Shohnoma

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

"SHOHNOMA" — qadimgi shohlar haqidagi rivoyat, afsonaviy va epik dostonlardan iborat kitoblar nomi. Dastlab sosoniylar davri (3—6-asrlar) da pahlaviy tilida "Xvataynamak" ("Xudoynoma" — "Hukmdorlar haqida kitob") toʻplami yaratilib, 10-asrda "SH." nomi bilan qayta ishlangan. 9—10 ta "SH." yaratilgani tarixdan maʼlum. 9— 10-asrlarda ularning koʻpi arab tiliga ham tarjima qilingan. Lekin ularning birortasi bizgacha toʻliq yetib kelmagan. Jumladan, yirik amaldor va lashkarboshi Abu Mansur Muhammad ibn Abdurazzoq Tusiyning topshirigʻiga koʻra, 957 yil Abu Mansur alMaʼmariy tomonidan nasriy "Shohnomai Mansur" yaratilgan. Bu asarning faqat boshlanish qismigina bizga yetib kelgan. Taxm. 963 yil Abd alMuayyad Balxiy ham nasriy "SH." yozgan. U bilan ayni vaqtda Masʼud Marvaziy va Abu Ali Balxiylar "SH." bitganlar. Balxiy asarida Firdavsiy "SH."sida tilga olinmagan Narimon, Som, Ogʻush, Vahodan, Kayshikan nomlari bilan bogʻliq lavhalar mavjud boʻlgan. Marvaziy oʻz "SH." sini birinchi odam va birinchi podshoh Qayumarsdan boshlab, somoniylar davlatining oxirgi davri tasviri bilan tugallaydi. Boʻ borada toʻplangan katta tajriba va yigʻilgan salmoqli material asosida somoniy hukmdorlar buyrugʻi va homiyligida Abu Mansur Dakiqiy nazmiy "SH."ga qoʻl urgan. Biroq u Zardusht, Gushtasp va Arjasp dostonlarini — jami 1000 bayt yozganda, fojiali ravishda oʻldirilgan.

Daqiqiy boshlagan ishni Abulqosim Firdavsiy nihoyasiga yetkazgan: 50 podshohlikdan iborat 4 ta sulola misolida Eron va Turon xalqlarining qariyb toʻrt ming yillik tarixi yuksak mahorat bilan qalamga olingan 60 ming bayt (120000 misra)dan iborat muazzam "SH." ustida u 30 yildan ortiq vaqt ishlagan. U eng qadimgi davrlardan boshlanib, sosoniylar shohi Yazdigard III davrida arablarning Eronga bostirib kirishi bilan yakunlangan. Firdavsiy "SH."si oʻzidan keyingi Sharq adabiyotiga kuchli taʼsir koʻrsatgan, unga javoban koʻplab "SH."lar yozilib, oʻziga xos shohnomanavislik anʼanasi vujudga kelgan. Bu anʼanani Asadiy Tusiy boshlab bergan: u 1066 yilda 145 bob, 9000 baytdan iborat "Gershaspnoma" dostonini yaratgan. qadimiy Eronning afsonaviy qahramoni boʻlgan Gershasp Jamshidning 6avlodi, Firdavsiy qahramoni Rustamning katta bobosidir. Firdavsiy "SH."sida Gershasp haqida batafsil toʻxtalmagani uchun Asadiy Tusiy uning faoliyatini keng yoritishni maqsad qilgan.

11 — 12-asrlarda "Barzunoma", "Bahmannoma", "Qushnoma", "Faromurznoma" asarlari, keyinroq — moʻgʻullar hujumi arafasida "Jahongirnoma", Qoneʼiy Tusiyning "Saljuqnoma"si, 1300 yilda qatl etilgan shoir Robeʼiy Bushanjiyning "Kartnoma"si, temuriylar davrida "Somnoma", Rustamning qizi Gushaspbonuga bagʻishlangan 4 doston paydo boʻlgan. Bu dostonlar orasida eng salmoqlisi "Barzunoma" boʻlib, uning 2 nusxasi maʼlum: kichigi — 45, kattasi — 65 ming bayt. Qoʻlyozmalari Parij va Dushanbada saqlanadi. Uning oʻzbekcha nusxalari ham mavjud.

"SH." taʼsirida bir necha tarixiy va tasavvufiy dostonlar ham yaratilgan: "Iskandarnoma"lar, mutasavvif shoirlar yozgan pandnoma dostonlar, "SH.", "Shahanshohnoma" nomlari bilan ijod qilingan asarlar shular jumlasidandir. Faqat Hamdulloh Mustavfiy Qazviniyning "Zafarnoma" kitobi "SH."ning davomi boʻlib, 1335 yilgacha boʻlgan tarixiy voqealarni oʻz ichiga oladi. Sohib nomli shoir ham 1320 yilda yozilgan "Daftari dilkusho" asarida "SH."ni davom ettirgan. Badriddin Chochiy ham 35 ming baytdan iborat "SH." yozgan boʻlsada, u hali topilgan emas. Turk shoiri Uzun Firdavsiy ham Boyazidga atab "SH." yozgan. Lekin sulton shoirga dostonini ixchamlashtirishni buyurganidan achchiqlanib, unga qarshi hajviya yozib, Xurosonga qochib ketadi.

Bagʻishlovni hisobga olmaganda, Firdavsiy "SH."sida islom taʼsiri deyarli yoʻq. Holbuki, unga ergashib yozilgan "SH."larda mualliflarning musulmon ekanligi yaqqol sezilib turadi, baʼzi dostonlarda bahodirlar hatto islom dini uchun kurashchilar sifatida tasvirlanadi. Safaviylar davrida yozilgan "Hovaronnoma"da shialik mazhabi uchun kurash asosiy oʻrinni egallaydi va hatto bosh qahramon oʻrnini Hazrat Ali egallaydi. Bundan tashqari, bu dostonlarning barchasi uchun xos xususiyat ularda pandnasihat motivining ustunligidir. "Gershaspnoma"ning ham uchdan bir qismini pandnasihat tashkil etadi. Bu asarlarning birortasi gʻoyaviybadiiy jihatdan Firdavsiy "SH."si darajasiga koʻtarila olmagan, adabiyot taraqqiyotida ham sezilarli rol oʻynamagan.

Adabiyot[tahrir]

  • Shomuhamedov Sh., Shoh kitob va uning muallifi, T., 1992;
  • Homidov H., "Shohnoma"ning shuhrati, T., 1991.

Ergash Ochilov.