Nosir Hisrav

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Nosir hisrav (toʻliq ismi: Abu-Muʼiniddin Nosir Hisrav alQubodiyoniy) (1004, Qubodiyon — 1088, Badaxshon) — fors-tojik shoiri, mutafakkiri. Boshlangʻich maʼlumotni oʻz qishlogʻida olgan, keyin Marv va Balx madrasalarida tahsilni davom ettirgan. Mahmud Gʻaznaviy va uning oʻgʻli Masʼud saroyida mirzalik qilgan, soliq maqkamasini boshqargan. U 7 yil (1045—52) davomida Eron, Ozarbayjon, Armaniston, Suriya, Misr, Arabiston, Iroq mamlakatlarini kezib chiqadi. Uning "Safarnoma" asari shu sayohat natijasida yaratilgan. Adolatli hukmdorlar tufayli osoyishta va farovon shaharlarni koʻrgan N. X. keyinchalik oʻz asarlari orqali odil podshoh goyasini ilgari suradi.

Misrda 3 yil yashab, fotimiylar tariqatiga kiradi va ismoiliylar maslagini qabul qiladi. Fotimiylar butun dunyoni egallashni maqsad qilib, uni 12 jazira (orol)ga boʻlgan edilar. N.X. Xuroson boʻyicha jazira boshligʻi — Hujjat etib tayinlanadi (baʼzi sheʼrlarida Hujjat taxallusini ham qoʻllagan). Keyinchalik, 1052 y.da Balxga qaytgan N.X. bu yerda ismoiliylik gʻoyalarini qizgʻin targʻib-tashviq qilaboshlaydi. Bu harakati uchun N.X. shialik va kofirlikda ayblanib, oʻlimga hukm qilinadi. Shundan soʻng u qolgan 25 yillik umrini Badaxshonda — Hazrati Sayyid qishlogʻidagi Yumgʻon darasida oʻtkazadi. Uning daʼvatlari natijasida bu yerda ismoiliylar jamoasi vujudga keladi. Maqbarasi asrlar davomida ziyoratgohlardan biri boʻlib, mahalliy aholi tomonidan "Mozori Shoh Nosir" deb atalgan.

N.X. "Safarnoma", "Zod ulmusofirin", "Vajhi din", "Saodatnoma", "Roʻshnoinoma", "Xon ulixvon", "Boʻston ul-uqul", "Dalil utmutaxayyirin", "Jomeʼ ul-hikmatayn", "Ri-sola dar javobi 99 savoli falsafi", "Kushoyish va rahoyish" kabi koʻplab sheʼriy va nasriy asarlar yaratgan. U fors-tojik va arab tillarida ikki devon ham tuzgan, lekin arab tilidagi devonining taqsiri hozirgacha nomaʼlum. Shoirning qasida, gʻazal, qitʼa va ruboiylarini oʻz ichiga olgan, 12 ming misradan iborat forsiy devoni esa Eronda bir necha marta chop etilgan.

Dunyoviy ilmlarni chuqur oʻzlashtirgan N.X. hur fikrli kishi boʻlgan. Olam va Odam mohiyati toʻgʻrisida aql vosi-tasida falsafiy fikr yuritgan. Dunyoning nomukammalligi, inson tabiatining noqisligi xususida "Xudo bilan munozara" degan sheʼr ham yozgan. Ijo-di orqali adolatsiz zamon, johil va manfaatparast kishilarni tanqid qilib, mehnatkash dehqonni, kosibu hunarmandni, ilm sohiblarini ulugʻlagan, insoniy kamolotga daʼvat qilgan. Uning hur fikrlari oʻzidan keyingi ijodkorlar, jumladan, Umar Xayyomga kuchli taʼsir koʻrsatgan.

N.X. asarlari dunyoning koʻplab tillariga tarjima qilingan. Bir nechta sheʼrlari, "Saodatnoma" masnaviysidan parchalar va "Safarnoma" asari M. Muinzoda, Sh. Shomuhamedov, Gʻ. Karimlar tomonidan oʻzbek tiliga oʻgirilgan.

Manbalar[tahrir]

  • Safarnoma, T., 2003.

Adabiyot[tahrir]

  • Bertels A.Ye. [Nasir-i Xosrav i ismailizm, M., 1959; Samarqandiy D., Shoirlar boʻstoni], T., 1981.

Ergash Ochilov.