Kareliya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kareliya, Kareliya Respublikasi — Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi respublika. Rossiyaning shim.-gʻarbida joylashgan. Mayd. 172,4 ming km2. Aholisi 771,1 ming kishi (1999). 16 tuman, 13 shahar, 44 shaharcha bor. Poytaxti — Petrozavodsk sh.

Davlat tuzumi. K. — respublika. Qonun chiqaruvchi organi — 2 palata (Respublika palatasi va Vakillar palatasi)dan iborat Qonun chiqaruvchi majlis (parlament). Ijroiya xrkimiyatni hukumat amalga oshiradi.

Tabiati. K. hududi aksari pastbaland (eng baland joyi 578 m) tekislikdir. Relyefida muzlik izlari qolgan. K.ning Finlyandiyaga yondosh qismi sertepa. Oq dengiz, Onega va Ladoga koʻllari sohili pasttekislik. Har xil qurilish materiallari (granit, diabaz, marmar va h.k.), pegmatit, slyuda, temir va titan rudasi konlari bor. Iqlimi kontinental va dengiz iqlimi. Qishi yumshoq (fev.da —8° dan —12° gacha), yozi salqin (iyulda 14°—16°) va qisqa, havo namligi nisbatan yuqori. Yillik oʻrtacha yogʻin 400–600 mm. K.da botqoqlik va koʻl (61 ming ta) koʻp; eng yiriklari: Ladoga va Onega koʻllari. Daryolari qisqa, sersuv, serostona, sharshara koʻp. Vodla, Kem, Vig va b. yirik daryolarida yogʻoch oqiziladi. Baʼzi daryolarining quyi qismida kema qatnaydi. K. hududining 18% koʻllar, yarmidan koʻpi oʻrmon, 18% botqoqlik. Tuproqlari, asosan, podzol, botqoq-podzol va botqokli tuproq. K.da oq tovushqon, suv qunduzi, ondatra, qoʻngʻir ayiq, shim. bugʻusi, los, Grenlandiya tyuleni va turli xil baliqlar bor. Kivach, Kostamuksha qoʻriqxonalari, "Paanayarvi" milliy bogʻi mavjud.

Aholisi. Tub joy aholisi karellar; rus, belorus, ukrain, fin, veps va b. ham yashaydi. Aholining 74% shaharlarda istiqomat qiladi. Rasmiy tillari — rus, fin, karel tillari. Dindorlar, asosan, xristianlar. Yirik shaharlari: Petrozavodsk, Kondopoga, Segeja, Kostomuksha va b.

Tarixi. K. hududida odamlar mezolit davridan yashay boshlaganlar. Ular baliq ovlash, ovchilik bilan shugʻullangan. Mil. 1-ming yillik oxirida K. boʻyni va Ladoga koʻlining shim.da karellar, Ladoga va Onega koʻllari oraligʻida vepslar, shim.roqda saamlar yashagan. K.ga mil. 2-ming yillik boshlarida slavyanlar kelib, dehqonchilik, tuz olish ishlari va baliq ovlash bilan shugʻullana boshladi. K. hududi 9-a.dan 12-a. boshlarigacha Qad. Rus davlati, keyinroq Novgorod qoʻl ostida boʻldi.

13-a.da K.ning bir qismi shvedlar tasarrufiga oʻtdi va ular Viborg qalʼasini qurdi. Shim. urush (1700—21)dan keyin bu hudud Rossiyaga qarashli boʻldi. 18-a. boshlarida K.da bir necha metallurgiya zavodlari qurildi va ular Rossiya qoʻshinlarini zambaraklar bilan taʼminlab turdi. 18-a.da dehqonlarning qoʻzgʻolonlari boʻlib oʻtdi, lekin ularni podsho Rossiyasi shavqatsiz bostirdi. Krepostnoy huquq bekor qilingach (1861), sanoat, asosan, taxta tilish zavodlari barpo etildi. 1917 y. noyabr — 1918 y. aprel

da K.da shoʻro hokimiyati oʻrnatildi. 1920 y. 8 iyunda RSFSR tarkibida K. mehnat kommunasi tashkil etildi, 1923 y.da u muxtor respublikaga aylantirildi. 1940 y.dan 1956 y.gacha ittifoqdosh respublika maqomida boʻldi va Karel-Fin shoʻro respublikasi, 1956— 90 y.larda K. muxtor respublikasi deb ataldi. 1991 y. noyabr dan K. Respublikasi.

