Abdulloh ibn Ummu Maktum

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Abdulloh ibn Ummu Maktum (arabcha: عبد الله بن أم مكتوم) (636-yilda vafot etgan) Ibn Kasir (1373-yilda vafot etgan) bergan maʼlumotlarga koʻra Islom dinining soʻnggi paygʻambari Muhammadning sahobalaridan biri boʻlgan. Baʼzi rivoyatlarda uning ismi Amr ibn Ummu Maktum sifatida ham keltirilgan. Qur’oni Karimning 80-surasi boʻlmish Abasa surasining birinchi oyatlari u bilan bogʻliq voqeada nozil qilingan deb hisoblanadi[1].

Biografiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulloh ibn Ummu Maktum Qays ibn Zayd va Otika binti Abdullohning oʻgʻli edi. U tugʻma koʻr boʻlgan va shuning uchun onasi Ummu Maktum (Yashirinning onasi) deb atalgan. Ibn Ummu Maktum Muhammadning birinchi xotini Xadicha bint Xuvaylidning amakivachchasi edi.

Abdulloh ibn Ummu Maktum Islom dinini birinchilardan boʻlib qabul qilganlardan edi. Muhammad paygʻambar uni va Mus’ab ibn Umayrni hijrat boʻlishidan oldin aholiga Qur’on oʻrgatish uchun Madina shahriga yuborgan[2]. U va Bilol Ibn Raboh Muhammad paygʻambar tomonidan Madinada muazzinlikka tayinlanganlar. Paygʻambar janglarda qatnashish uchun Madinani tark etganida, Abdulloh ibn Ummu Maktumga namoz oʻqish mas’uliyati yuklangan[3].

Abdulloh ibn Ummu Maktum koʻzi ojiz boʻlishiga qaramay Islom dinining ikkinchi xalifasi Umardan jihodda ishtirok etishini iltimos qilgan. Xalifa Umar unga milodiy 636-yilda Qodisiya jangida qatnashishga ruxsat bergan. Ummu Maktum jangda musulmonlar tomonidan bayroqdor boʻlib xizmat qilgan va shahid boʻlgan.

Qur’on oyatlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ahl as-Sunna val-Jamoaning anʼanaviy rivoyatiga koʻra, Abasa surasi birinchi oʻn oyatining nozil boʻlishi ortidagi voqea quyidagichadir[4]ː Muhammad paygʻambar Makkada Valid ibn al-Mugʻiyra va boshqa Quraysh qabilasi oqsoqollariga Islom dinini targʻib qilishga harakat qiladi. Bir kuni Muhammad Utba ibn Rabia, uning birodari Shayba ibn Rabia, Abu Jahl deb kunyalangan Amr ibn Xishom, Umayya ibn Xa-laf, Valid ibn Mugʻiralarning oldiga borib, ular bilan suhbatlashadi va turli muzokaralar olib borgan holda Islomga chaqirishga urinadi. Shu payt Abdulloh ibn Ummu Maktum paygʻambar Muhammadning oldiga kelib, ularga oʻrgatayotgan narsasini unga ham oʻrgatishini soʻraydi. Paygʻambar esa qabila boshliqlaridan eʼtiborini uzishni xohlamaydi va Abdulloh ibn Ummu Maktumga qoshlarini chimirgan holda, qabila oqsoqollariga nutq soʻzlashda davom etadi. Keyin Muhammad oʻrnidan turgan paytda koʻz oldi jimirlashib, boshiga bir qattiq narsa kelib urilganday boʻladi va ushbu oyat nozil qilinadiː

U oldiga koʻzi ojiz kishi kelganda qosh chimirdi va yuz oʻgirdi. (Ey Paygʻambar), siz qayerdan bilasiz, ehtimol u (gunohlaridan) poklanar yo pand-nasihat olar-da, soʻng bu pand-nasihat unga foyda berar?! Endi oʻzini (iymondan) behojat bilgan kishiga kelsak, siz oʻshanga yuzlandingiz! Holbuki, uning poklanmasligi sababli sizga ziyon yetmas! Ammo (Allohdan) qoʻrqib, oldingizga yugurib kelgan zotdan chalgʻidingiz. Yoʻq, albatta bu (Qur’on oyatlari) eslatmadir. Kim xohlasa, pand-nasihat olur. (Oyatlar) azizu mukarram, qadri baland, pokiza sahifalarga ulugʻ, itoatli mirzolar (ya’ni farishtalar) qoʻllari bilan (Lavhul Mahfuzdan koʻchirilgandir). (Abasa surasi, 1—16 oyatlar)[5]


Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Al Mubarakpuri, Shaykh Safiur-Rahman. Tafsir Ibn Kathir (Abridged) Volume 10. Maktaba Darussalam, July 2003 — 356 bet. ISBN 9960-892-71-9. 
  2. Abdullah, Shaikh. Biography of the Prophet (Vol.1). Maktaba Darussalam, September 2006 — 310 bet. ISBN 9960980324. 
  3. Tabari. The History of Al-Tabari, Vol VII : The Foundation of the Community. State University of New York Press, Albany, 1987 — 89 bet. ISBN 0-88706-345-4. 
  4. Abu Khalil, Shauqi. Atlas of the Qur'an. Maktaba Darussalam, 2003 — 375 bet. ISBN 9960-897-54-0. 
  5. Q80:1, 50+ translations, islamawakened.com