Dogʻiston

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Dogʻiston Respublikasi
avar Дагъистаналъул Республика
agul. Республика Дагъустан
ozarbayjoncha: Дағыстан Республикасы
dar. Дагъистала Республика
kum. Дагъыстан Республикасы
lez. Республика Дагъустан
lak. Дагъусттаннал Республика
nog. Дагъыстан Республикасы
rut. Республика Дагъустан
tab. Дагъустандин Республика
sax. Республика Дагъустан
chechencha: ДегIeстан Республика
ShiorDogʻiston madhiyasi
Location of Dogʻiston
Poytaxt Maxachqala
Eng katta shahar Maxachqala
Rasmiy til(lar) avarcha
agulcha
ozarbayjoncha
dargʻincha
qumiqcha
laqcha
lezgincha
noʻgʻoycha
ruscha
rutulcha
tabasarancha
tatcha
saxurcha
chechencha
Yetakchilar
• Prezident
Muhammadsalom Muhammedov
Muhammad Abdullayev
Maydon
• Butun
50,270 km2
• Suv (%)
0,4
Aholi
• 2013-yilgi roʻyxat
2,946,035
• Zichlik 58,6/km2
Vaqt mintaqasi UTC+4
Qisqartma DA

Dogʻiston, Dogʻiston Respublikasi — Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi respublika. Maydoni 50,3 ming km2. Aholisi 2120 ming kishi (1999). Poytaxti — Maxachqala sh. 41 tuman, 10 shahar va 17 shaharcha bor.

Davlat tuzumi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dogʻiston — respublika. Davlat hokimiyatining oliy organi — Davlat Kengashi. Qonun chiqaruvchi organi — parlament (Xalq majlisi). Ijroiya hokimiyat — hukumat.

Tabiati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dogʻiston Shimoliy Kavkaz togʻlarining sharqiy qismida joylashgan. Sharqda Kaspiy dengiziga tutashadi. Qirgʻogʻi (uz. 530 km) kam parchalangan. Relyefi jihatidan Dogʻiston hududi 4 qismga boʻlinadi: Pasttekislik qismi — Kaspiy boʻyi pasttekisligining janubi-gʻarbi (bu hududning anchagina qismi okean sathidan past), Togʻ etaklari, Ichki togʻli Dogʻiston — keng plato va kambar tizmalardan iborat. Bal. 2500 m gacha. Dara va kanon koʻp. Eng chuquri Sulak daryosida (1800 m gacha). Baland togʻli Dogʻiston — Katta Kavkazning Bosh tizmasi yoki Suvayirgʻich tizma va uning Yon tizmasi. Dogʻistonning eng baland joyi — Bozordyuzyu choʻqqisi (4466 m). Dogʻiston zaminida foydali qazilmalardan neft, yonuvchi gaz, toshkoʻmir, oltingugurt, mergel, kvars kumlari, 200 dan ortik, mineral buloq bor. Iqlimi umuman issiq va quruq. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi pasttekislikda 1,4° dan —3° gacha (togʻlarda —5° dan —11° gacha), iyulda 24° gacha. Yiliga pasttekislikning shimoli-sharqida 200—300 mm, togʻlarda 600—800 mm yogʻin yogʻadi. Asosiy daryolari: Terek, Sulak, Samur. Terek va Sulak daryolari etaklarida koʻl koʻp. Tuprogʻi pasttekislik va togʻ etaklarida kashtan tuproq, balandroqda togʻ qoratuprogʻi, togʻ-oʻrmon va togʻ-oʻtloqi tuproqlari. Pasttekislikda va togʻ etaklarining quyi qismida choʻl shuvoq-shoʻra, chala choʻl boshoqli-shuvoq oʻsimliklari oʻsadi. Togʻ yon bagʻirlarida asosan dub, grab, qoraqayin, qayin, qaragʻay oʻrmonlari mavjud. Baland togʻli joylarida dogʻiston takasi, bezoar echkisi, elik, togʻ echkisi, qoʻngʻir ayiq, asl bugʻu, baʼzan qoplon va b. sut emizuvchilar uchraydi. Qushlardan togʻ kurkasi (ular), kaklik, burgut va b. yashaydi. Kaspiy dengizidan turli xil baliq ovlanadi.

Aholisi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Respublikada avar, rus, dargʻin, qoʻmiq, lazgin, lak, ozarbayjon, tabasaran, tat, chechen, noʻgʻay va b.lar yashaydi. Shahar aholisi — 44%. Muhim shaharlari: Maxachqala, Darband, Xasavyurt.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dogʻiston hududida odam paleolit davridan boshlab yashab keladi. Mil. av. 1-ming yillikning oxirlarida Dogʻiston aholisi Ozarbayjon hududida vujudga kelgan yirik davlat — Kavkaz Albaniyasi fuqaroligiga oʻtgan. Mil. 3-asrda janubiy Dogʻistonni sosoniylar bosib olgan. 4-asrga kelib Kaspiy sohillarini gunnlar egallagan. 664 yil Dogʻistonni arablar egallab, aholi islom dinini qabul qilgan. 11-asr oʻrtalarida Ozarbayjonni va Dogʻistonning koʻpgina qismini saljuqiylar bosib oldi. 12-asr oxirida Avar xonligi degan yirik davlat vujudga keldi. 13-asrning 20-yillarida Dogʻistonga moʻgʻullar bostirib kirdi va mamlakat uzoq yillar Oltin Oʻrda zulmi ostida yashadi. Markazlashgan rus davlati tashkil topgach (16-asr oʻrtalarida), Rossiyaning Dogʻistonga qiziqishi oshdi. 1722-yil Pyotr I qoʻshinlari Dogʻistonning dengiz sohillarini bosib oldi. Ganja shartnomasi (1735) dan soʻng bu joylar Eronga topshirildi. Guliston sulh shartnomasi (1813)ga binoan Dogʻiston Rossiya qaramogʻiga oʻtdi. Ammo podsho hukumatining mustamlakachilik siyosati togʻliklarning qoʻzgʻolonlariga sabab boʻldi. 19-asrning 30-yillarida muridlik bayrogʻi ostida togʻliklarning mustamlakachilikka qarshi milliy ozodlik harakati boshlandi. Harakatga Dogʻiston va Checheniston imomlari — Gʻozi Muhammad, Hamzatbek va Shomil rahbarlik qildi. Kavkaz urushlari (1817—64) natijasida qoʻzgʻolon bostirildi. 19-asr oʻrtalarida, ayniqsa 90-yillarda Dogʻistonda bochkasozlik, neft haydash zavodlari, arqon va qogʻoz fabrikalari, bosmaxona va b. vujudga keldi, 20-asr boshlarida korxonalar koʻpaydi. 1917-yil 1-dekabrda Petrovsk-Portdagi mitingda Shoʻro hokimiyati oʻrnatilganligi eʼlon qilindi. Ammo, 1918—20 yillarda nemis-turk qoʻshinlari va oq gvardiyachilar uni bosib oldilar. 1920-yil mart oyida qizil armiya kuchi bilan Dogʻistonda yana Shoʻro hokimiyati tiklandi.

1920-yil 13-noyabrda Dogʻiston xalqlarining favqulodda qurultoyida bolsheviklarnkng tazyiqi bilan Shoʻro muxtoriyatini tuzish haqida qaror qabul qilindi. 1921-yil 20-yanvarda Butun Rossiya MIK dekreti bilan RSFSR tarkibida Dogʻiston ASSR tashkil qilindi. Shu davrdan to 1991-yil maygacha Dogʻistondagi iqtisodiy taraqqiyot, maorif, fan va madaniyatning rivoji bir yoqlama yoʻldan bordi.1991-yil maydan Dogʻiston Respublikasi deb nomlandi.

1970-yil 14-may kuni Dogʻistonda qattiq zilzila boʻldi. Tabiiy ofat shahar va qishloqlarga katta ziyon yetkazdi. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston ham Dogʻistonda uy-joy qurilishi ishlarida katta yordam koʻrsatdi. Dogʻistondagi "Oʻzbekiston" mikrorayoni oʻzbek va Dogʻiston xalqlari doʻstligining ramzidir.

Xoʻjaligi. Sanoat mahsulotining 80% oziq-ovqat, mashinasozlik, yengil sanoat (gilamdoʻzlik)ga toʻgʻri keladi. Iqtisodiyotida elektr energetika va neft chiqarish, qurilish materiallari, kimyo sanoati ham muhim rol oʻynaydi. Eng yirik elektr stansiyalari — Chiryurtov GES, Gergebil GES va Chirkey GES. Tabiiy gaz qazib olinadi. Terek-Kuma pasttekisligining shim.da neft va gaz konlari bor. Mashinasozlik va metallsozlik korxonalarida (Maxachqala, Izberbash, Darband, Qizilyurt, Buynaksk) metall qirquvchi stanoklar, kema mexanizmlari, dizellar, elektrotermik asboblar, elektrotexnika apparatlari, separatorlar, nasoslar, turli xil pribor va avtomatika vositalari ishlab chiqariladi. Kurilish materiallari sanoati yirik shisha zavodi, uysozlik kombinati va temir-beton konstruksiyalari zdidan iborat. Kimyo sanoati korxonalari (Maxachkala) lok, boʻyoq va shisha tola ishlab chiqaradi. Chiryurtovda yirik fosfor tuzlari zavodi bor. Oziq-ovqat sanoati rivojlangan. Toʻqimachilik (asosan ip va jun gazlama), trikotaj, tikuvchilik, koʻn-poyabzal sanoati ham mavjud. Dogʻiston gilam toʻqish, zargarlik va b. bilan azaldan mashhur.

Qishloq xoʻjaligi bogʻdorchilik, tokchilik va gʻalla (bugʻdoy, arpa, makkajoʻxori, sholi) yetishtirishga ixtisoslashtirilgan. Chorvachilikda qoʻychilik asosiy oʻrinni egallaydi. Koʻproq goʻsht-jun beradigan qoʻylar boqiladi, mayin junli qoʻylar ham koʻp.

Temir yo'llar uzun 435 km, avtomobil yoʻllari uzunligi 9600 km. Havo transporti Maxachqalani boshqa shaharlar bilan bogʻlaydi. Maxachqala yirik dengiz porti hamdir.

Sogʻliqni saqlash[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dogʻistonda 10 mingdan ortiq oʻrinli kasalxonalar, ambulatoriya-poliklinika yordami koʻrsatadigan muassasa, 7,7 ming vrach (10 ming kishiga 40,1 vrach) ishlaydi. Bir necha sanatoriy va dam olish uyi, 100 ga yaqin shifobaxsh suv manbai, Talgi kurorti hamda Maxachkala, Richalsuv, Gunib, Buynaksk kabi oromgohlar bor.

Maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari[tahrir | manbasini tahrirlash]

295 maktabgacha tarbiya muassasasida 308 mingga yaqin bola tarbiyalanadi. 1589 umumiy taʼlim maktabi (395 ming oʻquvchi), 27 ta maxsus oʻquv yurti (20,8 ming oʻquvchi) bor. 5 oliy oʻquv yurti, jumladan Dogʻiston universiteti (1957-yil tashkil etilgan; 8 mingga yaqin talaba)da 27,3 ming talaba oʻqiydi. 842 ommaviy kutubxona (6,4 mln. kitob va jurnal), 1066 klub muassasasi, 8 muzey (jumladan, Maxachkaladagi tasviriy sanʼat muzeyi, S. Stalskiy uy-muzeyi va boshqalar), 7 teatr, 898 kino kurilma bor. Dogʻistonda 20 ilmiy tadqiqot muassasasi ishlaydi.

Adabiyoti — koʻp tilli (avar, lazgin, tat, noʻgʻay va boshqalar). Dogʻiston xalqlarining qad. qoʻshiklari, yodnomalari, ertak, afsona, maqol va hikmatli soʻzlari bu adabiyotning yaratilishiga asos boʻlgan. Lakcha "Partu Patima", "Nodirshox.ning tormor etilishi haqida", avarcha "Xochbar haqida qoʻshiq", qoʻmiqcha "Oygʻozi haqida qoʻshiq" kabi qoʻshiqlarda xalqlarning jabr-zulmga va Eron bosqinchilariga qarshi kurashi kuylanadi. 17—18-asrlarda xalq ogʻzaki ijodida baxshichilik sanʼati rivojlandi. Yozma adabiyotda esa zullisonayn ijodkorlar koʻpaydi (Hoji Muhammad ibn Musa al-Qudutli, Hoji Dovud al-Oʻsishiy, Muhammad ibn Ali al-Ubriy va boshqalar). Arab grafikasi asosida "ajam" yozuvi paydo boʻldi (18-asr).

