Quva

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Quva
shahar
Quva (Al-Fargʻoniy maydoni).JPG
40°31′24″N 72°03′42″E / 40.52333°N 72.06167°E / 40.52333; 72.06167 G OKoordinatalari: 40°31′24″N 72°03′42″E / 40.52333°N 72.06167°E / 40.52333; 72.06167 G O
Mamlakat Oʻzbekiston
Mintaqa Fargʻona viloyati
tuman Quva tumani
Aholisi
36 975
Vaqt mintaqasi UTC+5
Quva xaritada
Quva
Quva

QuvaFargʻona viloyati Quva tumanidagi shahar (1974-yildan), tuman markazi. Fargʻona shahridan 40 km shimoliy-sharqda. Yaqin temir yoʻl stansiyasi Quva (4 km). Aholisi 40 ming kishi (2005). Fargʻona vodiysidagi eng qadimiy shaharlardan biri.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shaharning vujudga kelishi va nomi haqida turli rivoyatlar mavjud. „Fargʻona tarixi“ning muallifi Ibratning yozishicha, Quva „Qubod“ yoki „Qubo“ deb atalib, keyinchalik „Quva“ shaklini olgan. … va Davan davlati toʻgrisida dastlabki maʼlumotlar mil. av. 2-asrga mansub Xitoy manbalarida keltirilgan. Oʻsha davrda Quva kengayib Qoʻhandiz, Shahriston va Rabod kabi uch qismdan iborat boʻlgan. Shahar tevaragi ikki qator qalin va baland mudofaa devori bilan oʻralgan. Rabodda baland (3,6 m) yaxlit tagkursi ustida budda ibodatxonasi qad koʻtargan. Ibodatxona 8-asr boshlarida arablar tomonidan vayron qilingan. 9—12-asrlarda Quva Fargʻonaning yirik, koʻrkam va obod shahriga aylangan. Istaxriyning taʼkidlashicha, Quva kattaligi jihatidan Fargʻonada Axsikatdan keyin ikkinchi shahar hisoblangan. Ibn Havqalning yozishicha, Quva Sayxun (Sirdaryo)gacha yetib boradigan nahr sohilida qad koʻtargan. Uning markazida Registon maydoni, Qoʻhandizda jome masjidi, Rabodida esa saroy, qamoqxona va bozorlari joylashgan. Quva moʻgʻullar istilosi oqibatida vayron etilib, 14—16-asrlarda qasaba shaklidagi maskanga aylangan. Yoqut Hamaviy Quvani katta shahar deb ataydi. Shahar Mahmud Qoshgʻariyning „Devonu lugʻotit turk“ asariga ilova qilingan xaritasida koʻrsatilgan. Quvada hunarmandchilik rivojlangan. Temirchilik va shishasozlik yuksak darajaga yetgan, shaharning oʻz tangasi zarb qilingan. „Boburnoma“da Quva Andijondan 4 ogʻoch (farsax) narida joylashgan qishloq deb aytiladi.

Quvada hozirda saqlanib qolmagan 2 ta madrasa boʻlgan: Muhammad Alixon va Mir Shahobiddinxoʻja madrasalari.

Tarixchi A.Muhammadjonovning fikricha, shahar nomi „Qaviybod“, „Qavobod“ yoki „Qaybod“ shakllarida talaffuz etilgan va qaviylarning qarorgohi, tojdor hukmdorning kayoniy taxti oʻrnatilgan qasr va mamlakatning bosh shahri — poytaxt maʼnosini anglatgan. Keyinchalik oʻzgarib Quva shaklini olgan.

Quvada 1956—60 yillarda Ya.Gʻulomov boshchiligida (V.D.Jukov, I.Ahrorov, V.A.Bulatova, A.Muhammadjonov, H.Muhamedov, M.Aminjonova) arxeologik qazishma ishlari olib borildi. Arxeologik maʼlumotlarga koʻra, oʻrta asrlarda Quvaning umumiy maydoni 100—120 ga ni tashkil etgan. Shundan Shahriston 12 ga va uning shimoliy-sharqiy burchagidagi arki aʼlo 1 ga maydonni egallagan (Shahriston va Ark qoldiqlari hozirgigacha saqlangan). 1998-yil Ahmad al-Fargʻoniyning 1200-yillik yubileyiga tayyorgarlik koʻrish vaqtida Quvada arxeologik qazishmalar olib borildi. Buning natijasida Shahristonning janubiy mudofaa devori ostidan 8 m dan ziyod chuqurlikdan miloddan avvalgi 2—1-asrlarga oid moddiy madaniyat buyumlari topildi. 1998-yildagi qazishma ishlari natijasida shaharning uch darvozasi oʻrni aniqlandi, shahar xarobasi hududidan turar joy binolari majmuasi va uning shimolida 7—8-asrlarga oid budda ibodatxonasi hamda u yerdagi budda ilohlari haykallari topildi.

Quvadan bir qancha mashhur kishilar, xususan, Ahmad al-Fargʻoniy, Abu Nasr Ahmad ibn Muhammad al-Quboviy, Rukniddin Quboviy, Muhammad ibn Muhammad al-Quboviy, Abduqayum Vaxmiy, Shokirxon Hakimiy va boshqa yetishib chiqqan.

Infrastrukturasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shaharda paxta tozalash, gʻisht zavodlari, mebel, tikuvchilik, qandolatchilik fabrikalari, don mahsulotlari kombinati, aholiga maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari, qurilish tashkilotlari, yoʻllarni taʼmirlash tashkiloti, taʼmirlash-qurilish boshqarmasi, „Issiqnon“, toʻqimachilik korxonalari, dehqon bozori, savdo markazi, anor sharbati ishlab chiqaruvchi sex, avtokorxona bor. Oʻzbekiston — Turkiya „Ahror“ qoʻshma korxonasi faoliyat koʻrsatadi. 5 umumiy taʼlim, bolalar musiqa maktablari, liney.? klub muassasalari. Tuman markaziy, bolalar kutubxonalari, madaniyat va istirohat bogʻi, baynalminal jangchilar, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari xiyobonlari, Ahmad al-Fargʻoniy yodgorlik majmui, oʻlkashunoslik muzeyi, stadion mavjud. Tuman markaziy kasalxonasi, shahar kasalxonasi, tish davolash poliklinikasi, maxsus dispanser, „Ona va bola“ reabilitatsiya markazi, dorixonalar va boshqa tibbiy muassasalar aholiga xizmat koʻrsatadi. Quvadan Fargʻona, Qoʻqon, Margʻilon, Andijon, Asaka, Shahrixon, Oʻsh, Aravon va boshqa shaharlarga avtobus va marshrutli taksilar qatnovi yoʻlga qoʻyilgan.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Abduxoliq Abdurasul oʻgli, Qadimgi Fargʻona tarixidan [Xitoy manbalarida Fargʻona haqida ilk maʼlumotlar]. T., 2002.