Qodisiya jangi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Qodisiya jangi - Saʼd ibn Abu Vaqqos qoʻmondonligi ostidagi arab qoʻshini bilan Xuroson hokimi Rustam ibn Farruxzod qoʻmondonligidagi sosoniylar qoʻshini oʻrtasida Xira(Iroq)dagi Qodisiya qishlogi yaqinida boʻlgan jang (636 yil, sentabr; boshqa maʼlumotlarga koʻra, dek. yoki may oyining oxiri, iyunning boshi). Qodisiya jangi 3 kecha-kunduz davom etgan va islom lashkarining gʻalabasi bilan tugagan. Arablarga Suriyadan 66 ming kishilik (boshqa manbalarga koʻra, 10 ming kishi) qoʻshin yetib kelgan. Bu qoʻshinni xalifa Umar ibn Xattob Damashq shahrini egallagach yuborgan. Jangning 3-kuni har galgidek bahodirlarning yakkamayakka olishuvi bilan boshlangan, soʻngra qoʻshinlar toʻqnash kelgan. Jang tunda ham davom etgan. 4-kuni tongda gʻarbdan shamol esib fors qoʻshini ustiga changtoʻzon yogʻilgan. Arab harbiy qismlaridan biri Rustam qarorgohiga bostirib kirib uni oʻldiradi. Sarkardaning oʻlimi Eron qoʻshinini sarosimaga tushirgan va uni magʻlubiyatga uchrashiga sabab boʻlgan.

Musulmonlar qoʻliga Eronning davlat bayrogʻi tushgan. Bu bayroq qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan boʻlib, uni 1 mln. 200 ming dirhamga baholashgan. Qodisiya jangida 6 ming arab jangchisi va 10 ming fors askari halok boʻlgan. Saʼd ibn Abu Vaqqos jangdan soʻng 2 oy davomida Qodisiyada qolib xalifadan keyingi harakat rejalari haqida tegishli farmon kutgan.

Faxriddin Hasanov.