Layli va Majnun

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Nizomiy "Xamsa"sidagi "Layli va Majnun" hikoyasini tasvirlovchi miniatura. XVI asr.

Layli va Majnun (arab. مجنون و ليلى (Majnun va Laylo)) arab romantik dostonidir. Voqeiy boʻlmish bu hikoyada Qays ibn al-Mulavvo ismli arab yigitining Layli ismli qiz bilan ishqiy munosabatlari yoritiladi. Oʻgʻlining bu qizga uylanishiga qarshi chiqqan otasining tazyiqlari va ayriliq tufayli Qays aqldan ozib, devona boʻladi ("majnun" va "jinni" soʻzlarining oʻzagi bir).

Layli va Majnun - Yaqin va Oʻrta Sharq xalqlari orasida keng tarqalgan folklor hamda yozma shakldagi adabiy yodgorlik. Dostonning ilk kurtaklari 7-a. 2-yarmida paydo boʻlgan. Ayrim manbalarning maʼlumotiga koʻra, doston qahramonlari tarixiy shaxslardir. Ularda Majnun Bani Omir qabilasidan chiqqan, asl ismi Qays ibn Mulavvah yoki Qays ibn Muod boʻlgan yigit, deya taʼkidlanadi. Qays Layli ismli oʻz qabiladoshini sevgan hamda oʻz sevgisi va hijron alamlari haqida mungli sheʼrlar bitgan. Bunday maʼlumot, jumladan, ibn Qutaybaning (889) "Kitob ush-sheʼr va shuaro" ("Sheʼr va shoirlar haqida kitob"), Abul Faroj al-Isfahoniyning "Kitob ul-agʻoni" ("Qoʻshiq kitobi") asarlarida keltirilgan. Lekin boshqa manbalar bu maʼlumotlarni inkor etadi. Mas, arab olimi Avon ibn Hakim al-Qalbiy (764) va arab tarixchisi Hishom al-Qalbiy (819) Majnun tarixiy shaxs emas, degan fikrni ilgari suradi. 7-a. 2-yarmidayoq arab sheʼriyatida Majnun taxallusi ostida koʻplab mungli sheʼrlar vujudga keladi, bunday sheʼrlar tobora koʻpayib boradi, toʻplamlarga kiritiladi. Ammo Majnun nomi zikr etilgan sheʼrlarning barchasi ham yolgʻiz bir kishiniki emas. Arab olimlari al-Johiz (9-a.) va ibn al-Muʼtaz (908)ning aytishicha, kishilar Layli nomi bilan bogʻliq barcha sheʼrlarni Majnunga nisbat beraverganlar. 11-a.da shoir Abul Bakr al-Volibiy tomonidan Majnunga nisbat berilgan barcha sheʼrlar toʻplanib, "Devoni Majnun" tuziladi. Devonda sheʼrlarga sharhlar beriladi hamda sheʼrlar Majnun haqidagi rivoyatlarning syujetiga kiritiladi.

Layli va Majnun haqida ilk bor 1188 y.da ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviy doston yaratgan. Nizomiy "L. va M." dostonini ham gʻoyaviy, ham badiiy jihatdan har tomonlama yuksak darajaga koʻtardi va hamsachilik anʼanalari qatoriga qoʻshdi. Undan soʻng "L. va M." dostoniga koʻplab shoirlar murojaat qilishdi. Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Fuzuliy, Alisher Navoiy qalamlariga mansub "L. va M." dostonlari mashhur. Garchi ushbu dostonlar bitta nom bilan atalsa va ulardagi voqealar tizimi bir-biriga juda oʻxshash boʻlsada, har bir muallifning "L. va M."i oʻziga xos va betakror asardir. Hozirgacha mazkur dostonning o'zbek, arab, fors, ozarbayjon, turk, turkman, tojik, gruzin, panjob, kurd, urdu tillaridagi koʻplab variantlari mavjud. "L. va M." dostoni xalq ogʻzaki ijodi ravnaqiga ham beqiyos ijobiy taʼsir koʻrsatgan. Jumladan, oʻzbek xalq ijodiyotining "Tohir va Zuhra", "Oshiq Gʻarib" kabi dostonlariga "L. va M."ning taʼsiri borligi eʼtirof etiladi. [1]

"Layli va Majnun"da ishq[tahrir]

Bu maqola vikilashtirilishi kerak.

nothumb

Iltimos, bu maqolani Vikipediya qoida va yoʻllanmalariga muvofiq tartibga keltiring.

