Antananarivu (Tananarive) — Madagaskar Respublikasining poytaxti. Antananarivu provinsiyasining maʼmuriy markazi. Madagaskar orolning markaziy qismidagi platoda joylashgan. Aholisi 802 ming kishi (1990). Mamlakatning iqtisodiy markazi. Antananarivu Tamatave porti va Ansirabe shahri bilan temir yoʻl orqali tutashgan. Avtomobillar yoʻllari tuguni. Antananarivudan 50kilometr narida xalqaro aeroport bor. Sanoati oziq-ovqat (goʻsht konservalash, sholi oqlash), charm poyabzal, kimyo, tikuvchilik, yogʻochsozlik korxonalaridan iborat. Universitet, tibbiyot va farmakologiya, adabiyot va sotsiologiya milliy maktablari, Fanlar Akademiyasi, tarix va xalq sanʼati muzeylari, teatrlar, rasadxona, botanika bogʻi bor. Antananarivu XVII asr 1-yarmida bunyod etilgan. XVII-XIX asrlarda Madagaskar qirollarining qarorgohi. 1895-yilda Antananarivuni Fransiya qoʻshinlari egallagach, Tananarive nomi bilan Fransiyaning Madagaskar mustamlakasi maʼmuriy markazi. 1960-yil 26-iyundan mustaqil Malagasiya Respublikasining, 1975-1992 yillar Madagaskar Demokratik Respublikasining poytaxti.