Sano

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Sano — Yaman davlati poytaxti. Mamlakatning gʻarbiy qismida, 2400 m balandlikdagi vodiyda joylashgan. Aholisi 450 ming kishi (1998). Iqlimi tropik iqlim, yanvarning oʻrtacha t-rasi 13,7°, iyulniki 21°. Yillik yogʻin 600 mm gacha. S. — mamlakatning savdotransport va sanoat markazi. Avtomobil yoʻli orqali Hoʻdayda porti (Qizil dengiz), Adan va Makka sh.lari bilan bogʻlangan. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Toʻqimachilik, qurolaslaha, mebel, tamaki, oziq-ovqat, sement, poyabzal korxonalari bor. S. — hunarmandchilikning yirik markazi: zargarlik va uyroʻzgʻor buyumlari, gazlama va b. ishlab chiqariladi. Shahar 1-a.dan maʼlum. 5—6 a.lardan Yamanning siyosiy markazi. Oʻrta asrlarda S. Orqali muhim savdo yoʻllari oʻtgan. 7-a. oʻrtalaridan 9-a. oʻrtalarigacha arab xalifaligi noiblarining qarorgohi, 9-a. oʻrtalaridan 11-a.gacha mustaqil davlat poytaxti. 1546— 1628 va 1871—1911 y.larda Turkiya qoʻl ostida boʻlgan. 1918—62 y.larda Yaman kirolligi, 1962—90 y.larda Yaman Arab Respublikasi, 1990 y.dan boshlab Yaman Respublikasi poytaxti. Meʼmoriy yodgorliklardan shahar koʻrgʻoni, Jome alKabir masjidi, karvonsaroylar saqlangan. 1982 y.dagi zilzilada shahar kuchli zarar koʻrgan. [1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil