Oʻzbekistan — Gruziya munosabatlari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Gruziya–Oʻzbekiston munosabatlari

Georgia

Oʻzbekiston

Oʻzbekiston — Gruziya munosabatlariGruziya Respublikasi prezidenti E. A. Shevardnadzening 1995-yil 4-sentabrda Oʻzbekistonga qilgan tashrifi ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga koʻmaklashdi. Tashrif chogʻida bir qancha bitimlar imzolandi. Oʻzbekiston Respublikasi bilan Gruziya Respublikasi oʻrtada erkin savdo-sotiq toʻgʻrisidagi, Investitsiyalarni oʻzaro ragʻbatlantirish va himoyalash haqidagi, Xalqaro avtomobil qatnovi toʻgʻrisidagi bitimlar, Xalqaro avtomobil yuk tashuviga ruxsatnomalar ayirboshlash, berish va ulardan foydalanish tizimini vujudga keltirish toʻgʻrisidagi bayonnoma oʻzaro hamkorlikning meʼyoriy-huquqiy negizini vujudga keltirdi. 1996-yil 27—28-mayda Oʻzbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning Gruziyaga tashrifi doirasida imzolangan davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo bitimlar majmui bu negizni yanada mustahkamladi. Ularning eng muhimlari: Oʻzbekistan bilan Gruziya oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish haqidagi Deklaratsiya, Moliya-sanoat guruhlari tuzishning asosiy qoidalari toʻgʻrisidagi bitimdir. Ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari bilan shugʻullanuvchi qoʻshma Oʻzbekiston-Gruziya komissiyasi tuzildi.

Oʻzbekiston bilan Gruziya oʻrtasidagi tovar aylanmasi 1999-yilga nisbatan 2000-yilda salkam 3 baravar ortdi. 2000-yil Oʻzbekistonning eksportida paxta tolasi, energiya manbalari (neftni qayta ishlash mahsulotlari), oziq-ovqat, temir yoʻl transporti xizmati, kimyoviy mahsulotlar, plastmassalar asosiy oʻrin oldi. Meva va yongʻoq, kofe, choy va shirinliklar, kimyoviy va shtapel tola, qora metallar va ulardan yasalgan buyumlar, mashina va asbob-uskunalar (uchish apparatlari qismlari), temir yoʻl transporti xizmati, doridarmon import qilindi, Oʻzbekiston Respublikasida gurj sarmoyasi ishtirokidagi 7 korxona bor. „Real-KL“ qoʻshma korxonasi chetdan mol keltirish, savdo-vositachilik faoliyati bilan shugʻullanadi. „Argotur“ shoʻʼba korxonasi 100 % xorijiy sarmoya bilan ishlaydi va asosiy faoliyat turi savdo-vositachilik, aviatsiya biletlarini bronlash va sotishdir.

Oʻzbekiston Respublikasida Gruziyaning „Airzena“ kompaniyasi (Gruziya havo yoʻllari), „Trans-Georgia and Company Limited“, „Uzbek-Georgian Trans“ firmalarining vakolatxonalari mavjud. Bu kompaniya va firmalar yoʻlovchi va turli yuklar tashish bilan shugʻullanadi.

Gruziya portlari orqali Oʻzbekiston yuklarini xorijga tashish rivojlanmoqda. 1996-yilda shu yoʻl orqali 100 ming tonna, 1997-yilda 285 ming tonna yuk tashildi. Gruziya orqali oʻtadigan Yevropa — Osiyo transport yoʻlagi — Traseka loyihasida Oʻzbekiston ham ishtirok etgan.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil