Bagʻdod

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Bagʻdod

Bagʻdod — Iroqning poytaxti (1921); Bagʻdod muhofazasining maʼmuriy markazi. Dajla daryosining har ikki sohilida; Markaziy va Janubiy Osiyo hamda Oʻrta dengiz mamlakatlarini birlashtirib turuvchi yoʻllar chorrahasida. Mamlakatning eng katta shahri. Aholisi 4 mln. kishi (1990). Bagʻdodda arablar (aksariyat), kurd, arman, turk, yahudiy va forslar yashaydi. Iqlimi Oʻrta dengiz iqlimi; yanvarning oʻrtacha temperaturasi 10°, iyulniki 34°, yiliga oʻrtacha 163 mm yogʻin yogʻadi. Bagʻdodni 762 yil xalifa Mansur (754 — 775) Madinat as-Salom (Tinchlik shahri) nomi bilan bino qilib, Abbosiylar xalifaligi poytaxtiga aylantirgan. Bagʻdod etimologiyasi toʻgʻrisida bir necha rivoyatlar boʻlib, shulardan eng koʻp tarqalgani: Bogʻi Dod (Dodning bogʻi) va But (sanam) tuhfasi. 9-asrda Bagʻdod xunarmandchilik, savdo va oʻrta asr Sharq madaniyatining markazi boʻlgan. B.ni eronlik buvayhiylar (945), sal-juqiylar sultoni Toʻgʻrulbek (1055) va moʻgʻul xoni Hulokuxon (1258) bosib olgan. 1393 va 1403-yillarda Amir Temur saltanati tarkibiga kirgan. 1410 — 1508-yillarda Bagʻdod Qora qoʻyunli va Oq qoʻyunli koʻchmanchi turkman xonlari qoʻl ostida boʻldi. 1508-yilda Eron sa-faviylari egʻallagan, 1534-yil esa Usmonli turklar davlatiga qoʻshib olindi. 1623-yilda Bagʻdodni Eron shohi Abbos I boʻysundirgan. 1638 — 1917-yillarda Usmonli turklar tasarrufida boʻldi. 18-asrda B. Osiyodagi yirik savdo markazlaridai biriga aylandi. Birinchi jahon urushi davrida Bagʻdodni Angliya qoʻshinlari bosib oldi (1917-yil mart), 1920- 21 yillarda Angliyaning mandatli hududi tarkibida. 1921-58 yillar Iroq qirolligining, 1958-yildan Iroq Respublikasining poytaxti.

Bagʻdod — mamlakatning transportsanoat, savdo-moliya markazi. Bagʻdod, avtomobil va havo yoʻllarining tuguni. Xalqaro ahamiyatga ega aeroport bor. Yirik daryo porti (chetga don. xurmo, jup, teri va boshqa chiqariladi). Mamlakatdagi sanoat korxonalari (asosan toʻqimachilik, koʻnchilik, tikuvchilik va oziq-ovqat)ning 25 %i Bagʻdod Metallsozlik, kimyo, sement sanoati, elektrotexnika zavodi bor. Hunarmandchilikda roʻzgʻor asboblari, zargarlik buyumlari, gilam, poyabzal kabi mahsulotlar ishlab chiqariladi. B. yaqini (Dora)da neftni qayta ishlovchi yirik zavod bor. Shaharda koʻplab zamonaviy binolar qurilgan. Shaharning chap sohildagi qismida maʼmuriy muassasalar, parlament, xukumat binolari, oʻng sohilida ishlab chiqarish korxonalari va ustaxonalar joylashgan. Dajlaga bir necha yirik koʻprik qurilgan. Meʼmoriy yodgorliklardan Zubayda maqbarasi (13-asr), Xon Marjon karvonsaroyi (1358 — 59), Abbosiylar saroyi (12 −13-asrlar), Oltin masjid (16-asr) va boshqa saqlangan.

Bagʻdodda universitetlar, Fanlar akademiyasi, Nafis sanʼat instituti (1936), yuridik, savdo, tibbiyot, oʻqituvchilar kollejlari, koʻplab muzeylar, jumladan Iroq muzeyi, Arab osori atiqa muzeyi, ku-tubxonalar bor.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil