Balx

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Balx — Shim. Afgʻonistondagi koʻhna shahar, hozirgi Mozori Sharif sh.ning gʻarbida. Mil. av. 7- a.dan maʼlum. B. tarixda Umm ul-bilod (Shaharlar onasi) deb yuritilgan. Yunonlar uni Baqtra deb ataganlar. Mudofaa devori bilan oʻralgan Bolo Hisorda va undan jan.roqdagi Yangi Balxda B.ning eng qad. harobalari va turli topilmalar uchraydi. Kushonlar davrida va undan ilgari shahar maydoni Tepai Zargaron hisobiga kengayadi. Shahar qalʼasi Bolo Hisordan Yangi Balxga koʻchirilgan. Natijada Bolo Hisor, Tepai Zargaron va Yangi Balx hududlarini birlashtiruvchi shahar devori vujudga kelgan. Arxeologik qazishlar tufayli B.dan qad. devor va shahar arki devorlari topilgan. B. Axomaniylar davlatiga, undan keyin Aleksandr (Iskandar) saltanatiga qaram boʻlgan. Uning inqirozidan keyin. yangi tashkil topgan Yunon-Baqtriya podsholigining poytaxtiga aylangan (mil. av. 250 — 130y.lar). B. mil. av. 2- alan yuyechjilar, soʻngra Kushon podsholigi tarkibiga oʻtdi. Bu davrda B.da hunarmandchilik rivojlandi, Eron, Hindiston va Xitoy bilan savdo-sotiq olib borildi, pul zarb qilindi. Aholi zichligidan shahar tashqarisida uy-joylar qurildi. Natijada B. Sharq bilan Gʻarbni bogʻlab turgan "Buyuk ipak yoʻli"dagi yirik savdo shaharlaridan biriga aylandi. 711 y. B.ni arablar fath etgan. Gʻaznaviylar (962 — 1148), gʻuriylar (1148 — 1206) hukmronligi davrida B. Oʻrta Sharqning yirik shaharlaridan edi. Bu davrda hunarmandchilik mahallalari vujudga keldi. 1221 y. B.ni moʻgʻullar bosib olib vayron qilgan. 13 — 14- a.larda Chigʻatoy ulusi tarkibida boʻldi. 1370 y.dan boshlab Temur saltanati tarkibiga kirdi. Temuriylar, shayboniylar va ashtarxoniylar zamonida (15 — 18- a.lar) B. muhim viloyat hisoblangan. Shayboniylardan Pirmuhammadxon (1546 — 67) va ashtarxoniylardan Nadr Muhammadxon (1611 — 42) noiblik qilgan zamonda ancha rivojlandi, katta ilmiy markazga aylandi, koʻplab tarixiy, jugʻrofiy va adabiy asarlar yaratiddi. Shahar bu vaqtda ikki qism: shahri darun (ichki shahar) va shahri berun (tashqi shahar) dan iborat boʻlgan. Shu yillarda qurilgan masjid, Madrasa, hammom, rasta va b. binolar saqlanib qolgan. 19- a.ning 60- y.larida B. Afgʻoniston tarkibiga kirdi. B. atrofida Budda monastiri va stulalari (jumladan, 2- a.ga oid pishiq gʻisht bilan qoplangan ulkan "Tapa (tepa) Rustam" stupasi) bor. U 54 x 54 m li murabba tarhli supa ustiga qurilgan boʻlib, diametri 43 m. Qad. shahar yodgorliklaridan Bolo Hisor qalʼasi saqlangan. Oʻrta ar shahridan ark, shahriston va ularning paxsa devorlari qolgan. 15- a. oxirida qurilgan Xoja Abu Porso masjidi va maqbarasi yaxshi saqlangan.

Ad: Muhammad Yusuf munshi, Mukimxanskaya istoriya, T., 1936; Hofiz Tanish ibn Mir Muhammad Buxori y , Abdullanoma, 1-jild, T., 1999; Gulbadan begim, Humoyunnoma, T., 1959; Pugachenkova G. A., Xalchayan. K probleme xudojestvennoy kulturi Severnoy Baktrii, T., 1966.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil