Nasrulla
![]() | ||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
| ||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
Nasrullaxon (1806.1.6 - Buxoro 1860.5.10) — Buxoro amirligining amiri (1827 — 1860), oʻzbek mangʻitlarlan. Amir Haydarning oʻgʻli.
Otasining hukmronligi davrida Qarshida hokimlik qilgan. Amir Xaydar vafotidan soʻng hokimiyat uchun kurashlarda akalari amir Mir Husayn (1797— 1826) va amir Umar (1826 yil v.e.)ni oradan koʻtarib, Buxoro taxtiga oʻtiradi (1826).
Nasrullaxon oʻz hukmronligi davrida islom shariati koʻrsatmalariga qatʼiy amal qilgan. Nasrullaxon jasur va dovyurak kishi boʻlganligi bois unga "bahodir", "botir" unvonlari berilgan. Nasrullaxon davlat hokimiyatini mustahkamlash maqsadida urugʻ va qavm boshliqlari boʻlgan koʻplab amaldorlarni quyi tabaqalardan chiqqan yosh va gʻayratli kishilar bilan almashtirdi. 1837 yilda harbiy sohada islohotlar oʻtkazib, oʻz qoʻshinining jangovar holatini yaxshiladi. Har biri 800 kishidan iborat 50 ta sarbozlar boʻluklari va 250 kishilik toʻpchilar guruhi tashkil qilingan. Muntazam piyoda qoʻshinining soni 40000 kishidan ortiq boʻlgan.
Nasrullaxon qatʼiy markazlashtirish siyosatini olib borgan: markaziy hokimiyatga boʻysunishni istamagan Shahrisabz va Kitob beklarining qarshiligini sindirib, separatistik (ajralish va taslimchilik) kayfiyatlariga barham berdi. Amir butun Movarounnahr va Xorazmni yagona davlat ostiga birlashtirishga intildi. U bu rejasini toʻliq amalga oshira olmagan boʻlsa ham, qisqa muddat davomida butun Movarounnahrni yagona davlat sifatida boshqardi. Qoʻqon xonligi hududining Buxoro amirligi tarkibiga qoʻshib olinishi mintaqadagi ikki oʻzbek davlatchiligini oʻzaro birlashtirish edi.
Nasrullaxon oʻzining faol siyosatida qator yutuqlarga erishib, Buxoro davlatining yaxlit qismi hisoblangan Balx, Marv va boshqa viloyatlar hududlarini amirlik ixtiyoriga yana qaytardi. Biroq bu hududlar keyinchalik turli sabablar natijasida Buxoro amirligi tarkibidan chiqib ketdi.
Shu bilan birga Nasrullaxon oʻz faoliyatida bir qator jiddiy siyosiy xatolarga ham yoʻl qoʻydi. Davlat miqyosidagi eng muhim lavozimlarga turkiy oʻzbek qavmlaridan tashqari ajnabiylarning qoʻyilishi, davlat boshqaruvida eroniy qullar boʻlgan shialarning taʼsiri oshishi, Mangʻitlar oʻzbek sulolasining forslashish jarayoni, oʻzbek tilining mavqei pasayishi va boshqalar ana shunday jiddiy xatolardandir. Buning ustiga Nasrullaxon tomonidan Nodirabegimning oʻldirilishi uning obroʻsiga salbiy taʼsir koʻrsatgan.
Maʼmuriy va harbiy sohadagi islohotlari[tahrir]
Nasrullaxon tomonidan Buxoro amirligida oʻtkazilgan turli islohotlar natijasida davlatning iqtisodiy va harbiy qudrati birmuncha yuksaldi. Maʼmuriy sohadagi islohotlar oqibatida davlat boshqaruviga xalqning turli tabaqalari orasidan chiqqan kishilar kelib qoʻshildi. Ayniqsa, harbiy sohadagi islohotlarning natijasi keyinchalik Rossiya imperiyasining tajovuzi va hujumiga qarshi kurashda Buxoro amirligining uchta oʻzbek davlati oʻrtasida nisbatan eng keskin va qattiq qarshilik koʻrsatishiga olib keldi. Rossiya imperiyasi bosqiniga qarshi kurashda Buxoro amirligi magʻlubiyatga uchragan boʻlsa ham, mamlakat hududlarining muayyan qismi saqlab qolindi.
Nasrullaxon 1837-yil Sarbozlar batalonini — Markaziy Osiyoda oʻqotar qurol bilan qurollangan va kazarmalarda joylashgan ilk muntazam qoʻshinni tuzdi[1].
Qoʻqon xonligiga qarshi urush 1841-1842[tahrir]
Fargʻona vodiysi ulamolarining talabi bilan Qoʻqonga yurish qilib, xonlik hududini egallagan (1842). Biroq u Qoʻqon xoni Muhammad Alixon qatl qilish bilan cheklanmasdan, uning onasi — mashhur shoira Nodirabegimni ham oʻldirtiradi. Nasrullaxon tomonidan Qoʻqonga Ibrohim parvonachi mangʻitning noib qilib qoldirilishi salbiy oqibatlarga olib kelgan. Noib mahal-liy aholiga zulm oʻtkazib, soliklarni koʻpaytirdi. Natijada tez orada Qoʻqon qoʻldan ketadi. Nasrullaxon Marvni ham Buxoroga boʻysindiradi (1843).
Shahrisabzga qarshi urush[tahrir]
Shuningdek, Nasrullaxon qoʻshini 20 yilda olib borgan 32 ta harbiy yurishidan soʻng Shaxrisabzni uzil-kesil egallagan (1856). Shahrisabz markaziy hokimiyatga boʻysungach, u sulh ramzi sifatida mahalliy hukmdor Iskandar Valloma (valineʼma)ning singlisi Kenagasxonimga uylandi.
Nasrullaxon hukmronlik qilgan yillar Turkiston mintaqasida Rossiya-Angliya manfaatlari oʻzaro toʻqnashgan davr hisoblanadi.
Nasrullaxon tomonidan va uning davrida Buxoroda Qozi Hasanxoʻja, Olimjonboy, Eshoni Pir, Mirzo Ubayd, Modorixon, Ismoilxoʻja (1829) Aliy Choʻbin, Mirzo Abdulgʻaffor, Tojiddin madrasalari (1860) qurildi, Xalifa Xudoydod meʼmoriy majmuasining qurilishi yakunlandi (1855). Bu paytda tarixchi Muhammad Mirolim Buxoriy "Fathnomai sultoniy" ("Sulton fathnomasi") asarini yozgan. Keyinchalik mashhur alloma boʻlib yetishgan yoshAhmad Donish Nasrullaxon nazariga tushib, sa-royga xizmatga olingan.
Oʼlimi[tahrir]
Nasrullaxon 1860 yilning 5 oktabrida[2] vafot etadi va Buxoroda dafn etilgan. Taxtga ugʻli Muzaffar chiqdi.
Adabiyot[tahrir]
- Traktat Axmad Donisha "Istoriya mangitskoy dinastii". Dushanbe, 1967; Mirza Abdal’azim Sami. Tarixi salatin-i mangitiyya. M., 1962; Oʻzbekiston tarixi: davlat va jamiyat taraqqiyoti, 1-qism, T., 2000.[3]
Manbalar[tahrir]
- ↑ Бабаев Б. / Из истории организации регулярного войска в Бухарском эмирате при эмире Насрулле (1827—1860)
- ↑ О некоторых событиях в Бухаре, Хоканде и Кашгаре, Записки Мирзы-Шемса Бухари, изданный в тексте, с переводом и примечаниями, В.В.Григорьевым. Казань,1861, 91 bet
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
![]() | Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
|