻ. hamda naqsh va mavzuli Oʻ. uygʻunligidagi murakkab kompozitsiyalar. Afrosiyob, Fayoztepa, Ayritom va boshqalarda qurilgan saroy, ibodatxona, zodagonlarning uy va qasrlari shunday Oʻ. bilan bezatilgan. Arablarning bu hududga kirib kelishi bilan bezak sanʼatida koʻproq geometrik va islimiy naqshlar keng oʻrin egallab, ular xalqning maʼnaviy estetik qarashlarini aks ettiruvchi vositaga aylandi.

Shohizinda majmuidagi devor orasidan topilgan yogʻoch Oʻ. namunasi 12-asrga mansub. Shayx Sayfiddin Boharziy maqbarasidat yogʻoch taxtadagi naqshlar, ganch Oʻ. namunalari gʻoyat murakkab va nafis. Amir Temur va Temuriylar davrida yaratilgan Oʻ. namunalari yuksak mahorat va nozik did bilan bajarilgan, unda ustaning mahorati, xalqning falsafiyestetik qarashlari, goʻzallik va jannat toʻgʻrisidagi tushunchalari ramziy shakllarda oʻz ifodasini topdi (Shirinbeka ogʻo maqbarasi oʻyma naqshlari, Qusam ibn Abbos majmuasi eshiklari, Amir Temur maqbarasidat tosh oʻymakorligi namunalari va panjaralar). Oʻ.ning yangi taraqqiyot bosqichi 16—17-asrlarga toʻgʻri keladi, meʼmoriy qismlar (ustun, eshik, darvoza va boshqalar) bilan bir qatorda uy jihozlarini bezash ham keng tus oldi.

18—19-asrlarda Oʻ.ning oʻziga xos maktablari rivojlandi, biribiridan jozibador sanʼat namunalari yuzaga keldi. Oʻ. uslubiy rangbaranglikka xizmat qildi. 19-asroxiri — 20-asrda Xiva (O. Polvonov, S. Bogʻbekov), Buxoro (Usta Shirin Murodov, A. Boltayev), Qoʻqon (Najmiddinov Haydar va uning oʻgʻli Q. Haydarov) va boshqalarda mohir, qoʻli gul ustalar yetishib chiqdi, ular Xudoyorxon oʻrdasi, Knyaz Romanov saroyi, Kalontarov uyi, Sitorai Mohi Xosa kabi meʼmoriy yodgorliklarni mahorat bilan bezadi.

20-asrda Oʻ. yangi mazmun va shakllar bilan boyidi, mintaqalardagi mahalliy xususiyatlar bir-biri bilan uygʻunlashib ajoyib mujassamotlar yaratildi (Navoiy teatri, Muqimiy teatri, Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi va boshqalar).

Zamonaviy Oʻ. mustaqillik davrida bunyod etilayotgan meʼmoriy inshootlarning barcha turlarida qoʻllanib, ular jozibador bezatilmoqda. Yogʻoch oʻymakorligida qoʻqonlik Q. Haydarovning shogirdlari A. Abdullayev, H. Umarov, toshkentlik S. Xoʻjayev, M. ^osshiovlarning shogirdlari, N. Ibrohimov, O. Fayzullayev, S. Rahmatullayev, N. Sohibnazarov, H. Odilov, A. Azlarov, samarqandlik M. Jumaboyev, A. Jalilov, N. Narzullayev va boshqalar; ganch oʻymakorligida M. Usmonovning shogirdlari M. Sultonov, A. Sultonov, Abdurahim Umarov, Mirvohid Usmonov va boshqalarning xizmatlari katta.

Neʼmat Abdullayev.