Librevil
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Librevil — Gabon poytaxti. Mamlakatning yirik sanoat markazi va dengiz porti. Estuariy provinsiyasining maʼmuriy markazi. Mamlakatning shimoli-gʻarbiy qismida, Gabon buxtasi sohilida joylashgan. Iqlimi ekvatorial iqlim; eng sovuq oy (iyul)dagi temperatura 24°, eng issiq oy (aprel)da 27°. Yiliga oʻrtacha 2648 mm yogʻin yogʻadi. Aholisi 362 mingdan ziyod kishi (1990-yillar oʻrtalari). Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Librevilga 1849-yilda Portugaliyaning qullar tashiladigan kemasidan ozod boʻlgan afrikalik qullar guruhi tomonidan asos solingan (nomi ham shundan kelib chiqib, fransuz tilida "Erkin shahar" degan maʼnoni anglatadi). 1886—88 yillarda Gabon fransuz mustamlakasi gubernatori qarorgohi; 1888—91 yillar Gabon-Kongo fransuz mustamlakasining, 1891 — 1904-yillar Fransiya Kongosining maʼmuriy markazi. 1960-yildan mustaqil Gabon poytaxti. Taxta tilish va yogʻochsozlik (faner ishlab chiqarish) sanoati korxonalari, shuningdek, yengil (toʻqimachilik, poyabzal, mebel) va oziq-ovqat (qahva, sholi oqlash, tamaki qayta ishlash) sanoati; elektr va radio jihozlari ishlab chiqariladi, kema verfi bor. Neft, yogʻoch-taxta, faner, qahva, kakao eksport kilinadi. Shaharning markaziy qismida Prezident saroyi, Milliy majlis, O.Bongo nomidagi universitet, Radio va televideniye uyi, savdo muassasalari kabi koʻplab zamonaviy binolar, Librevil yaqinida chuqur suvli Ovendo porti qurilgan.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |