Yoqut Hamaviy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Yoqut Hamaviy (toʻliq nasabi Yokut Abu Abdulloh Shahobiddin Yoqub ibn Abdulloh ar-Rumiy al-Hamaviy) (1179, Kichik Osiyo — 1229.20.8, Halab) — mashhur sayyoh, geograf, adib, tarixchi. Bolalik chogʻida asir olingan. Uni bagʻdodlik savdogar Asqar alHamaviy Suriyaning Hama (Hamot) sh.da sotib olgan va qullarga xos ismlardan Yoqut ismini berib, Hamaviy nisbasi bilan atagan. Yo. H. savod chiqargach, xoʻjasining tijorat ishlarini tartibga solib turgan. Keyinroq savdo ishlari bilan xoʻjasiga hamrohlik qilib koʻp mamlakatlarni kezgan. 20 yoshida qullikdan ozod qilingach, Bagʻdod sh.ga borib, ilm oʻrganishni davom ettirgan. Xorijiylarga maslakdosh boʻlgan. 13-asr boshida Xurosonning Marv sh.da yashagan. 1213 y. safarga chiqib, 16 yil davomida Suriya, Falastin, Misr, Arabiston ya. o. janubi, Iroq, Eron, hozirgi Afgʻoniston, Movarounnahrda boʻlib, geogr., tarix, filol., etn.ga oid maʼlumotlar toʻpladi. Manbalardan Yo. H.ning qariyb oʻnta asarining nomi maʼlum. Shulardan 1224 y. yozib tugatgan 14 jildli toponimik asari "Muʼjam ulbuldon" ("Mamlakatlar lugʻati")da Fargʻona vodiysi shahar va qishloqlariga oid maʼlumotlar ham bor. 7 jildli "Muʼjam uludabo" ("Adiblar lugʻati") biografik asarida 7—13-asr boshigacha yashagan va arab tilida ijod qilgan qariyb 1100 adib va olimlar haqida maʼlumot jamlagan. Asarda, jumladan, Oʻrta Osiyoning Xorazm, Buxoro, Marv, Axsikat, Samarqand, Fargʻona, Forob kabi shahar va viloyatlaridan chiqqan olimlar (Abulvafo Muhammad Axsikatiy, Abu Rashod Ahmad Axsikatiy, Abu Nasr Forobiy, MansurashShoshiy, Abulhasan Oʻzgandiy va b.)ning nomi zikr qilingan. "Muʼjam uludabo"da muallif buxorolik Ifriqiy ijodidan bahramand boʻlganligini taʼkidlagan. Bu ikki yirik asar qoʻlyozmasi bizgacha yetib kelgan, ular Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlari kutubxonalarida saqlanmoqda. Yo. H. asarlari 13-asrgacha boʻlgan davr geogr.si, adabiyoti, tili, tarixini oʻrganishda muhim manba sanaladi.

Adabiyot[tahrir]

  • Krachkovskiy I. Yu.., Izb. Soch., 4 t., M.—L., 1957, S. 33042; Hikmatullayev H., Shoislomov Sh., Yoqut Hamaviy (Hayoti, ijodi va sayohati), T., 1965; Sb. materiali iz istorii Sredney i Sentralnoy Azii XXIX vv., T., 1988. [1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil