Katmandu

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Katmandu — Nepal poytaxti. Mamlakatning iqtisodiy va madaniy markazi. Baghmati daryosi sohilida, 1360 m balandlikda joylashgan. Iklimi mussonli, tropik togʻ iklimi, iyulning oʻrtacha t-rasi 24,5°, yanvarniki 18,3°. Yillik yogʻin 1400 mm. Tez-tez zilzila boʻlib turadi. Aholisi shahar atrofi bilan 420 ming kishidan ziyod (1990-y.lar oʻrtalari).

K.ga 724 y.da asos solingan, dastlab Kantipur deb atalgan. K. nomi 16-a. oxirida qurilgan Kastamandap ibodatxonasi nomidan olingan. K. 12—18-a. oʻrtalarigacha hozirgi Nepal xududida mavjud boʻlgan turli knyazliklarning poytaxti boʻlib keldi. 1769 y.dan Nepal davlatining poytaxti.

K. — transport yoʻllarining muhim tuguni. Havo yoʻllari orqali Nepalning boshqa shaharlari, shuningdek, Hindiston, Bangladesh, Myanma, Tailand bilan bogʻlangan. Yengil va oziqovqat sanoatlari rivojlangan. Q. x. mahsulotlarini qayta ishlovchi korxona koʻp, hunarmandchilik korxonalari va ustaxonalar ham bor. Badiiy oʻymakorlik va zargarlik buyumlari tayyorlanadi. Toʻqimachilik, koʻn poyabzal, remont-mexanika, kulolchilik korxonalari, gʻishtcherepitsa zavodi va b. mavjud. Un-t, kollejlar, Qirollik akademiyasi, Milliy, Markaziy kutubxonalar, Milliy teatr va muzey, gospital va b. bor.

K. — Buddizm dini markazlaridan. Meʼmoriy yodgorliklari: Katx Mandir (Kastamandap) pagodasi (1596), saroy va ibodatxonalar majmui (15—18-a.lar), saroy (20-a.), Bhismena minorasi (1834) va b. Shahar yaqinida Bodxnatx stupasi va Svayambxunatx meʼmoriy-skulptura majmuasi (mil. av. 3-a.), Pashupatinatx ibodatxona majmuasi (13-a.) saqlangan.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil