Kaluga viloyati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kaluga viloyatiRossiya Federatsiyasidagi viloyat. 1944-yil 5 iyulda tashkil etilgan. Maydon 29,9 ming km2. Aholisi 1081,2 ming kishi (2000), asosan, ruslar. Shaharliklar 70,3%, 24 tumanga boʻlingan, 18 shahar, 14 shaharcha bor. Markazi – Kaluga shahri.

Kaluga viloyati yer yuzasi bir oz past-baland tekislik boʻlib, daryo vodiylari, jarlar oʻyib yuborgan. Iqlimi yozda moʻʼtadil issiq va sernam, qishda moʻʼtadil sovuq. Yanvarning oʻrtacha tempaturasi – 9 dan – 10°gacha, iyulniki 17–18°. Yiliga kariyb 650 mm yogʻin yogʻadi. Yirik daryosi Oka va uning irmoqlari. Tuproqlari chimli oʻrtacha podzollashgan, shimolida oʻrta qumoq, janubi-gʻarbda qumloq va qumli tuproq, markaziy va sharqiy qismlarida och sur tusli oʻrmon tuproqlar. Hududining 40% oʻrmon.

Kaluga viloyati xoʻjaligida mashinasozlik va metallsozlik, yengil, yogʻochsozlik va qurilish materiallari sanoatlari yetakchi oʻrinda. Mashinasozlik korxonalari Kaluga (mashinasozlik, turbina, elektrotexnika va b.), Lyudovinovo (teplovozeozlik), Kirov (quyish-mexanika, choʻyan quyish zavodlari) shaharlarida joylashgan. Kaluga, Kondrovo, Kirov, Suxinichi sh.da tikuvchilik va poyabzal fabrikalari, Borovskda movut fabrikasi, Kaluga va Borovskda trikotaj, toʻquvchilik fabrikalari, zigʻir tola zavodi bor. Yogʻochsozlik sanoatining yetakchi tarmoqlari: Kalugada "Gigant" gugurt-mebel kombinati, Kondrovoda sellyuloza-qogʻoz, fanera zavodlari, uysozlik, mebel va qogʻoz fabrikalari mavjud. Qurilish materiallari sanoatida shisha-oyna, qurilish fayansi, gʻisht va b. ishlab chiqariladi.

Kirovda qurilish fayansi, Kaluga, Maloyaroslavetssa silikat gʻisht zavodlari, Kalugada sut zavodlari, goʻsht kombinati, Suxinichida sabzavot konservasi, kraxmal zavodlari bor. Obninskda Rossiyada birinchi qurilgan AES ishlab turibdi.

Qishloq xoʻjaligi sut chorvachiligi, choʻchqachilik, kartoshkachilik, sabzavotchilik va qisman zigʻirchilikka ixtisoslashgan. Bugʻdoy, javdar, grechixa, arpa, sut va yem-xashak ekinlari ekiladi. Chorvachilikda qoʻy ham boqiladi. Parrandachilik fabrikalari bor. Oka daryosida kema qatnaydi. Kalugada aeroport bor.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil