Qadimgi Poykent tarixi muzeyi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Qadimgi Poykent tarixi muzeyi
Qadimgi Poykent tarixi muzeyi
Asos solingan sanasi 1991-yil
Manzili Qorakoʻl tumani Sayyot mahalla fuqarolar yigʻini Shoʻrobod qishlogʻi
Sayti https://www.bukharamuseums.uz

Qadimgi Poykent tarixi muzeyi — Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi tarkibidagi muzey. Mazkur muzey Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi tarkibida 1991-yilda tashkil etilgan. Buxoro viloyati Qorakoʻl tumani Sayyot mahalla fuqarolar yigʻini Shoʻrobod qishlogʻida joylashgan.

Muzey tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qadimgi Poykent tarixi muzeyi 1991-yilda tashkil topgan. Muzeyda ilk va oʻrta asrlarda Qadimgi Poykent shahri, oʻzbek shaharsozligi, savdo-sotiq, sanʼat va hunarmandchilik, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar tarixi, arxeologik topilmalar va ashyoviy dalillar vositasida ochib berilgan. Muzey quyidagi boʻlimlardan iborat: Qadimgi Poykent savdo yoʻllari chorrahalarida, qadimgi va antik davrda Poykent, Poykent ilk oʻrta asrlarda, Poykentda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar lavhalari va rekostruksiya. 1903-yilda amerikalik tarixchi R.Pampelli, Oʻrta Osiyo boʻylab sayohati davomida Poykent shahri vayronalarini ham koʻzdan kechiradi. 1913—1915-yillarda Zimin boshchiligidagi ekspeditsiya Poykentda qazuvlarni amalga oshirgan. 1939-yilda Qadimgi Poykent tarixini arxeologik oʻrganishlar Shishkin ishtirokida shahar vayronalari va uning atroflarida olib borilgan. Asosiy eʼtiborni ular shahar va uning atroflarining planini tuzib chiqishga qaratadi. Bu ishlar Shishkin tomonidan bajarilib, unda M.M. Dyakonov qatnashdi. Planda shaharning asosiy qismlari: ark, birinchi va ikkinchi shahristonlar, rabotlar, darvozalarning taxminiy oʻrinlari, mudofa devorlaridagi soqchilik minoralari aks ettirildi. Rejada aks ettirilgan maʼlumotlar asosida, Aleksandr Yakubovskiy shaharning asosiy qismlari turli davrlarda barpo boʻlgan degan xulosaga keldi. Shular asosida shaharning bir necha qismlarida bir nechta shurf qazildi. Buning natijasida shaharda XV asrga qadar hayot davom degan xulosalar chiqarildi. 1954-yilda Qadimgi Poykentning shaharga tutash qismlarini oʻrganish maqsadida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi arxeologiya institutining maxsus otryadi tadqiqotlar oʻtkazdi. Natijada shahardan shimoliy-sharq tomonda joylashgan qadimiy nekropol (xilxona) qoldiqlari topib oʻrganildi[1].

Muzey tuzilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Muzeyning birinchi zalida rivojlangan oʻrta asrlarda Poykentda yozuv, pul muomilasi, Poykentdan chiqqan hadis va fiqh ilmi allomalari, sirlangan sopol idishlar, qolipda sopol buyumlar ishlab chiqarish va zargarlik buyumlari namoyish qilinadi. Bundan tashqari Qadimgi Poykent shahridan topilib, restavratsiya qilingan amaliy sanʼatning nodir namunalari X—XI asrlar devoriy ganch oʻymakorligi mahsuli, mehrob boʻlaklari zalning markaziy qismiga oʻrnatilgan. Qoʻshimcha tarzda, Qadimgi Poykent shahri, Poykent arki va Poykentda ochib oʻrganilgan xonadon planlari hamda Qadimgi Poykent shahri tarixi maʼlumotlari ham oʻrin olgan. Ikkinchi zalda bronza va temirga ishlov berish, qurolsozlik, kamon oʻqlari, murakkab yoy, sopol buyumlar ishlab chiqarish va kulolchilik charxi va xumdon, rivojlangan oʻrta asrlarda Poykentning sirlanmagan sopol buyumlari, toshdan ishlangan buyumlar, shishadan ishlangan buyumlar oʻrin olgan[2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ernazarov E. Buxoro davlat meʼmoriy-badiiy muzey-qoʻriqxonasi (ўзбек, рус ва инглиз тилларида). SM Print: Toshkent, 2004 — 223 bet. 
  2. Арсланова Ф, Алиев Р. Музеи древней Бухары (ўзбек, рус ва инглиз тилларида). Бухоро нашриёти: Бухоро, 2015 — 96 bet.