Hanafiylik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Hanafiylik — sunniylikda diniy-huquq mazhablaridan biri. Imomi Aʼzam asos solgan. Hanafiylik qoidalari Abu Yusuf Yoqub (795-yil), Muhammad ash-Shayboniy (804-yil), Quduriy (1036-yil) va boshqa asarlarida ishlab chiqilgan. Bu mazhab tarafdorlari fiqhning 4 asosiy manbaini eʼtirof etish bilan birga boshqa mazhablar vakillariga nisbatan fiqh talablariga rioya etishning qiyos va ijtihod usullaridan kengroq foydalanadi. Bu mazhabning asosiy xususiyatlari quyidagilardan iborat: Qurʼoni karimdan hukm olishda oyatlarning nosix va mansuxlarini obdon aniqlab olish; hadisi shariflardan huquqqa doirlarini sharʼiy hukmlarga asos qilib olishda har bir hadisning sahihligiga katta eʼtibor berish va ularning nosix, mansuxligini chuqur aniqlash; sahobalarning ittifoqlik ila chiqargan qarorlari (ijmoʼ) hamda qiyos va ijtihod usullariga binoan huquqiy xulosa chiqarishdan tashqari istihson deb ataluvchi qoʻshimcha manbadan ham foydalanish.

Hanafiylik mazhabi oddiy huquqdan (urf-odatdan) ham huquqning keng mustaqil yordamchi manbai sifatida foydalanadi, bu hol hayotiy ehtiyojlarni va mahalliy odatlarni hisobga olib huquqiy qarorlar qabul qilish imkonini beradi. Bu mazhab qoidalari moʻʼtadilligi, birmuncha yumshoqligi, qulayligi, xalqlarning mahalliy anʼanalarini eʼtiborga olganligi sababli XI asrdan boshlab shimol va sharqqa keng yoyilgan. Kichik Osiyo, Bolqon, Shimoliy Kavkaz, Qora dengiz, Volga boʻyilari, Markaziy Osiyo mamlakatlari, Afgʻoniston, Hindiston va Xitoyning olis hududlariga tarqalgan. Hozirgi davrda dunyo musulmonlarining qariyb yarmi, shu jumladan, Oʻzbekiston musulmonlari hanafiylik mazhabiga amal qilgan holda musulmonchilik qonun-qoidalarini bajarib kelmoqda.