Xakasiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Xakasiya, Xakasiya Respublikasi — Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi respublika. Sharqiy Sibir jan.da joylashgan. Mayd. 61,9 ming km2. Aholisi 546,1 ming kishi (2002). Poytaxti — Abakan t. 5 shahar, 13 shaharcha bor.

Davlat tuzumi. X. — respublika. Respublika rahbari va ijroiya hokimiyat boshligʻi — hukumat raisi. Oliy ijrochi hokimiyat organi — hukumat. Oliy qonun chiqaruvchi hokimiyat organi — Oliy kengash.

Tabiati. X.da Janubiy Sibir togʻlarining bir qismi joylashgan. Kuznetsk Olatovining sharqiy yon bagʻirlari va Abakan tizmasi, Gʻarbiy Sayanning shim. yon bagʻirlarini oʻz ichiga olgan togʻlik qism va jan.da Minusinsk soyligi, shim.da ChulimYenisey soyligini qamrab olgan pastbaland tekislikdan iborat. Foydali qazilmalardan toshkoʻmir, temir rudasi, mis, molibden, volfram va b. bor. Ikdimi keskin kontinental. Yanv. da oʻrtacha tra — 16°, —20°, iyulda 18°—20°. Urtacha yillik yogʻin 300—700 mm. Asosiy daryosi — Yenisey va uning irmogʻi Abakan. Tuproklari chimli oʻrmon va chimli podzol. Hududining 40% oʻrmon (tayga). Togʻlarda igna bargli va keng bargli oʻrmonlar bor, choʻqqilar tundraga xos. X. hududida "Chazi" va "Kichik Abakan" tabiiy qoʻriqxonalar bor.

Aholisi xakas, rus, ukrain, tatar, nemis, mordva va b. Shahar aholisi 70,8%. Davlat tillari — xakas va rus tillari. Dindorlarning aksariyati pravoslavlar. Shaharlari: Abakan, Chernogorsk, Sayanogorsk.

Tarixi. X. hududida paleolit davridan odam yashagan. 17-a. oxirida X.da yashovchi kabilalarda mayda xonliklar paydo boʻlgan. 17—18-a. boshlarida bu xonliklarni Rossiya bosib olib, oʻz tarkibiga qoʻshgan. 19-a. oʻrtalarida X. hududida tovarpul munosabatlari vujudga kela boshladi. Yenisey guberniyasining asosan xakaslar yashaydigan Minusinsk uyezdida 1917 y. noyabrda shoʻro hokimiyati oʻrnatildi. Bu yerda shoʻro hokimiyatini tan olmagan xakaslar bilan "qizil"lar oʻrtasidagi kurash 1923 y.gacha davom etdi. 1923 y. oxirida Xakaslar milliy uyezdi tuzildi. 1925 y.da u okrugga aylantirildi. 1930 y. 20 okt.da Krasnoyarsk oʻlkasi tarkibida X. muxtor viloyati tashkil etildi. 1991 y. iyuldan X. SSR, 1992 y. fevraldan Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi X. Respublikasi.

Xoʻjaligi. Yalpi mahsulot tarkibida sanoatning ulushi 48,8%, q.x. 7,9% ni tashkil etadi. Asosiy sanoat tarmoklari: rangli metallurgiya, elektr energetikasi, mashinasozlik, yengil va oziqovqat sanoati, qora metallurgiya, binokorlik materiallari sanoati, oʻrmon, yogʻochsozlik va sellyulozaqogʻoz, kimyo va neft kimyosi sanoati. Toshkoʻmir (Minusinsk koʻmir havzasi), temir rudasi (Abakan koni), gips, ohak, marmar kazib olinadi. Sorskda molibden, Abaza, Chernogorsk, Askiz, UstAbakanda oʻrmon va yogochsozlik korxonalari, UstAbakanda gidroliz zavodi, Chernogorskda qurilish materiallari korxonalari mavjud. Abakanda vagon, konteyner va avtokran zavodlari, poyabzal va trikotaj fkalari, goʻsht, un ktlari, sut va sharbatvino zavodlari, konditer fkasi bor. Yenisey daryosida SayanShushensk va Mayna GESlari qurilgan; Chernogorsk GRES, Abakan TETS ham bor.

Qishloq xoʻjaligiga yaroqli yerlar 1650,1 ming ga, shundan 665,5 ming ga (40%) ekinzor. Goʻshtsut chorvachiligi va mayin junli qoʻychilik salmokli oʻrin tutadi. Asalarichilik va darrandachilik ham rivojlangan. Dehqonchilikda galla, kartoshka, sabzavot, yemxashak ekinlari yetishtiriladi.

Transportida t.y. uz. 642 km. Muhim t.y. tarmoklari: Abakan—Tayshet—Irkutsk, Abakan—Novokuznetsk, Abakan—Achinsk. Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari uz. 2471 km. Asosiy avtomagistrallari: Usinsk trakti (Abakan—Minusinsk—Kizil), Abaza trakti (Abakan—Abaza—Oq Dovurak), Abakan—Chernogorsk—Krasnoyarsk avtoyoʻli. Yenisey daryosi va uning irmogʻi — Abakanda kema qatnaydi. Ichki suv yullari uz. 495 km. Asosiy porti — Abakan.

Tibbiy xizmati, maorifi, ilmiy va madaniymaʼrifiy muassasalari. 1990-y.

lar oxirida har 10 ming aholiga 35 vrach toʻgʻri keddi. Vir qancha sanatoriykurort va dam olish muassasalari, shu jumladan, Shira koʻli balneologiyabalchiq bilan davolash kurorti bor. X.da 281 umumiy taʼlim maktabida 94 ming , 7 oʻrta maxsus oʻquv yurtida 6,7 ming oʻkuvchi, 1 oliy oʻquv yurti (Xakasiya universiteti)da 6 mingga yaqin talaba taʼlim oladi. X.da til, tarix va adabiyot i.t. institutlari bor. 400 dan ziyod ommaviy kutubxona, bir qancha klub muassasalari va kinoqurilma, Abakanda oʻlkashunoslik muzeyi, drama va qoʻgirchoq teatrlari, "Jarki" xalq xoreografiya ansambli ishlaydi. Xakas va rus tillarida bir qancha gaz. va jur. nashr etiladi. Mahalliy radio va televideniyesi xakas va rus tillarida eshittirish hamda koʻrsatuvlar olib boradi.

Adabiyoti. X. xalqining boy ogʻzaki ijodiyoti — ertak, rivoyat, afsona, qoʻshiqlar bor. 20-a. boshlarida yozma adabiyot vujudga keldi. V. Kobyakov, A.Topanov, A.Kuzugashev asarlari nashr etildi. M.Kokov, M. Arshanov, P.Shtigashev oʻz sheʼrlarida xakas qishloklari hayotini aks ettirdi. 2-jahon urushi yillarida N.Domojakov, I.Kotyushev, I.Kostyakov vatanparvarlik ruhida asarlar yaratishdi. Shoirlardan M.Bainov, M.Chebodayev, M.Kilchichakov, V. Maynashev, A.Xallarov, adiblardan M. Tinikov, K.Nerbishev, G.Kazachinova, dramaturg V.Shulbayeva, adabiyotshunoslardan M.Ungvitskaya, P.Troyakov, K.Antoshin, A.Kizlasova va b. mashhur.

Meʼmorligi va tasviriy sanʼati. Xakaslarning anʼanaviy turar joyi — kigiz yoki qayin poʻstlogʻi bilan oʻralgan, tomiga yupka taxta va tunuka qoplangan 6—14 burchakli oʻtovdan, shuningdek, xodalardan yasalgan chayla (kapa), yarim yertoʻla va yogʻoch kulbalardan iborat boʻlgan. 20-a.da Abakan, Chernogorsk, Abaza, Sayanogorsk sh.lari barpo etildi, zamonaviy uyjoy, jamoat va madaniyat binolari qurildi. X. hududida 7—8-a.larga oid temir, oltin, qalay va b. metall buyumlar (idish, qurol, zebziynatlar) topilgan. Bu yerda azaldan yogʻoch oʻymakorligi, kashtachilik rivojlangan. 20-a. boshlarida dastgoh sanʼati paydo boʻldi. M. Burnakov, V.Novosyolov, M. Serebryakov kabi rassomlar, V.Todikov, V. Butanayev kabi grafiklar yetishib chikdi.

Musiqasi, asosan, xalq qoʻshiqlaridan iborat, Ular qisqa taxpax (mehnat, marosim, sevgi qoʻshiqlari, nolalar), uzun ir (aytishuv, yoryor)lardir. Qaxramonlik (aliptir nim) va tarixiy afsona (kipchoox) ruhidagi doston va ertaklarda ham irlar uchraydi. Rivoyatlar ("Albinchi", "Altin Arig" va h.k.) chatxan (chertma cholgʻu) joʻrligida ichki ovoz bilan ijro etiladi. Cholgʻulari xomis, iix deb atalgan torli, xobrax deb atalgan puflama, tyur (buben) deb ataladigan zarbli, temir xomis (changqoʻbizga yaqin) asboblardan iborat. 20-a.da balalayka, gitara, mandolina, bayan kabilar urf boʻldi. Chatxan joʻrligida ertak ijro etuvchilar (xayjalar) xalq musiqa sanʼatining namoyandalaridir (X.Balaxchin, S. Kadishev, M. Dobrov va b.). Professional musiqa 1920-y.lardan soʻng rivojlana boshladi. Kompozitorlar orasida A.A.Kenel, G.Chelborakov, G.Kolmakov, N.Katayeva va b. mashhur.