Xoʻjaligi. K. sanoatida oʻrmon, yogʻochsozlik va sellyuloza-qogʻoz tarmoklari yetakchi oʻrinda. Shu tarmoklarning korxonalarida taxta tilinadi, faner, yigʻma uylar, changʻi, yogʻoch tolali plita, sellyuloza, karton, qogʻoz ishlab chiqariladi. Mashinasozlik va metallsozlikda yogʻoch sudrash traktorlari, sellyuloza-qogʻoz va kimyo sanoati uchun mashina-uskunalar, yogʻochsozlik stanoklari, kemalar, priborlar va b. ishlab chikarish rivojlangan. Rangli metallurgiya Nadvoitsk alyuminiy zavodidan iborat. Qurilish ashyolari va b. mineral xom ashyo negizida konchilik sanoati yuzaga kelgan. Kostomuksha temir ruda konida metall boyitish k-ti barpo etilgan. Oziq-ovqat sanoatida baliq, goʻsht-sut, novvoylik va b. tarmoqlar, yengil sanoatda trikotaj, tikuvchilik va poyabzal tarmoqlari mavjud. Badiiy hunarmandchilik rivojlangan. Energetika xoʻjaligining asosini GESlar va Petrozavodsk issiqlik elektr st-yasi tashkil etadi. Bir yilda oʻrtacha 5 mlrd. kVt-soatga yaqin elektr energiya hosil kilinadi.

Q.x., asosan, sut chorvachiligi, parrandachilik va kartoshka yetishtirish, sabzavotchilikka ixtisoslashgan. Baliqchilik, moʻynabop darrandachilik rivojlangan. T. y. uzunligi 2 ming km dan oshadi, avtomobil yoʻllari uz. 7,5 ming km ga yaqin. Eng muhim suv yoʻllari: Oq dengiz, Onega va Ladoga koʻllari, Oq dengiz — Boltiq kanali. Avtomobil va aviatsiya transportidan ham foydalaniladi. Sayyohlik rivojlangan (Valaam, Kiji va b. orollar).

Tibbiy xizmat. 4 mingdan ortiq vrach, 10 mingdan koʻproq oʻrta tibbiyot xodimi aholiga xizmat koʻrsatadi. Vrachlar Petrozavodsk universitetining tibbiyot fakultetida tayyorlanadi. Marsial suvlari, Sortavala kurorti, koʻpgina sanatoriy va dam olish uylari bor.

Maorifi, madaniy-maʼrifiy va ilmiy muassasalari. K.dagi 336 kunduzgi umumiy taʼlim maktabida 117 ming , 16 oʻrta maxsus oʻquv yurtida 12 ming oʻquvchi, 3 oliy oʻquv yurti (Petrozavodsk universiteti, ped. instituti, konservatoriya)da qariyb 10 ming talaba taʼlim oladi. K.da oʻrmon sanoati i.t. instituti, Shim. baliq xoʻjaligi i. t. inti va b. ilmiy muassasalar, 4 professional teatr, 10 xalq teatri, 7 muzey, jum-ladan, Kiji muzey-qoʻriqxonasi bor. Karel, fin va rus tillarida gaz. hamda jurlar nashr etiladi. Radioeshittirish va telekoʻrsatuvlar yoʻlga qoʻyilgan.

Adabiyoti. Kad. epik qoʻshiklar asosida yaratilgan karel va fin xalklarining eposi — "Kalevala" jahon adabiyoti durdonalaridan hisoblanadi. Yozma adabiyoti 20-a. boshlarida paydo boʻlib rivojlandi. 1934 y. Yozuvchilar uyushmasi tuzildi, 30-y.lar adabiyotida X. Tixli dilogiyasi, E. Parras romani dunyo yuzini koʻrdi, lirik sheʼrlar, ocherk va hikoyalarda oʻlka xalqlarining hayoti aks ettirildi. Rus va fin tillarida adabiy jur.lar chika boshladi. Koʻplab yozuvchilar urush mavzuida asarlar yezdi. Urushdan soʻng K. adabiyotiga yozuvchilarning yosh avlodi kirib keldi. A. Timonen, F. Trofimov va b.ning asarlari nashr etildi. K.da folklorshunoslik, adabiyotshunoslik va tarjimachilik rivojlangan.

Meʼmorligi va tasviriy sanʼati. Oq dengiz, Onega koʻli sohillaridagi qoyalarda neolit davri va jez asriga oid odam, hayvon va ov manzaralari tasvirlari topilgan. K.da oʻrmon koʻpligi yogʻoch meʼmorligining tez rivojlanishiga imkon berdi. Ayniqsa, tomi ikki nishabli chorsi yogʻoch uylar, tomi toʻrt nishabli ibodatxonalar koʻp uchraydi. 17-a. 2-yarmida gumbazli, qubbali binolar kurila boshladi. Binolar K.ning shim.da sodda, bezaksiz, jan. va jan.-gʻarbida sernaqsh, koʻrimli ishlangan. 18-a.da dastlab Petrozavodskda barokko, soʻngra klassitsizm uslubida 8 binoli aylana maydon (meʼmori Ye. S. Nazarov va b.) yaratildi. 20-a. 40—50-y.lar meʼmorligida orderlik elementlari qoʻllandi (mas, Aloqa uyi, Rus musiqali drama teatri — meʼmori S. G. Brodskiy va b.), shuningdek, xalq yogʻoch meʼmorligi asosida Petrozavodskda yozgi kinoteatr qurildi. Keyingi yillarda koʻpgina maʼmuriy, sanoat va jamoat binolari, uy-joylar zamonaviy uslubda barpo etildi.

Professional tasviriy sanʼatning paydo boʻlishida rassom V. N. Popovning qissasi katta. 20-a.ning 2-yarmida koʻpgina manzara asar (S. X. Yuntunen), portret (G. A. Stronk) va natyurmortlar (L. F. Lankinen, M. Sh. Yufa va b.) yaratildi; grafika, kitob bezagi ravnaq topib, milliy linogravyura va ofortlar yuzaga keldi. Xalq sanʼatida yogʻoch oʻymakorligi, butxona, uy peshtoklariga naqsh, mebel va idishlarga nafis gullar solish hamda kashtadoʻzlik alohida oʻrin tutadi.

Musiqa sanʼati xalq anʼanalari asosida va qoʻshni xalqlar musiqasi taʼsirida rivojlanib keldi. K.da kantele (chertib chalinadigan), youxikko, virsikannel (kamonli), shuningdek, qayin poʻstlogʻidan yasalgan choʻpon surnayi kabi xalq sozlari tarqalgan. 19-a.da runa ijrochilaridan A. Pertunen bilan uning oʻgʻli Miyxkali, A. Malinen kabilar shuhrat qozongan. 20-a. 1-yarmida xalq qoʻshiqlari toʻplamlari, professional musiqa madaniyatining dastlabki asarlari nashr etildi. G. R. Sinisalo karel simfoniyasi va milliy baletining , R. S. Pergament milliy komik operasining dastlabki mualliflaridir. K. musiqa teatri, drama teatri, simfonik orkestr, "Kantele" ashula va rake ansambli, filarmoniya, musiqa bilim yurti, musika maktablari mavjud. Kompozitorlardan K. Rautio, S. Leonchik, G. Vavilov, qoʻshiqchilardan S. Rikka, I. Gridchina, 3. Petchenko, dirijer I. Sherman va b. mashhur.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil