Az-Zafir
Az-Zafir | |
---|---|
Fotimiy xalifaligining imomi | |
Saltanat | 1149 – 1154 |
Oʻtmishdoshi | al-Hofiz |
Davomchisi | Al-Fayz Binasrulloh |
Sulola | Fotimiy |
Otasi | al-Hofiz |
Dini | Hofiziy ismoilligi |
Islom dinining bir boʻlimi Ismoiliylar |
---|
Islom portal |
Abū Manṣūr Ismāʿīl ibn al-Ḥāfiẓ ((arabcha: أبو منصور إسماعيل بن الحافظ); 1133-yil fevral – 1154-yil aprel), taxtga oʻtirgandan soʻng olgan al-Ẓāfir bi-Aʼdāʾ Alloh (الظافر بأعداء الله soʻzma-soʻz 'Xudoning dushmanlari ustidan gʻalaba qozonuvchi') yoki al-Ẓāfir bi-Amr Alloh (الظافر بأمر الله, soʻzma-soʻz 'Allohning amri ila gʻolib boʻlgan')[1] ismlari bilan ham mashhur[2]. U 1149–1154-yillarda Misrda hukmronlik qilgan oʻn ikkinchi fotimiy xalifasi va hofiziy ismoiliylar tariqatining 22-imomi.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Boʻlajak az-Zafir 1133-yil 23-fevralda tugʻilgan[3]. U Fotimiylarning oʻn birinchi imom – xalifasi al-Hofizning (h. 1132–1149) beshinchi oʻgʻli boʻlgan[2]. Uning barcha katta akalari otalaridan oldin vafot etganlari sababli, al-Zafir merosxoʻr etib tayinlangan[2].
Hukmronlik yillari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Salim ibn Masalning vazirlik davri
[tahrir | manbasini tahrirlash]Al-Zafir otasi vafotidan soʻng darhol, 1149-yil 10-oktabrda xalifa deb eʼlon qilingan[2]. Bu vaqtga kelib Fotimiylar sulolasi tanazzulga yuz tutgan[2]. Ismoiliy shialikning rasmiy mazhabi oʻz jozibasini yoʻqotib, tortishuvlar va ajralishlar tufayli zaiflasha boshlangan va Misrda sunniylarning qayta tiklanish jarayoni tobora kuchayib borgan[2]. Fotimiy xalifalari oʻz vazirlari[4] qoʻlida qoʻgʻirchoqqa aylangan edilar, ularning kuchi shu darajada ediki, yilnomachilar koʻpincha ularga sulton qirollik unvoni berilganiligi haqida yozishgan[2]. Al-Zafirning otasi oʻz vazirlarining hokimiyatini cheklashga uringan va hukmronligining soʻnggi oʻn yilida bu lavozimga hech kimni tayinlamagan, aksincha, hukumat ishlari boʻyicha vaqtinchalik amaldorlar sifatida olingan yuqori martabali kotiblar faoliyatiga tayangan[5].
Al-Zafirning taxtga oʻtirishi bilan bu holat yana avvalgi qolipiga qaytadi. 1139–1140-yillardan beri al-Hofizning yetakchi vaziri boʻlib ishlagan Salim ibn Masal az-Zafirning tezda taxtga oʻtirishini taʼminlaydi. Buning evaziga hukmronlik qilishdan koʻra, saroy rohatiga koʻproq qiziqqan voyaga yetmagan xalifa, Ibn Masalni bosh vazirlikka toʻliq vakolat bilan tayinlaydi[1].
Qohira koʻchalarida tartbsizlik keltirib chiqara boshlayotgan turklar va qora afrikaliklarning raqib harbiy guruhlarini tinchlantirish uchun ehson tarqatiladi va ularga gʻamxoʻrlik qilish vaʼdasi beriladi. Noyabr oyida Ibn Masal fraksiya rahbarlarini qatl qilganidan soʻng vaziyati oʻz nazorati ostiga oladi[2].
Iskandariya gubernatori Ibn as-Sallar va Ibn Masal oʻrtasida 40 va 50 lavozimda kun[3] davomida kim vazir boʻlishi haqidagi murosasiz janglar kechadi. Ibn Masal bu lavozimga tayinlangach, uning oʻgay oʻgʻli Abbos ibn Abu al-Futuh va Ibn as-Sallar vazirni qoʻlga olish uchun Qohiraga yurish qilishadi. Az-Zafir Ibn Sallarning niyatidan xabar topgach, Ibn Masalni qoʻllab-quvvatlash uchun oʻz davrining ulugʻlaridan yordam soʻraydi, lekin ular unga yordam berishni xohlamaydilar[6]. Oxir-oqibat xalifa Ibn Masalga raqibi Ibn as-Sallorga qarshi harakat qilish uchun qoʻshin toʻplashiga mablagʻ ajratadi. Ibn Masal Lavata berberlari, qora afrikaliklar, badaviy arablar va tubjoy misrliklardan iborat qoʻshinni toʻplaydi. Garchi avvaliga koʻplab muvaffaqiyatga erishganiga qaramay, 1149-yil dekabrda Qohiradan Quyi Misrga koʻproq askarlarni yollash uchun ketishga majbur boʻladi. Bu vaqtda Ibn as-Sallar shaharni egallab oladi[2].
Ibn as-Sallarning vazirlik davri
[tahrir | manbasini tahrirlash]Al-Zafir yangi vaziyatga moslashmaydi va Ibn as-Sallarni oʻldirish uchun uning raqiblari bilan til biriktiradi. Bunga javoban 1150-yil yanvarda Ibn as-Sallar oliy mansabdor shaxslar va amaldorlarning oʻgʻillaridan iborat boʻlgan elita kursantlar korpusi boʻlgan xalifa gvardiyasini (sibyan al-xass) toʻplaydi va ularning koʻpini qatl ettiradi, qolganlarini esa imperiya chegaralariga surgun qiladi[2]. Shundan soʻng u davlat idoralarining bosh noziri (nazir fi'l-davavin) Abul-Karam Muhammad ibn Maʼsum at-Tinnisiyni qatl ettiradi[3]. Qohirani qoʻlga kiritgandan soʻng, uning oʻgay oʻgʻli Abbos boshchiligidagi qoʻshin Taloʼi ibn Ruzzik bilan birga Ibn Masal va uning ittifoqchisi Badr ibn Rofiyga qarshilik qilish uchun yuboriladi. Ikki qoʻshin 1150-yil 19-fevralda Bahnasa viloyatidagi Dalasda boʻlib oʻtgan jangda toʻqnash keladi. Jang yakunida Ibn Masal magʻlubiyatga uchraydi va oʻldiriladi. Abbos gʻalaba belgisi sifatida kesilgan boshni Qohiraga olib boradi[2].
Xalifa va vazir oʻrtasidagi munosabatlar nihoyatda dushmanlik kayfiyatida boʻlib qoladi. Usoma ibn Munqidning soʻzlariga koʻra, ikkalasi bir-birini mensimagan, xalifa Ibn as-Sallorni oʻldirishga harakat qilgan, ikkinchisi esa xalifani taxtdan agʻdarish niyatida boʻlgan. Ikkala odamning oʻzaro nafratini faqat Quddus Qirolligining salib yurishlari tufayli imperiya duch kelgan jiddiy tashqi tahdidlar cheklab turgan[6]. Ibn as-Sallar vazirlik davrida Levantning salibchilar knyazliklari bilan urush yuzaga kelgan. 1150-yil oktyabr/noyabr oylarida salibchilar Oʻrta yer dengizidagi al-Farama port shahrini talon-taroj qilgandan soʻng, Ibn as-Sallar keng koʻlamli dengiz ekspeditsiyasini uyushtirgan. U Levant qirgʻoqlariga bostirib kirgan, Yaffa, Akko, Bayrut va Tripoli portlariga hujum qilgan[2]. Bosqin, garchi muvaffaqiyatli tarzda amalga oshirilgan boʻlsa ham, gʻalaba davomiy boʻlmagan, chunki Fotimiylar uni davom ettira olishmagan[6]. Shuningdek, bu hujum qiymati 300 000 tilla dinorga teng boʻlgan juda katta mablagʻning sarflanishiga sabab boʻlgan. Shuning uchun gʻazna Qohirada kiyim-kechaklarni tekin tarqatish singari doimiy xarajatlarni kamaytirishga majbur boʻlgan[2]. Shuningdek, Suriya musulmon hukmdorlari Halablik Nuriddin Zangi va Damashqdagi Mujiriddin Abaqdan hech qanday yordam kelmaydi[2]. 1153-yil boshida salibchilar Fatimiylarning Ashkelon postiga hujum qilishadi[6].
1153-yil mart oyida Ibn as-Sallar oʻgay oʻgʻli Abbos va Usoma ibn Munqid qoʻl ostida shaharga qoʻshimcha kuchlar yuboradi. Tarixchi al-Maqriziyning yozishicha, bu missiyadan Abbos norozi boʻlgan, u oʻz vaqtini Qohira lazzatlaridan bahramand boʻlishda davom ettirishni istagan. Usomaning shuhratparastligi, agar xohlasa, Misr sultoni boʻlishi mumkinligini taxmin qilgan Abbos oʻgay otasini oʻldirishga harakat qilgan[6]. Bu fitna xalifa bilan kelishuv asosida tuzilgan[4]. Abbos xalifaning sevimli oʻgʻli Nasrni goʻyo urush xavfidan saqlab qolish uchun buvisi bilan Ibn as-Sallar saroyida qolish uchun Qohiraga yuboradi. Kechasi Nasr Ibn as-Sallarning xonasiga kirib, uni uyqusida oʻldiradi. Keyin u otasiga xat tashuvchi kaptar orqali xabar yubordi, u tezda Qohiraga qaytib, vazirlik huquqini talab qiladi (9-aprel). Ibn as-Sallarning kesilgan boshini Bobul Zahab darvozasi oldiga yigʻilgan aholiga namoyish etishadi[6]. Oʻz holiga tashlab qoʻyilgan Ashkelon, Levantdagi soʻnggi fotimiy posti sifatida 1153-yil avgustida salibchilar qoʻliga oʻtadi[4].
Qotillik va uning oqibatlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ibn as-Sallar oʻzining ochkoʻzligi va shafqatsizligi tufayli odatda koʻp narsadan norozi boʻlgan, lekin Misrdagi sunniylik faoliyatini qoʻllab-quvvatlagan[2]. Natijada uning sunniy tarafdorlari qotillik uchun javobgar deb hisoblagan Ibn Munqidni jazolash uchun az-Zafirga murojaat qilishgan[2]. Ibn Mandiq oʻz hayotini asrab qolish uchun, Abbosga yuzlanib, az-Zafir va Nasr oʻrtasida jinsiy aloqa borligi haqidagi mish-mishlarni aytib, uni Zafirga qarshi borishga undagan[2]. Ibn Munqid oʻz xotiralarida xalifa as-Zafir Abbosni yoʻq qilish uchun Nasrdan foydalanmoqchi boʻlgani, ammo bu fitnadan Nasr xabar topganini aytadi[3]. Abbos bundan gʻazablanib, oʻgʻlini xalifani oʻldirishga koʻndiradi. Nasr az-Zafirni Dorul-Maʼmun vazirlar saroyida birga tunashga taklif qiladi. U yetib kelgach, xalifa va uning hamrohi oʻldiriladi, jasadlari yaqin atrofdagi chuqurga tashlanadi[2]. Bu voqea 1154-yilning 1 yoki 15-aprelida sodir boʻlgan[3].
Ertasi kuni Abbos goʻyoki az-Zafirni qidirish uchun saroy darvozasiga qarab boradi[2]. Halifani qidirish ishlari boshlanadi, lekin oxir-oqibat xalifaning oʻtgan tundagi qirgʻindan yashirinib qutulib qolishga muvaffaq boʻlgan xizmatkori saroyga xabar berishi bilan haqiqat maʼlum boʻladi. Saroy ayollari motam tuta boshlagaydilar[2]. Az-Zafirning ikki ukasi Jibril va Yusuf Nasrni xalifaning qayerda ekanligini aniqlash haqida soʻroq qilish kerakligini talab qilganlarida, Abbos ularni qatl qilishni buyuradi va xalqqa ular xalifaning oʻldirilishida aybdor ekanliklarini tan olganliklarini eʼlon qiladi[2]. Uning oʻrniga az-Zafirning besh yoshli oʻgʻli Iso al-Fayz binasrulloh ismi bilan xalifa deb eʼlon qilinadi[2]. Yosh xalifa amakilarining qonga belangan jasadlarini koʻrib, saroy amaldorlarining bu holatni oʻzgacha tarzda eʼtirof etishayotganini tinglab, telba boʻlib qoladi[2].
Merosi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Al-Zafir hukmronligi Fotimiylar davlatining oxiri yaqinlashib qolganligini koʻrsatadi. U va undan keyingi taxtga oʻtirgan xalifalar balogʻatga yetmagan yoshlar boʻlib, hukumat ishlarida ishtirok etmay, vazirlikka daʼvogarlik qilayotgan kuchlilar qoʻlida oddiy qoʻgʻirchoqqa aylanib qolishadi[4]. Generallar va vazirlar oʻrtasidagi hokimiyat uchun kurash Fotimiylar davlatining soʻnggi oʻn yilliklarida, yaʼni 1171-yilda Saladin tomonidan qoʻlga kiritilgunga qadar davom etgan[7].
1148–1149-yillarda az-Zafir Qohirada Bob Zuvayla darvozasi yaqinida masjid qurdiradi va uning ehtiyojlarnini qoplash uchun vaqf sifatida bir qancha mulklarni biriktirib beradi. Zafiriy masjidi islom qonunlarini o'rgatish uchun ham xizmat qilgan va bu maqsadda unga bir guruh fiqh olimlari (faqihlar) biriktirilgan[3].
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Al-Imad, Leila S. (2015). "al-ʿĀdil b. al-Sallār". in Fleet, Kate; Krämer, Gudrun; Matringe, Denis et al.. Encyclopaedia of Islam (3rd nashri). Brill Online. ISSN 1873-9830. https://dx.doi.org/10.1163/1573-3912_ei3_COM_22987.
- Bianquis, Thierry (2002). "al-Ẓāfir bi-Aʿdāʾ Allāh". in Bearman, P. J.. Encyclopaedia of Islam. Volume XI: W–Z (2nd nashri). Leiden: E. J. Brill. 382–383 b. ISBN 978-90-04-12756-2. http://dx.doi.org/10.1163/1573-3912_islam_SIM_8067.
- Brett, Michael. The Fatimid Empire, The Edinburgh History of the Islamic Empires. Edinburgh: Edinburgh University Press, 2017. ISBN 978-0-7486-4076-8.
- Canard, Marius (1971). "Ibn Maṣāl". in Lewis, B.. Encyclopaedia of Islam. Volume III: H–Iram (2nd nashri). Leiden: E. J. Brill. 868 b. doi:10.1163/1573-3912_islam_SIM_3288. OCLC 495469525. https://referenceworks.brillonline.com/search?s.q=Ibn+Ma%E1%B9%A3%C4%81l&s.f.s2_parent=s.f.book.encyclopaedia-of-islam-2&search-go=Search.
- Daftary, Farhad. The Ismāʿı̄lı̄s: Their History and Doctrines, Second, Cambridge: Cambridge University Press, 2007. ISBN 978-0-521-61636-2.
- Andoza:Kalifen und Assassinen
- Lev, Yaacov. Saladin in Egypt. Leiden: Brill, 1999. ISBN 90-04-11221-9.
- Öztürk, Murat (2013). "Zâfir-Biemrillâh" (Turkish). TDV Encyclopedia of Islam, Vol. 44 (Yusuf – Zwemer). Istanbul: Turkiye Diyanet Foundation, Centre for Islamic Studies. 69–70 b. ISBN 978-975-389-785-3. https://islamansiklopedisi.org.tr/zafir-biemrillah.
- Sanders, Paula A. „The Fatimid State, 969–1171“, . The Cambridge History of Egypt, Volume 1: Islamic Egypt, 640–1517. Cambridge: Cambridge University Press, 1998 — 151–174-bet. ISBN 0-521-47137-0.
- Walker, Paul E. (2017). "al-Ḥāfiẓ li-Dīn Allāh". in Fleet, Kate; Krämer, Gudrun; Matringe, Denis et al.. Encyclopaedia of Islam (3rd nashri). Brill Online. ISSN 1873-9830. http://dx.doi.org/10.1163/1573-3912_ei3_COM_30176.