Mahdixoja madrasasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Madrasa
Mahdixoja madrasasi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Buxoro viloyati
Shahar Buxoro
Maktab yoʻnalishi sunniy
Mulkdor Mahdixoja
Meʼmoriy uslub Markaziy Osiyo meʼmorchiligi
Binokorlik tashabbuschisi Mahdixoja
Asosiy sana:
XIX asr
Holati Saqlanib qolmagan
Hujralar soni 10 ta
Qurilish materiali Pishiq gʻisht


Mahdixoja madrasasi — Buxoro madrasasi. Hozirgi kunda madrasa saqlanib qolmagan. Mahdixoja madrasasi XIX asrda Mirzo Ubayd guzarida[1], Buxoro amirligida hukmronlik qilgan Amir Nasrullo davrida, Mahdixoja tomonidan bunyod etilgan. Mahdixoja qozikalon lavozimida ishlagan. Tadqiqotchi olim Abdusattor Jumanazarov ushbu madrasaga oid bir qator vaqf hujjatlarini oʻrgangan boʻlib, madrasa bilan bogʻliq maʼlumotlar keltirgan. Qozikalon Mir Badriddin arznomasida Qalmoqjon oyim madrasasi mulla Nematulloh Mahdixoja madrasasi mudarrisi mulla Abdrahmonninhg boʻsh qolgan oʻrniga oʻtkazilishi bildirilgan va maoshi 18 tillani tashkil etgan. Bundan tashqari madrasada mudarrislik qilgan mulla Abdurazzoq toʻgʻrisida ham maʼlumot mavjud boʻlib, uning maoshi 20 tillani tashkil etgan. Sovet inqilobi arafasida Mahdixoja madrasasida mulla Toshxoja talabalarga taʼlim bergan. „Silsilai salotini mangʻitiya“ asarida madrasa bunyodkori Qozi Mahdixoja ibn qozi Maʼsumxoja ibn Abulhayxoja shayxulislom Samamrqandiy deb koʻrsatilgan. Mahdixoja mujaddiya-naqshbandiya tariqati vakili boʻlgan. Madrasada XX asrning birinchi choragida, mulla Yunusxoja mudarrislik faoliyatini olib borgan. Mazkur madrasada mudarrislik qilgan koʻplab kishilar toʻgʻrisida arxiv hujjatlarida maʼlumotlar saqlanib qolgan. Madrasa har bir hujrasida ikki nafar talaba yashagan. Mahdixoja madrasasida tahsil olgan talabalar toʻgʻrisida ham maʼlumotlar mavjud[2]. Jumladan Ubaydulloh Toshkandiy, mulla Abdushukur va Jar qozoq kabi talabalar nomlari keltirilgan. Madrasa Sadri Ziyo maʼlumotlariga koʻra madrasa Mirzo Ubayd guzarida joylashgan va vayron boʻlgan[3]. Mahdixoja madrasasi 10 ta hujradan iborat boʻlgan. Ushbu madrasa Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi uslubida bunyod etilgan. Madrasa pishiq gʻisht, yogʻoch, tosh va ganchdan qurilgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Rahmatova S, Qurbonov H. Buxoro guzarlari tarixidan lavhalar. Buxoro: Buxoro nashriyoti, 1995 — 144 bet. 
  2. Abdusattor Jumanazar. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Toshkent: Akademnashr, 2017 — 592 bet. 
  3. Muhammad Ali Baljuvoniy. Tarixi Nofeyi (Foydali tarix). Toshkent: Akademiya nashriyoti, 2001 — 122 bet.