Majnun va Layli komillikda vahdatni-yagona- yaxlitlikni tashkil etadi. Bu esa nihoyatda baland darajadagi ishqning-xos ishqning koʻrinishi boʻlib, unda jismoniylik emas, balki maʼnaviylik yetakchi mavqyeni egallaydi. Bunday yuksak darajadagi xos ishqni tushinmaydiganlar Majnun va Layli ishqi mohiyatini ham tushinmaydilar. Bular qatorida Laylining otasi ham bor, ibn Salomlar ham bor.

Shuning bilan bir qatorda Alisher Navoiy dostonda Majnun va Laylilar ishqi mohiyatini tushunuvchi va ularga yordam qoʻlini choʻzganlar ham borligini Navfal obrazi misolida koʻrsatadi. Chunki:

                           Navfalki Arabda erdi nodir,
                                Tig’iga qadar, o’qig’a qodir.
                                Yaxshiliq ila Arabda mavsum,
                                Oromgahi bu marz ila bum…
                                Navfal dag’i ishq ko’rgan erdi,
                                G’am dashti aro yugurgan erdi.

(MAT, 9-tom, 152—153-betlar).

Shu jihatdan Navfal qizi va uning sevgilisi taqdirining ijobiy hal qilingani tushinarlidir. Ammo Navfal qizi va uning sevgilisining muhabbati Majnun va Laylilar oʻrtasidagi ishq-xavos ishqi darajasiga koʻtarilgan emas. Navfal qizi va sevgilisining oʻzaro ishqi Alisher Navoiy taʼriflagan "avom ishqidurkim, …derlar: «falon falonga oshiq boʻlubdur… va bu qismning (avom ishqining) biyikrak martabasi shar’iy nikohdurkim, bari xaloyiqqa sunnat…» (MAT, 14-tom, 67-bet).

Alisher Navoiy dostonida bu ikki xil ishqning talqinida shoir majoziy ishq martabasiga Majnun va Laylilar ishqi misolida alohida urgʻu beradi, chunki bu martaba komillik martabasi boʻlib, unda «pok koʻzni pok nazar bila pok yuzga solmoqdur va pok koʻngul ul pok yuz oshubidin koʻzgʻolmoq va bu pok mazhar vositasi bila oshiqi pokboz mahbubi haqiqiy jamolidin bahra olmoq»dir (MAT, 14-tom, 68-bet)

Demak, Alisher Navoiy mazkur dostonda hamma sohada poklikka erishgan komil inson haqidagi mulohazalarini Majnun va Layli afsonasi vositasida bayon qiladi:

                           Yozmoqda bu ishqi jovidona, 
                                Maqsudum emas edi fasona.
                                Mazmunig’a bo’ldi ruh mayli,
                                Afsona edi aning tufayli.
                                Lekin chu raqamg’a keldi mazmun,
                                Afsona anga libosi mavzun…
                                Insonga erur kamol matlub,
                                Andin dag’i dardu hol matlub…
                                Yo rab, bu raqamki bo’ldi marqum,
                                Har kim o’qumoqdin etsa ma’lum.
                                Har ne ki o’qur taammul etsa,
                                Degan g’arazim taxayyul etsa.

(MAT, 9-tom, 310—312-betlar). Shunday qilib, Alisher Navoiy «Xamsa»sidagi ikkinchi — «Farhod va Shirin», uchinchi — «Layli va Majnun» dostonlari haqida umumiy yoʻnalish tarzida mulohaza yuritdik. Agar diqqat bilan qaralsa, bu ikki dostonni bir-biriga yaqinlashtiruvchi mushtarak mavzu — komil inson mavzusi bor. Bu mavzu ularni bir-biriga bogʻlabgina qolmaydi, balki mavzuning har bir dostonda oʻziga xos tarzda yoritilishi ularning uslubiy oʻziga xosliklarini namoyon etadi, yaʼni «Farhod va Shirin»da bu mavzu ijtimoiy faollik koʻlamida yoritilsa, «Layli va Majnun»da esa asosan ishq maydonidagi ichki kechinmalar, ruhiy holatlarning chuqur tasviri orqali nihoyatda mahorat bilan tasvirlanadi.

Demak, Alisher Navoiy bu dostonlarda bir mavzuni ikki yoʻnalishda davom ettirib, uning koʻp qirrali ekanini koʻrsatishga, badiiy timsollar, voqyealar, hikoyatlar orqali tasvirlashga katta mahoratini namoyon etgan.

Manbalar[tahrir]

  1. Sanjar Nazarov. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil