Kontent qismiga oʻtish

Rabot (shahar)

Vikipediya, erkin ensiklopediya

RabotMarokash poytaxti. Sale shahri bilan R.-Sale prefekturasini tashkil etadi. Atlantika okeani sohilida, unga Bu-Regreg daryosining quyilish yerida joylashgan. Aholisi 1,38 mln. kishidan ziyod (1990-yillar oʻrtalari). Iqlimi subtropik, oʻrtacha temperatura yanvarda 12°, iyulda 22°. Yillik yogʻin 530 mm. Transport yoʻllarining muhim tuguni, temir yoʻl va avtomobil yoʻllari orqali mamlakatning boshqa yirik shaharlari, shuningdek, Jazoir va Tunis bilan bogʻlangan. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Rabot — mamlakatning yirik iqtisodiy markazi. Sanoatining asosiy tarmoqlari: toʻqimachilik va tikuvchilik, oziq-ovqat, metallsozlik, koʻn-poyabzal, yogʻochsozlik, kimyo, poligrafiya. Mebel, mineral oʻgʻitlar ishlab chiqariladi. Rabot — mamlakatning ilmiy va madaniy markazi: universitet (1957), konservatoriya, ilmiy tadqiqot muassasalari, milliy teatr, Udayya muzeyi, xalq sanʼati va boshqa muzeylar, kutubxonalar bor. Shaharda banklar, hukumat idoralari joylashgan.

Shaharga 1150-yilda muvahhidlar tomonidan asos solingan. XVII asrda Rabotga Andalusiyadan musulmon hunarmand va savdogarlarining koʻchib kelishi munosabati bilan shahar tez rivojlandi. 1627— 66 yillarda mustaqil Rif respublikasi poytaxti. XIX asrda Rabot siyosiy va iqtisodiy markazga aylandi. XX asr boshlarida fransuz bosqinchilariga qarshi milliy ozodlik kurashi markazi. 1912—56-yillarda Fransiya protektoratining maʼmuriy markazi. 1956-yildan mustaqil Marokash davlatining poytaxti.

Rabotning tarixiy markazi Bu-Regreg daryosi boʻyidagi qoya ustida joylashgan. Shaharning eski qismi XII asr oxirida baland devor bilan oʻralgan. Meʼmoriy yodgorliklaridan Katta masjid (XIV asr), Hasan masjidi (XII asr), maqbaralar, Qirol saroyi (1775) va boshqa saqlangan. Shaharning janubida yangi zamonaviy binolar qurilgan[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil