Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Qoraqalpogʻiston boʻlimi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Qoraqalpogʻiston boʻlimi — Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi oliy ilmiy muassasa. Asosiy vazifasi tabiiy va ijtimoiy fanlar sohasida fundamental tadqiqotlarni rivojlantirish hamda ishlab chiqarish taraqqiyoti bilan bevosita bogʻliq boʻlgan ishlarni amalga oshirishdan iborat. Qoraqalpogʻistonda ilmiy tekshirish ishlarini muvofiqlashtirish markazi hisoblanadi. Qoraqalpogʻistonda dastlabki ilmiy muassasa — Kompleks ilmiy tekshirish instituti 1931-yil tashkil etilgan. 1939-yil bu institut Qoraqalpogʻiston XKS huzuridagi Til va adabiyot institutiga aylantirildi. Institut 1947-yil Oʻzbekiston FA tarkibiga kirdi va Qoraqalpogʻiston iqtisodiyot va madaniyat ilmiy tekshirish instituti deb nomlandi. 1957-yil institut Kompleks ilmiy tekshirish institutiga aylantirildi. 1959-yil ushbu institut negizida Oʻzbekiston FA ning Qoraqalpogʻiston filiali tashkil etildi. 1991-yil filial Oʻzbekiston FA ning Qoraqalpogʻiston boʻlimiga aylantirildi. Tarkibida N.Dovqorayev nomidagi Til va adabiyot instituti (1959), Tarix, arxeologiya va etnologiya instituti (1992), Bioekologiya instituti (1994), Tabiiy fanlar kompleks instituti (1994), Orolboʻyi xalqlari ijtimoiy-iqtisodiy muammolar instituti (1976—2003 yillarda hisoblash markazi), Botanika bogʻi (1989), Asosiy kutubxonasi bor (2005). Boʻlim ilmiy tekshirish muassasalarida olib borilayotgan tadqiqotlarning asosiy yoʻnalishlari: Orolboʻyi xalqlarining qadimiy davrdan bugungacha boʻlgan tarixi, arxeologiyasi, etnologiyasi; qoraqalpoq xalqi etnogenezi va etnik tarixi, sanʼat, yozma va ogʻzaki tarixiy manbalarini oʻrganish; qoraqalpoq adabiyoti, tili va til tarixi, xalq ogʻzaki ijodiyoti; Orol dengizi havzasining tabiiy muhitga taʼsiri, ekologik inqiroz oqibatlarini oʻrganish, biologik xilma-xillik muammolari; hududdagi tabiiy boyliklardan toʻgʻri va oqilona foydalanishning ilmiy asoslari, xom ashyo zaxiralari, tabiiy boyliklarni topish va ulardan foydalanishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish, yarimoʻtkazgich material va organik birikmalar asosida elektronikaning ayrim muammolarini oʻrganish, hudud sharoitida qayta tiklanuvchi noanʼanaviy energiya turlaridan foydalanish; Qoraqalpogʻiston Respublikasining doimiy rivojlanish dasturini, Orolboʻyi hududi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarining matematik modellarini ishlab chiqish. Boʻlim ilmiy xodimlari oʻz ilmiy yoʻnalishlariga mos 33 mavzu boʻyicha ish olib boradi (2005). Boʻlim ilmiy tekshirish muassasalarida 140 ilmiy xodim, jumladan, Oʻzbekiston FA ning 3 akademigi, 14 fan doktori, 50 fan nomzodi ishlaydi. 1960 yildan Boʻlimning "Axboroti" ("Xabarshısı") nashr etiladi. Boʻlim olim va tadqiqotchilaridan M.Nurmuhamedov, S.Bahodirova, Q.Boyniyozov, S.Niyetullayev, S.Alliyorov, T.Mambetniyazov, A.Nasrullayev, M.Kalenderov, R.Yesemuratova, D.Qozoqboyev, A.Toʻraboyevlar turli davrlarda Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofotiga sazovor boʻlganlar. Oʻzbekiston Respublikasi FAning Qoraqalpogʻiston boʻlimi hayʼati raislari: M.Nurmuhamedov (1959—1961), S.Kamolov (1961-1996), Ch. Abdirov (1996-1997), T.Yeshchanov (1997—2004); 2004 yildan N.K.Ayimbetov.

Yana q.[tahrir | manbasini tahrirlash]

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]