Jomiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Jomiy (taxallusi; asl ism-sharifi Nuriddin Abdurahmon ibn Ahmad) (1414.7.11, Jom - 1492.8.11, Hirot) — fors-tojik shoiri, naqshbandiylik tariqatining yirik vakili. J.ning otabobolari asli Dashtdan boʻlib, Jomda, keyinchalik Hirotda hayot kechirishgan. J. Madrasa yoshidan ancha erta Hirotdagi "Dilkash" (Navoiy maʼlumotiga koʻra, "Nizomiya") madrasasiga kirib, oʻz davrining taniqli til, adabiyot olimlari va mudarrislari qoʻlida tahsil olgan. Shu davrdayoq u arab tilini mukammal oʻrgana boshlagan. Keyinroq J. oʻz bilimini oshirish uchun Samarqandga keladi va Ulugʻbek madrasasida buyuk falakiyotshunos Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi, fiqhshunos Fazlulloh Abullays qabilardan taʼlim oladi. Bu yillarda u til va adabiyotnigina emas, riyoziyot, falakiyot, falsafa, huquqshunoslik fanlari, din asoslari, hadis va tafsir ilmlarini ham chuqur oʻrganadi, olimlarning turli mavzulardagi munozara va mubohasalarida qatnashib, yetuk olimligi bilan tanila boshlaydi. J. Hirotga qaytgach, tasavvuf yoʻliga kirishni, oʻz bilim va faoliyatini shu yoʻlga, qolaversa, ijodga, ilm-fanga bagʻishlashni afzal koʻradi. U oʻziga pir qilib Shayx Saʼdiddin Koshgʻariy (vafoti — 1456)ni tanlaydi, Hirotning jome masjidida uning suhbatlarini tinglaydi. Saʼdiddin Koshgʻariy tasavvufda Muhammad Naqshband sulukiga mansub edi. J. mashhur sufiylar bilan yaqindan muloqotda boʻladi. Muhyiddin ibn al-Arabiyning asarlarini chuqur mutolaa qiladi. Oʻzining mutasavviflik faoliyatida Bahouddin Naqshband gʻoyalarini shu sulukning ikkinchi bir yirik namoyandasi — Xoʻja Ahror bilan yaqin munosabatda boʻlgan holda yanada rivojlantirdi. Rasman oʻzini kundalik "Malomatiya" tariqatiga mansub deb xisoblasada, asarlarida Naqshbandga ixlosi baland boʻlgan. J. Xurosonda temuriylardan Shohrux, Abulqosim Bobur, Abu Said va Husayn Boyqaro podshoxligi davrida yashadi. Xurosonda Hirot taxtiga temuriy Sulton Husayn Boyqaro oʻtirgandan soʻng J.ning mamlakatdagi mavqei juda ortadi, chunki Sulton Husayn va uning koʻp avlodlari oʻzlarini unga murid, deb eʼlon qilganlar.

J. 1472 y. xajga boradi. Bu safari vaqtida Nishopur, Sabzavor, Bastom, Domgʻon, Qazvin, Hamadon, Karbalo, Bagʻdod, Damashq, Halab, Tabriz kabi bir qancha shaharlarda boʻladi. Uning shaxsiy maktublaridan maʼlum boʻlishicha, yaqin doʻsti Xoʻja Axror taklifi bilan Toshkentda ham boʻlgan va ulugʻ mozoratlarni ziyorat qilgan.

J. katta yer-mulk egasi boʻlgan. J. Alisher Navoiy bilan birinchi marta Abu Said xukmronligi davrida Xiyobon mavzesida hamma qatori koʻrishgan. Shunda J. unga oʻzining bir risolasini taqdim qilgan. 1476—77 y.larda Navoiy ham J.ni oʻziga pir, deb taniydi. Garchi J.ning Navoiydan yoshi ancha ulugʻ, rasman pir hisoblansa ham, mohiyatan ular chin doʻst va hamkor boʻlganlar. J. oʻzining ("Nafaxotuluns", "Bahoriston" va b.) bir qancha asarlarida Navoiyni, Navoiy ham oʻz asarlari ("Hamsat ul-mutahayyirin", "Majolis un-nafois" va b.)da J.ni hurmat bilan tilga oladi. J. "Nafahot ul-uns" ("Azizlar nafasi"), "Risolai musiqi" ("Musiqa risolasi"), "Risolai muammo" ("Muammo risolasi") kabi oʻndan ortiq asarini Navoiy maslahati bilan yozgan. J. vafotidan sal burun lirik sheʼrlarini 3 devonga boʻlib, ularga "Fotixat ush-shabob" ("Yoshlikning boshlanishi"), "Vositat ul-ikd" ("Oʻrtadagi dur") va "Xotimat ul-xayot" ("Hayot xotimasi", 1479—91) deb nom berar ekan, bunda Navoiy maslahatini eʼtiborga olgan edi. Navoiy va J.ning doʻstligi adabiy hamkorlik bilan chegaralanmagan. Navoiy Husayn Boyqaro saroyida bosh vazir boʻlib turar ekan, oʻz siyosiy va ijtimoiy faoliyatida J.dan maslaxatlar olib turgan. Maye, Sulton Husayn Qunduz viloyatiga qarshi yurishga otlanmoqchi boʻlganda, J. Navoiydan podshohni bu safardan qaytarishni iltimos qilgan. Saroydagi fitna va fujurlar Navoiyning joniga tegib, u oʻz vazifasidan ketmoqchi boʻlganda J. uni bunday qarordan voz kechtirgan. Chunki Navoiydek xalqparvar arbob saroydan ketsa, xalq va mamlakat ahvoli yanada ogʻirlashishini u yaxshi tushunar edi.

J. oʻz asarlarini fors-tojik tilida yozgan, arab tilini ham yaxshi bilgan. Xorazmlik tilshunos Ibn al-Hojibning arab tili nahv (sintaksis)i haqidagi "Al-Kofiya" darsligiga 1492 y.da gʻoyat yaxshi sharh bitgan. Bu kitob Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlarida soʻnggi vaqtlargacha maktab va madrasalarda arab tilidan qoʻllanma boʻlib keldi. Navoiy bergan maʼlumotga koʻra, J. turkiy tilni yaxshi bilgan.

J.dan ulkan va rangbarang adabiy hamda ilmiy meros qolgan. Baʼzi olimlar J. asarlarining umumiy soni 100 ga yaqin deb taxmin qiladilar. Navoiy "Hamsat ul-mutahayyirin"da uning 38 asarini nomma-nom sanab koʻrsatadi. J. asarlari falsafa, tasavvuf, tilshunoslik, adabiyotshunoslik, sanʼat sohalariga hamda nazm va nasrning har xil janrlariga oid. J.ning ijodiy faoliyati koʻp qirrali boʻlsa ham u Sharq xalqlari madaniyati tarixida koʻproq genial shoir va mutafakkir — olim sifatida tanilgan. Bu jihatdan uning epik va lirik merosi gʻoyat diqqatga sazovordir. Sunggi asr adabiyotshunoslari haqli ravishda uni fors-tojik adabiyotining ilk taraqqiyot davrdagi (10—15- a.lar) buyuk mutafakkir-ijodkor deb ataydilar. J. asarlarining bir qismi liniy va falsafiy mazmunga ega bulib, ularda shoir islom dini va shark. falsafasining bir qator masalalarini uz qarashicha talqin etadi, tasavvufning 15-a.dagi yirik arbobi sifatida uz fikr-muloxazalarini bayon etadi. Bunga uning "Naqshi fusus" ("Maʼnolar naqshi"), "Shavohidi nubuvva" ("Paygʻambarlikka dalillar"), "Sharhi qasidayi "Toiya" ("Radifda "to" harfidan foydalanib yozilgan qasida sharhi"), "Naqdi nusus" ("Matnni tanqid"), "Sharhi qasidayi "Hamriya" ("Hamriya" qasidasi sharhi"), "Naqshbandiya taʼlimoti haqida risola", "Vohid" atamasi haqida risola", "Zikr" shartlari haqida risola", "Haj qilish yoʻllari haqida risola" kabi bir qancha asarlarini shu guruhga kiritish mumkin. J. falsafasining asosini tasavvufiy gʻoyalar tashkil etadi. Uning tasavvurida Xudo jonli mavjudot boʻlmay, yorugʻ nur koʻrinishiga ega. Hamma narsani yaratgan yagona Xudo goʻzal maʼshuqaga oʻxshagan boʻlib, minglarcha oynada turli qiyofada va koʻrinishda namoyon boʻladi. U yunon faylasufi Yaloximnning jilolanish ("emanatsiya") falsafasini davom ettiradi va yanada rivojlantiradi. Uning fikricha, dunyodagi hamma narsalar kelib chiqishi va mohiyati eʼtibori bilan ilohiydir.

J.ning "Lujjat ul-asror" ("Sirlar dengizi", 1475), "Ashiat ul-lamoat" ("Yiltillagan nur", 1476) diniy-falsafiy qasidasi Ibn Sinota bagʻishlangan. Dostonlarida xalq ommasining eng yaxshi orzu-umidlarini kuylagan. 7 dostondan iborat "Haft avrang" ("Yetti taxt" yoki "Katta ayiq", 1480—87)dagi "Silsilat uz-zahab" ("Oltin zanjir, 1472), "Tuhfat ul-ahror" ("Nuroniylar tuhfasi", 1481—82), "Sibhat ul-abror" ("Taqvodorlar tasbehi", 1482— 83) dostonlarida yuksak xulq-atvor mezonlarini targʻib qilgan, kishilarni maʼrifatga, yurtparvarlikka, toʻgʻrilik, insof va iymonga chaqirgan. "Yusuf va Zulayho" (1483), "Layli va Majnun" (1484), "Salomon va Absol" (1479—80) dostonlari ishqiy mavzuda. "Xiradnomai Iskandariy" dostoni (1485) Nizomiyning "Iskandarnoma"-siga taqlidan yozilgan. 18- a. oxiri va 19- a.ning boshlarida Muhammad Rizo Ogahiy J.ning "Yusuf va Zulayho"sini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.

Adabiyotshunos va tilshunos olim sifatida ham J. xizmati ulkandir. U oʻzining "Bahoriston" tazkirasida fors-tojik adabiyotining bir qancha namoyandalari va Navoiy haqida qimmatli maʼlumotlar beradi. Uning "Risolai aruz" asari aruz haqidagi eng mukammal qoʻllanmalardan biridir. J. "Nafaxrt ul-uns" asarini yozish bilan tasavvuf tarixini oʻrganishga katta hissa qoʻshdi. Unda 616 mutasavvif hayoti va faoliyati haqida maʼlumot berilgan boʻlib, ulardan 34 nafari ayollardir. Ushbu asarni Navoiy maʼlum bir toʻldirishlar bilan oʻzbek tiliga tarjima qilgan. J. faqat mashhur sufiylar haqida maʼlumot berish bilan cheklanmay, qator shoir va adiblarning hayoti va ijodiga ham toʻxtaladi. Navoiy bu asarni oʻzbek tiliga "Nasoim ul-muhabbat" ("Muhabbat shabadalari") nomi bilan tarjima qilar ekan, uni oʻzbek shoirlari va adiblari haqidagi maʼlumotlar bilan toʻldiradi. J. muammo xaqida 4 risola ("Risolai muammoyi kabir", "Risolai muammoyi mutavassit", "Risolai muammoyi sagʻir", "Risolai muammoyi manzum"), ruboiylar sharhi, kofiya qaqida 2 risola yozgan, mashhur qasidalarning bir qanchalariga alohida-alohida sharhlar bitgan.

J. musiqa sohasida ham katta obroʻga ega boʻlib, "Naqshi Mulla" ("Naqshi Imoma") asari muallifidir. Sharq musiqa ilmi tarixida J.ning "Risolai musiqi"si ham alohida oʻrin tutadi. Risola kirish, ikki yirik qism — "ilmi taʼlif" va "ilmi iyqoʼ" hamda xotimadan tashkil topgan boʻlib, ular oʻz ichiga 23 faslni qamrab olgan. J. oʻzining musiqiy nazariy va musiqiyestetik qarashlarida Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Safiuddin Urmaviy va Abdulqodir Marogʻiylarning mumtoz anʼanalarini davom ettirgan. Asosiy diqqatini oʻsha davr amaliyoti bilan bogʻliq boʻlgan parda (lad) tizimlari (jins, jam, "Oʻn ikki maqom", shoʻʼba va b.) hamda usul (ritm) masalalariga qaratgan. J.ning musiqaviy tafakkuri adabiy-badiiy ijodida ham oʻz ifodasini topgan.

Asarlari oʻzbek tiliga tarjima qilinib, bir necha marta nashr etilgan. "Qofiya sharhi risolasi", "Sharhi Mullo" (yoki "Mullo Jomiy") Markaziy Osiyo va Idil (Volga) boʻyi ta-tarlari madrasalarida arab tili grammatikasidan darslik sifatida uqitilgan. Oʻzbekiston va Tojikistonning bir qancha jamoa xoʻjaliklari, koʻchalar, maktablar J. nomi bilan ataladi. Samarqand sh.da Navoiy bilan J. haykali oʻrnatilgan (1970).

Manbalar[tahrir]

  • Tanlangan asarlar, T., 1970; Iskandar xiradnomasi. T., 1978; Yusuf va Zulayho, T., 1983; Risolai musiqi, T., 1997.

Adabiyot[tahrir]

  • Shomutsamedov Sh. M., Forstojik adabiyoti klassiklari, T., 1963; Hayitmetov A., Abdurahmon Jomiy, T., 1989.

Abduqodir Hayitmetov, Shoislom Shomuhamedov.[1]


Cite error: <ref> tags exist, but no <references/> tag was found