Irkutsk viloyati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Irkutsk viloyati - Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi viloyat. 1937 yil26 sentabrda tashkil etilgan. Sharqiy Sibirning janubiy qismida. Maydon 767,9 ming km2. Aholisi 2748 ming kishi (2000), asosan, ruslar, shuningdek, ukrainlar, belorus lar, tatarlar, chuvashlar, buryatlar, evenklar, tofalar yashaydi. Viloyat tarkibida UstOʻrda Buryatlari muxtor okrugi bor. I. v. 31 rayonga boʻlingan. 22 shahar, 60 shaharcha mavjud. Markazi – Irkutsk shahri.

Viloyat hududining aksari qismini Oʻrta Sibir yassitogʻligining janubi-sharqiy qismi egallagan. Shimoli-sharqida Shimoliy Baykal va Patom togʻliklari joylashgan. I. v.da kuchli zilzilalar boʻlib turadi. Iqlimi kontinen-tal. Yanvarning oʻrtacha tempaturasi – 15° (Baykal sohilida) dan – 21° (Irkutskda)gacha va – 33° (Bodayboda). Qor qoplami 160–170 kun saqlanib turadi. Iyulning oʻrtacha tempaturasi 17°–19°. Yiliga 400 mm dan 800 mm gacha yogʻin yogʻadi. Vegetatsiya davri 116–127 kun. Shimoliy va togʻlik joylarida toʻngib yotgan yerlar bor. Asosiy daryolari: Angara, Quyi Tunguska, Lena va uning irmoqlari. Tuprogʻi, asosan, podzol tuproq. Hududining 80% oʻrmon. Tilogʻoch, qaragʻay, kedr, qoraqaragʻay, oqqaragʻay oʻsadi.

Oʻrmon, kimyo va neft kimyosi sanoati, energetika, rangli metallurgiya yetakchi oʻrinda. Mebel, tikuvchilik, poyabzal, trikotaj, koʻnchilik, goʻsht-sut, konditer, pivo, spirt va baliq sanoati tarmoqlari bor. Konchilik sanoatining asosiy tarmoklari: oltin (Bodaybo atrofi), slyuda (Mama-Chuya atrofi), talk (Onot koni), temir rudasi (Korshunove kombinati), tuz (Usolye-Sibirskoye), marmarsimon ohaktosh ("Pereval" koni), gips (Zalari koni) qazib olish. Mashinasozlik Irkutsk–Cheremxovo sanoat rayonida boʻlib, kon, neft-kimyo va metallurgiya sanoatlari uchun asbob-uskunalar ishlab chiqaradi. Yogʻoch tayyorlash korxonalari Angara, Ilim va Lenaning oʻrta oqimlarida joylashgan. Baykal va Bratsk sellyuloza zavodlarida kord sellyuloza ishlab chiqariladi. "Baykal" fanera-gugurt kombinati (Usolye-Sibirskoyeda), sement, keramika, gips zavodlari (Angarskda), shisha (Tulunda), yigʻma temir-beton, gʻisht-beton, gʻisht zavodlari, Irkutskdachoy qadoklash fabrikasi, Usolyeda tuz zavodi, Irkutskda yogʻ-moy kombinati mavjud.

Gʻalla (bugʻdoy, grechixa, arpa, suli va boshqalar) yem-xashak ekinlari, kartoshka va sabzavot yetishtiriladi. Chorvachilik sut-goʻsht yetishtirishga ixtisoslashgan. Shimolida bugʻuchilik, moʻynachilik, darrandachilik bilan shugʻullaniladi. Baykal, Angara va Lenada baliq ovlanadi. Asosan, Angara, Lena, Vitim daryolari va Baykal koʻlida kema qatnaydi. I. v.da Baykal Amur temir yoʻl magistralining boshlangʻich punkti (Ust-Kut) joylashgan. 8 oliy oʻquv yurti, 6 teatr, 5 muzey bor.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil