Mulla Solih madrasasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Mulla Solih madrasasi
Joylashuv Buxoro
Turi madrasa
Xarita

Mulla Solih madrasasi Modarixon Labi rud guzarida joylashgan bo‘lib, 7 hujradan iborat bo‘lgan. Uning vaqf hujjati bo‘lgan. G‘ilofda, o‘lchami 221,5 x 19,9 sm, tili forsiy, chiroyli nastaʼliq xatida yozilgan. G‘ilof ustiga „Vaqfi madrasayi Modarixon Labi rud“ jumlasi yozib qo‘yilgan. Hujjat matnida madrasani qurdirgan shaxs ismi keltirilgan.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hijriy 1277-yili muharram oyida (1860-yil iyul' — avgust) mo‘minlar amiri Nasrullaxon Poyi ostona guzaridagi bir oliy saroyni Modarixon guzaridagi madrasa va masjid uchun vaqf qiladi. Madrasa g‘arbida Urganjiy saroychasi, shimolida ko‘cha, sharqida Mir Abdurahmon valadi Mir Sharif va Yaʼqub valadi Abdulloh hovlisi, janubida ham ko‘cha bor bo‘lgan. U pishiq g‘ishtdan qurilgan darvoza, saroy va 7 hujradan tashkil topgan. Hujjatda ushbu madrasani mulla Solih Andhuyiy ibn Ali Do‘stboy qurdirgani taʼkidlangan. Aslida, vaqf qilingan saroy ham uning mablag‘iga qurilgan bo‘lgan. Mutavalli vazifasiga oliy hukmdor solih va taqvoli kishilardan birini tayinlagan. Vaqf hosili, avvalo, imorat ehtiyojiga sarflangang. So‘ngra mutavalli ushr olgan. Qolgan 9 hissa 17 qismga bo‘lingan. Undan mudarrisga 3, muazzinga 1, yetti hujrada yashab o‘qiyotgan 14 nafar talabaga 10 hissa haq berilgan. Mudarris madrasa masjidida imomlik ham qilgan. Bundan tashqari, u har kuni Qur’onning bir porasidan 1/4 qismini o‘qib savobini mulla Solih ruhiga bag‘ishlagan. Buning uchun unga yana 1,5 hissa haq to‘langan. Meshkobchi 1,5 hissa ulush olgan. Bu mablag‘ga u muakkil bo‘lib, sartarosh va farroshga undan 2/3 hissa bergan, qolganini o‘zi olgan. Hujjat Amir Nasrulloh, qozi ul-quzzot So‘fixoja ibn Omonullaxoja va boshqa rasmiy shaxslar muhrlari bilan tasdiqlangan.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Abdusattor Jumanazar. Toshkent: Akademnashr, 2017. — B. 373.