19-asrda Dogʻiston adabiyotida demokratik gʻoyalar chuqur ildiz ota boshladi (qoʻmiq Yirchi Qozoq, lazgin Yetim Emin, dargʻin Umarla Botiray va Mungi Ahmad, rugujilik avar Eldarilav, batlaychalik Tojutdin va b. ijodida). Bu davrda lirika yana oʻsdi. Dargʻin Suqur Qurbon, lak Malley, avar Mahmud, qoʻmiq shoirlari Anxil-Marin va Patimat, lazgin G. Alqodiriy, lak G. Guzunov va Yu. Murkelinskiy, qoʻmiq M. Albekov, M. Osmonov, N. Botirmirzayev kabi ijodkorlarning asarlarida jamiyat turmushini oʻzgartirish, taʼlimtarbiya haqidagi ilgʻor fikrlar ilgari surilgan.

20-asrda S. Stalskiy, Hamzat Sadasa, S. Gabiyev, G. Saidov, 3. Botirmirzayev, P. Nurov, A. Iminogʻayev, Hoji Axtinskiy, tloxlik Muhammad kabi shoir va yozuvchilar ijod qildi. Drama asarlari yaratila boshladi (G. Saidovning "Miskarlar", 3. Botirmirzayevning pyesalari va boshqalar). 20—30-yillarda avar 3. Gajiyev, dargʻin R. Nurov, A. Iminogʻayev, qoʻmiq A. P. Salavatov, A. Magomedov, B. Ostemirov, T. Boybula-tov, lak I. Qurbonaliyev, M. Charinov, lazgin A. Fataxov kabi ijodkorlar yetuk badiiy asarlar yaratishdi.

Ikkinchi jahon urushi yillarida H. Sadasa, Qoziya Ali, A. Gʻafurov, A. Ajiyev, A. V. Sulaymonov, Yu. Xappalayev kabi shoirlar xalqni fashistlarga qarshi kurashga chaqirdi. Urushdan keyingi yillarda Dogʻiston adabiyotining koʻlami kengaydi, xilmaxil badiiy shakl, uslub va janrlar vujudga keldi. D. xalq shoiri R. Hamzatov "Tugʻilgan kunim", "Qalbim togʻlarda", "Togʻ qizi" kabi dostonlari, joʻshqin sheʼrlari bilan dunyoga mashhur boʻldi. Keyingi davrda Fazu Aliyeva, A. Saidov, S. Rabadanov, G. Bagandov, S. Izgiyayev, M. Otaboyeva, M. Aminovlar barakali ijod qildilar. Dogʻistonda bolalar adabiyoti ham rivoj topdi (R. Rashidov "Men xush koʻrgan bolalar", "Ovulimizga qish keldi"; R. Hamzatov "Bobom"; 3. Gajiyev "Vodiy qushchalari", "Qorbobo togʻda"; A. Magomayev "Bobo va nabira"; D. Atnilov "Birinchi dars" va b. toʻplamlar). Dramaturgiyada ham yetuk asarlar yuzaga keldi (M. Aliyev "Ramazonovlar oilasi"; M. Gairbekova "Uchrashuv"; A. Ajamatov "Kelinlar"; T. Xuryugskiy "Oshiq Sayd"; A. Qurbonov "Qaytmasning toʻyi"; G. Rustamov "Rayhon" va boshqalar). D. adabiyotida barcha adabiy janrlar, jumladan, kinodramaturgiya (Ahmadjon Abu Bakar "Bulutlar tarqaldi", "Adam va Xeva") va adabiyotshunoslik rivojlangan.

S. Stalskiy sheʼrlari, R. Hamzatovning "Yuksak yulduzlar" sheʼrlar toʻplami va "Dogʻistonim" asari oʻzbek kitobxonlarining ham mulki boʻlib qoldi.

Meʼmorligi va tasviriy sanʼati. Uzunligi 40 km dan ortiq Darband mudofa istehkomining tosh devorlari va qalʼalari 6-asrda barpo etilgan. 8—9-asrlarda arab meʼmorligining taʼsiri kuchaydi (Darbanddagi jome masjid). Dogʻiston meʼmorligi asrlar davomida, asosan xalq meʼmorligi asosida rivojlangan (bu yerda yashovchi har bir xalq oʻziga xos meʼmorlik usuliga ega). Togʻli joylarda ovullar uzun tor yoʻlakli va zinali koʻchalardan iborat boʻlib, toshdan turar joy, jome masjid va b. qurilgan. 14—15-asrlar va 17—18-asrlardagi yodgorliklar Ozarbayjon meʼmorligiga yaqin uslubda barpo etilgan, Darbandda mahalliy meʼmorlik maktabi shakllangan. 18— 19-asrlarda uylar togʻlarda toshdan, tekislikda somonli loydan qurilib, asosan ichki bezagiga (naqshlar, yogʻoch oʻymakorligi va boshqalar) ahamiyat berilgan.

20-asrda uylarning tashqarisini uymakori naqshlar bilan bezash avj olgan. 19—20-asrlarda Dogʻistonda rus klassitsizma. uslubida binolar barpo etildi. Keyingi davrda eski shaharlar qayta qurildi, koʻplab maishiy-maʼmuriy va turar joy binolar (Maxachqalada — hukumat uyi, meʼmor A. M. Alxazov; "Dogʻiston" mehmonxonasi, meʼmor G. Grimm; Drama teatri, meʼmor G. Ya. Movchan va boshqalar) zamonaviy uslubda yaratildi.

Dogʻiston hududida neolit va jez davrlariga oid sopol buyumlar, naqshlangan toshlar, badiiy metall buyumlar topilgan. Oʻrta asrlarda togdagi ovullarning kupi hunarmandlik buyumlari ishlashda turli sohalar boʻyicha ixtisoslashgan. Koʻp tumanlarda gilam, guldor paypoklar juda qadimdan toʻqiladi.

20-asrning 2-yarmida tasviriy sanʼat rivojlandi. Rassomlardan M. A. Jamol, Yu. A. Moʻllayev, haykaltarosh X. N. Asqarsarija Dogʻiston tasviriy sanʼatiga asos soldilar. 1950—60-yillardan A. I. Avgustovich, K. A. Murzabekov, A. I. Sharipov, aka-uka Sungurovlar kabi rassomlar ijod qila boshladi. 1959-yil Maxachqalada M. A. Jamol nomidagi Badiiy sanʼat bilim yurti ochilgan.

Musiqada qahramonlikni kuylash alohida oʻrinda turadi. Mehnat va muhabbatni madh etish odat tusiga kirib qolgan. Puflama sozlardan — zurna, duduk, balaban, kshul, torli musiqa asboblaridan — yogʻoch-qoʻmuz, tara, tamur, saz, kamancha, urma cholgʻulardan — tep, gaval, diplipito, shuningdek, bayan, balalayka, mandolina, skripka, gitara, klarnet kabi xilma-xil cholgʻu asboblari joʻrnavozligida kuylash odat tusiga kirgan. Lezginkalar bilan birga shoʻx raqslar koʻp tarqalgan. Ustozona musiqa namoyandalari (lazgin va laklarda — oshiq, qoʻmiqlarda — yirchi, avarlarda — shoir, kochoxon, dargʻinlarda — dalalayla yoki usta)ning ijodi anʼanaviy musiqa sanʼatining asosiy qismini tashkil etadi.

Dogʻistonda musiqa bilim yurti, simfonik orkestr, xalq cholgʻu asboblari orkestri, ashula va raqs ansambli, filarmoniya, musiqa bilim yurti va bir necha musiqa maktabi mavjud.

Teatr sanʼati qoʻmiq, avar, lazgin, lak, dargʻin va b. xalqlar ijodidan tashkil topgan. Paxlavon-akrobatlar, dorbozlar, jonglyor va xalq qiziqchilari ("dombaylar") sanʼati keng tarqalgan. 1914-yilda lezginlarning, 1915-yilda laklarning, 1916-yilda qumiklarning havaskor drama toʻgaraklari vujudga keldi. 30-yillarda qoʻmiq, lazgin, avar, lak musiqali drama teatrlari ochildi. Shu teatrlarning tashkil topishi va rivojlanishida A. P. Salavatovning pyesalari, R. Fatuyevning "Togʻliklar", A. Ajamatovning "Ansor", M. Xurshilovning "Oʻtgan kunlar" kabi asarlari muhim ahamiyatga ega boʻldi. R. Hamzatovning "Togʻ qizi", B. Aydayevning "Sulaymon Stalskiy", U. Mantayevning "Takdir", M. Sulaymonovning "Togʻdagi qalʼa" va b. pyesalari Dogʻiston teatrining keyingi davrdagi asosiy mahsulidir. Dogʻiston teatr arboblaridan B. M. Murodova, A. S. Kurumov, S. A. Kuxmazov, 3. N. Nabiyeva, G. A. Rustamov, M. R. Rashidxonov, Sh. Abdullayev, M. Abduxoliqov, A. Qurbonova va b. mashhur.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil