Ali Ibn Abu Tolib

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Ali Ibn Abu Tolib (taxminan 600-661, Koʻfa) – islomda "xulafo ar-roshidin" ("toʻgʻri yoʻldan borgan xalifalar"), dindorlar oʻrtasida "choryorlar" deb atalgan dastlabki 4 xalifadan toʻrtinchisi. Quraysh qabilasining hoshimiylar xonadonidan. Muhammad (sav)ning amakivachchasi va kuyovi (Fotimaning eri). usmon ibn affon (r.a) fitnada qatl qilinganidan so'ng . Muhammad(sav)ning barcha yurishlarida ishtirok etgan, qoʻrqmas va sodiq jangchi, oʻta taqvodor inson, mohir notiq A. xalifalikka munosib nomzod sifatida koʻpchilikka maqul keldi. 656 yil iyunida A. xalifa deb eʼlon qilindi. Qatl etilgan Usmonning qarindoshi Suriya hokimi Muoviya A. ga qarshi urush eʼlon qildi. 657 yil Furot daryosi oʻng qirgʻogʻidagi Siffin degan joyda yuz bergan jangda A. qoʻli baland kelgan boʻlsada, u raqiblari bilan kelishishga koʻndi. Bundan norozi boʻlgan A.askarlaridan 12 ming kishi jang maydonini tark etdilar va xavorijiylar deb atalgan diniysiyosiy oqimni tashkil qildilar. Xorijiylar raqiblariga nisbatan yakka terror usulini qoʻllay boshladilar. 661 yil 19 yanvarda A. Ibn Muljam degan shaxs tomonidan masjiddan chiqish paytida jarohatlandi va ikki kundan soʻng vafot etdi. Islomda A. shaxsiga munosabat turlichadir. Xavorijiylar unga oʻta salbiy munosabat bildirgan boʻlsalar, shialar aksincha uni ilohiylashtirib yuborganlar. Ahli sunna A. shaxsiga moʻʼtadil va toʻgʻri baho beradi. Shubhasiz, A. Umar ibn al-Xattob singari islom gʻalabasi yoʻlida katta xizmat koʻrsatgan arbob, islom ahkomlari, Qurʼon va uning tafsirlari hamda hadis rivoyatlari bilan bogʻliq koʻp masalalarning chuqur bilimdoni boʻlgan. A. tarafdorlari keyinchalik islomdagi shialik (arab.– "shia" – guruh, bu oʻrinda "Ali tarafdorlari" mazmunida) oqimini tashkil etganlar. A. shialarning 1-imomi va shia imomlari shajarasini boshlab beruvchi hisoblanadi. Shialar oʻrtasida A.ning qahramonliklari va sarguzashtlarini tasvirlovchi juda koʻp rivoyatlar toʻqilgan va bu sunniylar oʻrtasida ham keng yoyilgan. Shia yoʻnalishining baʼzi ashaddiy firqalari A. shaxsini ilohiylashtirib, uni Muhammad paygʻambardan ham yuqori qoʻyadilar. Oʻrta Osiyo, xususan, Oʻzbekistonda bir necha qadamjo va mozorlar A. nomi bilan bogʻlanib, muqaddaslashtirilgan. Haqiqatda esa A. Oʻrta Osiyo va Eronda hech qachon boʻlmagan.

Ahadjon Hasanov.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil