Daqiqiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Daqiqiy (asl ismi Abu Mansur Muhammad ibn Ahmad) (956, Balx — 980, Buxoro) — fors-tojik shoiri. D. yoshligida oʻqish uchun Buxoroga kelgan va umrining oxirigacha shu yerda yashab qolgan. D. somoniy amirlaridan Mansur ibn Nuh (961—76 y.lar hukmronlik qilgan) hamda Abulqosim Nuh ibn Mansur (976—997 y.lar hukmronlik qilgan) saroyida xizmat qilgan. D. sharq adabiyotida mavjud lirikaning barcha janrlarida sheʼrlar yozgan. Eski manbalarda uning qasida, gʻazal, ruboiy, qitʼa, bahoriyot, chiston singari janrlardagi asarlardan tarkib topgan devoni borligi taʼkidlangan. Lekin hanuzgacha shoirning qoʻlyozmasi topilmagan. Shoir merosidan ayrim namunalar tazkira va lugʻatlardagina saqlanib qolgan. D. qasidagoʻylik va gʻazalnavislikda ustod sanʼatkor darajasiga koʻtarilgan. U oʻz sheʼrlarida doʻstlikni, muhabbatni, maʼrifatni kuylagan; qasidalarida donishmand, odil podsho boshchiligidagi markazlashgan davlat uchun kurash gʻoyasini ifodalagan. Bundan tashqari D. Abulqosim Nuh ibn Mansur Somoniy top-shirigʻi bilan qadimgi ajdodlar tarixi haqida "Shohnoma" yozishga kirishadi. Ammo 1000 baytdan iborat "Arjasp va Gushtasp" dostonini yozib tugatgan paytida oʻz gʻulomi tomonidan oʻldiriladi. Keyinchalik Firdavsiy bu dostonni oʻz "Shohnoma"siga kiritgan. Asarda Zaratushtraning paydo boʻlishi, Gushtasp va b. ayonlar uning dinini qabul qilishlari, Turon podshohi Arjaspning bu voqeadan noroziligi hamda Gushtasp bilan Arjasp oʻrtasidagi urush hikoya qilingan. Mazkur jangnoma Eron va Turon xalqlari tarixini, jumladan, zardushtiylik dinining paydo boʻlishini oʻrganishda muhim manba hisoblanadi.

Adabiyot[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Bertels Ye. D., Istoriya persidskotadjikskoy literaturi, M., 1960.

Hamidjon Homidiy.