Tarjimon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

TarjimonBoqchasaroyda Ismoil Gasprinskiy muharrirligida chop etilgan gazeta. 1-soni 1883-yil 10-aprelda chiqqan va shartnomaga koʻra ikki — mahalliy va rus tilida boʻlib, biri ikkinchisining aynan tarjimasidan iborat boʻlgan. Keyinchalik I. Gasprinskiy mavzular doirasidan tarjimalar nisbati va koʻlamigacha oʻzgartirib borishga va gazetani turk islom dunyosining, ayniqsa Rossiya musulmonlarining chinakam milliy gazetasiga aylantirishga erishgan. Gazeta 1914-yil 11-sentabr — Ismoilbek Gasprinskiy vafotiga qadar uning noshirligi va muharrirligida chiqqan. Soʻng bu ishni oʻgʻli Rifat va safdoshi Hasan Sabriy davom ettirganlar. Tarjimon dastlabki yillarda haftada 1, 1903-yildan — 2, 1905-yildan — 3 marta chiqqan. 1912-yildan kundalik gazetaga aylangan. Jami 2826 soni chiqqan. Gazetaga 1905-yilda "Olami nisvon" ("Ayollar olami"), 1910-yildan "Olami sibyon" ("Bolalar olami") gazetalari ilova sifatida chiqarilgan. Obunachilari 5000 tagacha yetgan. Tarjimonning mushtariylari Turkistonda ham koʻpchilikni tashkil qilgan.

Gazeta turkiy xalqlarning umumiy adabiy tilini yaratishga, til birligiga alohida eʼtibor bergan. Uningcha, til va din birligi millatning millat boʻlishidagi eng muhim omillardan sanalgan. "Tilda, fikrda, ishda birlik" soʻzlari gazetaga shior qilib olingan. Gazetada dunyo xabarlari, Rossiya musulmonlari hayoti, mashhur kishilar turmushi, turk dunyosi adabiyoti namunalari kabi doimiy mavzulardan oldiqochdi hangomalar, reklama-eʼlonlargacha berib borilgan. Lekin Turkiston tarixi, kundalik hayoti, maktab maorifi, til va adabiyoti, umumiy milliy-fikriy uygʻonishidagi har bir yangilik gazetaning hamisha diqqat markazida turgan. Gazeta tarkibida Tarjimon bosmaxonasi ham faoliyat koʻrsatgan. Bosmaxonada yuzga yaqin turli-tuman risolalar chop etilgan.

Adabiyotlar[tahrir]

  • Gankevich V., Na slujbe pravde i prosvesheniyu, Simferopol, 2000.