Kontent qismiga oʻtish

Hamadon

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Hamadon — Eronning gʻarbiy qismidagi shahar. Hamadon ostonining maʼmuriy markazi. Aholisi 483,8 ming kishi (2004). Avtomobil yoʻllari chorrahasi. Mamlakat gʻarbiy qismining muhim savdo markazi. Oziq-ovqat, yogʻochsozlik, toʻqimachilik sanoati korxonalari mavjud. Hunarmandchilikda gilam va matolar toʻqiladi, mis va teridan turli buyumlar tayyorlanadi. Universitet bor.

Shahar miloddan avvalgi XI asrdan maʼlum. Hamadon nomi dastlab Ossuriya mixxatlarida Amatana, qadimgi fors tilida Hagmatana, yunon tilida Agbatana yoki Ekbatana shaklida uchraydi. Miloddan avvalgi VII-VI asrlarda Midiya poytaxti, miloddan avvalgi 550-549-yillardan keyin Axomaniylarning yozgi qarorgohi. Salavkiylar, parfiyaliklar va sosoniylar davrida Mesopotamiyadan Sharqning boshqa mamlakatlariga oʻtuvchi savdo yoʻlining muhim markazlaridan biri. VII asrdan Arab xalifaligi tarkibida. XI asrda shaharni oʻgʻuzlar egalladilar. 1118-1194-yillarda Gʻarbiy Erondagi Saljuqiylarga tobe boʻlgan Iroq sultonligining poytaxti. 1220-yilda Hamadonni moʻgʻullar bosib olib, vayron qilganlar. XVI-XVIII asrda Safaviylar davlati tarkibida. Eron-Turkiya urushlari davrida (XVI-XVIII asrlar) bir necha bor turklar qoʻl ostiga oʻtgan[1].