Hadis

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Hadis (arabcha: xabar, gap, yangilik) — Muhammad alayhissalom aytgan soʻzlari, qilgan ishlari, iqrorlari toʻgʻrisidagi rivoyat. Islom dinida Qurʼondan keyin 2-manba hisoblanadi. Hadis 2 qismdan iborat boʻladi: matn va isnod. Hadis 2 turga — hadisi qudsiy (maʼnosi Alloh taoloniki, aytilishi rasululloh tomonidan boʻlgan hadislar) va hadisi nabaviyga boʻlinadi. Hadislar eʼti-borga olinishi jihatidan 3 qismga boʻlinadi: 1) sahih (ishonchli); 2) hasan (yaxshi); 3) zaif.

Qurʼonda barcha huquqiy va axloqiy masalalar umumiy tarzda bayon etilgan. Ularga aniqlik kiritish va izohlash uchun Muhammad (alayhissalom) oʻz hadislarini aytardi. Bu hadislarni paygʻambarlarning safdoshlari yodda saqlashga harakat qilgan. Payg'ambar Muhammad (alayhissalom) vafotidan soʻng hadislarni naql qilish odat tusiga kirdi. Shu munosabat bilan bir guruh musulmonlar uni yozma shaklda toʻplay boshladilar. Birinchi hadis kitobini Ibn Shihob az-Zuhriy yozgan. Undan keyin birin-ketin hadis toʻplamlari tasnif etila boshladi. Lekin bu toʻplamlar muayyan tartibga solinmagan, boblarga ajratilmagan boʻlib, ularda paygʻambar hadislari bilan sahobalar va tobeʼinlarning fatvolari chalkashtirib yuborilgan edi.

Hijriy lll asrda hadis taʼlif etish sohasida „musnad“, „sahih“, „sunan“ deb atalmish turli yoʻnalishlar vujudga keldi. „Musnad“ yoʻnalishida tas-nif etilgan toʻplamlarda turli mavzudagi hadislar bir joyda keltirilib, ular hadis rivoyat qiluvchi sahobalarning islom dinini qabul qilgan vaqtiga koʻra yoki alifbo tartibida joylashtirilgan. Abu Hanifa, Ahmad ibn Hanbalgʻging hadis kitoblari shu yoʻnalishga mansub. „Sahih“ yoʻnalishiga tugʻri, ishonarli hadislar kiritilgan. Bu yoʻnalishga Imom Buxoriy asos solgan. „Sunan“ yoʻnalishidagi toʻplamga esa, toʻgʻri, ishonarli hadislar bilan bir qatorda „zaif“ hadislar ham kiritilgan. Abu Dovud, Abu Iso atTermiziy, Nasoiy, Ibn Moja toʻplamlari shu yoʻnalishta mansubdir.

Movarounnahrda birinchi boʻlib Imom Abdulloh ibn Muborak al-Marvaziy hadis toʻplamini taʼlif etgan. Bundan tashqari Ahmad ibn Hanbal al-Marvaziy, Ishoq ibn Rohavayh alMarvaziy, Haysam ibn Kulayb ashShoshiy, Abu Bakr Ahmad ibn Muhammad al-Barakotiy, Ibrohim ibn Maʼqul anNasafiy va boshqalar hadis toʻplamlarini tasnif etishgan. Keyinchalik, milliy-siyosiy ixti-loflar natijasida, paygʻambar nomidan yolgʻon hadislar toʻqish, fiqh va kalom ilmi sohasidagi ziddiyatlar, amir va hokimlarga xushomadgoʻylik oqibatida koʻplab ishonarsiz, toʻqima hadislar yuzaga kelgan.

Davr oʻtishi bilan hadislar tanlanib, muhim deb hisoblanganlari bir tizimga solina boshladi. IX— X asr boshlarida dindorlar orasida eng ishonchli deb tanilgan hadisning 6 ta toʻplami vujudga kelgan. Bular: „Sahihi Buxoriy“, „Sahihi Muslim“ (q. Muslim ibn Hajjoj), „Sahihi Termiziy“, „Sunani Abi Dovud“, „Su-nani Ibn Moja“, „Sunani Nasoiy“. „Sahihi Buxoriy“ koʻproq eʼzozlanadi. Bu 6 ta hadis toʻplamini tuzgan muhaddislardan 2 tasi movarounnahrlik, 4 tasi esa xurosonlik boʻlgan. Hadislar toʻplami sunna deb nom olgan. Hadislarni yigʻuvchi, sharhlovchi, targʻib etuvchi shaxslar muhaddis deb atalgan.

Islomni qabul qilgan xalqlar madaniy va gʻoyaviy merosining koʻp unsurlari islomga hadis shaklida oʻtgan. Hadis yigʻish oʻrta asr musulmon madaniyatining muhim xususiyati boʻlib, bilim izlashning asosiy mazmuni hisoblangan. Hadis har qanday ilmiy asarni asoslashning muhim qismi boʻlgan; undan hikmatli soʻz va matal sifatida ham foydalanilgan. Imom Buxoriyning „Sahihi Buxoriy“ asari islom olami oliy oʻquv yurtlarining shariat f-tlarida asosiy oʻquv qoʻllanmasi sifatida xizmat qilib kelmoqda. Imom Buxoriyning „Sahihi Buxoriy“ hadislar toʻplami 4 jildda (1-jild — 1991, 2-jild — 1996, 3-jild — 1994, 4-jild −1992), 2-nashri esa 1997-yilda Toshkentda nashr etildi. Abu Iso Muham-mad Termiziyning „Sahihi Termiziy“ hadislar toʻplami 1-jildining oʻzbekcha tarjimasi 1999-yil Toshkentdachop etildi. Bulardan tashqari „Ming bir hadis“ tarjimasi, „Qudsiy hadislar“ tarjimasi ham nashr etildi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]