Laos
Lao Xalq Demokratik Respublikasi ສາທາລະນະລັດ ປະຊາທິປະໄຕ ປະຊາຊົນລາວ
| |
---|---|
Shior: ສັນຕິພາບ ເອກະລາດ ປະຊາທິປະໄຕ ເອກະພາບ ວັດທະນາຖາວອນ Tinchlik, mustaqillik, demokratiya, birdamlik va rivojlanish | |
Madhiya: Pheng Xat Lao (Hymn of the Lao People) | |
Poytaxt | Viyentian |
Rasmiy til(lar) | Laos tili |
Hukumat | Bitta-partiyalik davlat |
Thongloun Sisoulith | |
Phankham Viphavanh | |
Mustaqillik (Fransiyadan) | |
• Sana |
19-iyul 1949 |
Maydon | |
• Butun |
236,800 km2 (81-oʻrin) |
Aholi | |
• 2002-yilgi roʻyxat |
6,217,141 (102-oʻrin) |
• Zichlik | 26/km2 |
YIM (XQT) | 2005-yil roʻyxati |
• Butun |
AQSh$11,920 mil. (132-oʻrin) |
• Jon boshiga |
AQSh$1,917 |
Pul birligi | Kip (LAK) |
Vaqt mintaqasi | UTC+7 |
• Yoz (DST) |
UTC+7 |
Qisqartma | LA |
Telefon prefiksi | 856 |
Internet domeni | .la |
|
Laos, Laos Xalq Demokratik Respublikasi (Sathalanalat Pasathipatai Pasacon Lao) — Janub-Sharqiy Osiyoda, Hindixitoy yarim oralning markaziy qismida joylashgan davlat. Maydoni 236,8 ming km². Aholisi 5,6 mln. kishi (2001). Poytaxti — Vyentyan shahri Maʼmuriy jihatdan 13 kxueng (viloyat)ga boʻlinadi.
Davlat tuzumi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Laos — xalq-demokratik respublikasi. Amaldagi konstitutsiyasi 1991-yil 14-avgustda qabul qilingan. Davlat boshligʻi — prezident (1998-yildan Khamtay Sipxandon), u Millat majlisi tomonidan 5 yil muddatga saylanadi, bosh vazir, vazirlar va boshqa mansabdor shaxslarni tayinlash huquqiga ega. Qonun chiqaruvchi hokimiyat Millat majlisi (bir palatali parlament) boʻlib, u aholi tomonidan umumiy toʻgʻri ovoz berish yoʻli bilan 5 yil muddatga saylanadi. Ijroiya hokimiyat — bosh vazir boshchiligidagi hukumat.
Tabiati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Laos, asosan, togʻli mamlakat. Laosning shimoliy oʻrtacha balandlikdagi togʻ tizmalari va platodan iborat. Trannin togʻligida L.dagi eng baland choʻqqi — Bia togʻi (2820 m) joylashgan. Mamlakat sharqida Annam togʻining Chiongshon tizmasi, janubda Boloven platosi bor. Mamlakat gʻarbi va janubi-gʻarbi allyuvial tuproqli pasttekislikdan iborat. Relyefning karst shakllari tarqalgan. Laosda temir rudasi, qalay, oltin, rangli va noyob metallar, koʻmir, kaliy tuzi, chaqmoqtosh konlari mavjud.
Iqlimi subekvatorial, mussonli. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi shimolda 15° dan janubda 23°gacha, iyulniki 28—30°. Togʻlarida qora sovuq boʻlib turadi. Yillik yogʻin togʻlarda 3000 mm gacha, platoda 1600 mm. Noyabr—aprel quruq mavsum, may — oktabr namgarchilik mavsumi hisoblanadi. Yirik daryosi — Mekong; uning ayrim qismlarida kema qatnaydi. Falokatli suv toshqinlari boʻlib turadi. Tuproqlari, asosan, togʻ laterit tuproqlar. Laos hududining 2/3 kismi oʻrmon (tik, bambuk, dub, qaragʻay, pushti, qora va sandal daraxtlari). Plato va vodiylarida savanna. Hayvonot dunyosi boy: fil, yoʻlbars, krshton, ayiq va boshqa uchraydi. Maymunlar, sudralib yuruvchilardan ilon, kaltakesak, timsoh koʻp. Xilmaxil qushlar, koʻrshapalaklar yashaydi.
Aholisi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Asosiy aholisi lao (70%); shuningdek kxmu, meo, yao va boshqa xalqlar — xitoylar, vyetnamlar, hindlar va boshqa yashaydi. Rasmiy til — lao (laos) tili. Aholisining koʻpchiligi buddaviylikka, qolganlari anʼanaviy mahalliy dinlarga eʼtiqod qiladi. Aholisining 19% shaharlarda yashaydi. Yirik shaharlari: Vyentyan, Savannakxet, Luang-prabang, Pakse, Thaqxek.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Laos hududida odam yuqori paleolit davridan yashaydi. Milodiy 1-ming yillikning 1-yarmida Laos hududida kxmerlar davlati — Funanning siyosiy va iqtisodiy taʼsiri kuchli boʻlgan. Funan oʻrniga kelgan Chenla (7— 8-asrlar) va Kambujadesh (9—13-asrlar) davlatlari davrida Laosning janubiy hamda markaziy qismida kalʼalar va shaharlar bunyod etildi. 9-asrga kelib tai va laos feodal knyazliklari paydo boʻldi. 1353-yil horzirgi Laos va Sharkiy Tailanddagi knyazliklar birlashtirilib, markazlashgan Lansang davlati tuzildi. 1707-yil Lansang davlati Luangprabang, Vyentyan knyazliklariga boʻlinib ketib, Siangkxuang (SiyengKuang) knyazligiga qaram boʻlib qoldi (1710). 1828-yil Vyentyanning bir kismi Siyom, 1832-yil Siangkxuangning koʻpgina hududi Vyetnam qoʻl ostiga oʻtdi. 1893-yilda Luangprabang Fransiya protektoratiga aylantirildi. Shundan keyin Sharqiy Tyampatsak va sobiq Vyentyan knyazligi hududi mustamlaka sifatida Fransiya Laosi nomi bilan Hindixitoy Ittifoqi tarkibiga kirdi. Laos xalqi Fransiya hukmronligiga qarshi bir necha marta qoʻzgʻolon koʻtardi (1901—07; 1910—36). 1936—38 yillardagi milliy ozodlik harakati Laos, Vyetnam va Kambodja xalq-demokratik harakati tusini oldi.
Ikkinchi jahon urushi davrida mamlakatni Yaponiya bosib oldi. 1946-yilning boshida fransuz qoʻshinlari Laosni yana ishgʻol qildi. 1950-yil 13-avgustda oʻtkazilgan xalq vakillari sʼyezdila Laos Birlashgan milliy fronti (Neo Lao Itsala) tuzildi. 1953-yil oktabrda Xalq ozodlik armiyasi tazyiqi ostida Fransiya Laosni mustaqil qirollik sifatida tan oldi, biroq 1954-yil Jeneva bitimidan keyingina uning mustaqilligi xalqaro miqyosda tanildi va Fransiya qoʻshinlari bilan Vyetnam xalq koʻngillilari Laosdan olib chiqib ketildi. 1955-yil dekabrda Laos BMTga aʼzo boʻldi. Neo Lao Itsalaning nomi 1956-yil 6-yanvarda oʻtkazilgan 2-sʼyezdda Laos vatanparvarlik fronti (LVF) deb oʻzgartirildi. Biroq 1958-yil hokimiyat Laos oʻng kuchlari qoʻliga oʻtdi. LVF faoliyati taqiqlandi. 1960-yil 9-avgustda qirol armiyasining parashyutchilari bataloni kapitan Kong Le boshchiligida davlat toʻntarishi uyushtirdi va Suvanna Fumaga xukumatni boshkarish topshirildi. 1962-yil 11-iyunda Suvanna Fuma boshliq milliy birlik hukumati tuzildi. Jenevada 14 mamlakat vakillari ishtirokida oʻtkazilgan xalqaro kengashda (1962-yil 23-iyulda) Laos betarafligi haqidagi Deklaratsiya va Deklaratsiya bayonnomasi imzolandi. 1964-yil 19-aprelda davlat toʻntarishi oʻtkazishga uringan unsurlar hukumatning bir necha aʼzolari katori Suvanna Fumani qamoqqa oldi. Lekin ular butun jahon ilgʻor kuchlarining talabi bilan ozod qilindi. Suvanna Fuma 1964-yil iyunda hukumat tarkibini oʻzgartirishga majbur boʻldi. 1969-yildan Laos ung kuchlari LVFga qarshi harbiy harakatlarni kuchaytirib yubordi. 1971-yil fevral boshida Amerika-Janubiy Vyetnam qoʻshinlari (30 ming kishi) Janubiy Laos hududiga bostirib kirdi, biroq mart oxiridan vatanparvar kuchlar shiddat bilan qarshi hujumga oʻtdilar. 1973-yil 21-fevralda Vyentyanda LVF bilan Vyentyan hukumati oʻrtasida Laosda tinchlik oʻrnatish va milliy birlikka erishish toʻgʻrisida Shartnoma, 1973-yil 14-sentabrda shu Shartnoma bayonnomasi imzolandi. Unda Milliy majlisga saylov oʻtkazish va Milliy birlik hukumatini tuzishga qaror qilindi. 1974-yil koalitsion hukumat tuzildi. 1975-yil 2-dekabrda xalq vakillari anjumani monarxiya tugatilganini va Laos Xalq Demokratik Respublikasi tuzilganini eʼlon qildi. Mamlakat tinch qurilish yoʻliga oʻtdi. Xalqaro maydonda Laos barcha mamlakatlar bilan hamkorlik va tinchlik yoʻliga amal qila boshladi. Laos hukumati Oʻzbekiston Respublikasi suverenitetini 1992-yil 2-yanvarda tan oldi va oʻsha yili 10-sentabrda diplomatiya mu-nosabatlari oʻrnatdi. Milliy bayrami — 2-dekabr — Respublika eʼlon qilingan kun (1975).
Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Laos Xalq-inqilobiy partiyasi, 1955-yilda Laos xalq partiyasi nomi bilan tuzilgan, 1972-yil fevraldan hozirgi nomini olgan; Laos Milliy qurilish fronti (Neo Lao Sang Sat), 1956-yil tuzilgan. 1979-yil fevralgacha Laos vatanparvarlik fronti deb atalgan, ommaviy vatanparvarlik tashkiloti. Unga Laos xalq inqilobiy partiyasi rahbarlik qiladi. Front tarkibiga Laos xotin-qizlar ittifoqi, xalq-inqilobiy yoshlar ittifoqi, Talabalar uyushmasi va boshqa jamoat tashkilotlari kiradi. Laos kasaba uyushmalari federatsiyasi, 1956-yilda tuzilgan, Jahon kasaba uyushmalari federatsiyasi aʼzosi.
Xoʻjaligi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Laos — agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda qishloq va oʻrmon xoʻjaligining ulushi 53%, sanoat va qurilishning ulushi — 17%. Asosiy tabiiy boyliklari — qimmatbaho yogʻochli oʻrmon va gidroenergiya resurslari. Yiliga 828 mln. kVt-soat elektr energiya hosil qilinadi. Asosiy qishloq xoʻjaligi ekini — sholi (ekinzorning 90%). Makkajoʻxori, paxta, kofe, soya, banan, ananas, sitrus mevalar, kartoshka, sabzavot, shakarqamish, tamaki, ziravor ham yetishtiriladi. Chorvachiligida qoramol, buyvol, qoʻy, choʻchqa va boshqa boqiladi. Daryolarida baliq ovlanadi. Sanoatida konchilik ustun. Laos sanoati qishloq xoʻjaligi xom ashyosini qayta ishlaydigan kichik korxonalardan iborat. Metall buyumlari fabrikasi, taʼmirlash ustaxonalari, yogʻochsozlik va toʻqimachilik korxonalari bor. Hunarmandchilik rivojlangan. Mamlakatda temir yoʻl yoʻq. Avtomobil yoʻllari uzunligi 14,1 ming km. Yuklarning aksariyati Mekong daryosida tashiladi. Tashqi savdo uchun Vyetnamning Xayfon va Danang portlaridan foydalaniladi. Laos chetga elektr energiya, yogʻoch, qalay konsentrati, kofe sotadi. Chetdan sanoat asbob-uskunalari, transport vositalari, metall, neft mahsulotlari, sement, guruch oladi. Tashqi savdoda Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari, Yaponiya, Xitoy, Rossiya bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi — kip.
Tibbiy xizmati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tibbiy muassasalarning koʻp qismi davlat qaramogʻida boʻlib, ular bepul xizmat koʻrsatadi. Vrachlar Vyentyan tibbiyot institutida va chet ellarda tayyorlanadi.
Maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari
[tahrir | manbasini tahrirlash]1976-yildan Laosda taʼlim sohasini isloh qilishga kirishildi. Boshlangʻich va oʻrta maktabda darslar lao tilida olib boriladi. Bepul taʼlim tizimi vujudga keltirilgan. Boshlangʻich maktabda oʻqish muddati 5 yil, oʻrta maktabda 6 yil Oʻrta hunar-texnika va ped. taʼlim yoʻlga qoʻyilgan. Vyentyan universiteti, tibbiyot va pedagogika institutlari mavjud. Luangpxabang yaqinida davlat qishloq xoʻjaligi seleksiya stansiyasi, Vyentyanda Milliy kutubxona, shahar kutubxonasi, universitet kutubxonasi, milliy sanʼat muzeyi va boshqa bor.
Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi. Laosda bir necha gaz. va jurnallar nashr etiladi. Yiriklari: "Pasason" ("Xalq", kundalik gazeta, 1950-yildan), "Vyentyan may" ("Yangi Vyentyan", kundalik gazeta, 1975-yildan), "Num lao" ("Laos yoshlari", yoshlar gazeta, 1979-yildan), "Alunvan may" ("Yangi tong", jurnal, 1985-yildan), "Kxosana" ("Targʻibotchi", jurnal, 1987-yildan), "Saksa may" ("Yangi taʼlim", jurnal, 1981-yildan), "Xengngan" ("Mehnat", jurnal, 1980-yildan). Kaosan Patet Lao hukumat axborot agentligi, 1968-yilda tuzilgan. Laos milliy radiosi hukumat xizmati boʻlib, 1951-yilda tuzilgan, lao, Vyetnam, tay va kxmer, shuningdek, fransuz va ingliz tillarida eshittirish olib boradi. Laos milliy telekoʻrsatuvi, xukumat xizmati, 1983-yilda tashkil etilgan.
Adabiyoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Laos hududidan 13-asr 2-yarmiga mansub dastlabki yozma yodgorliklar topilgan. Lansang davlati (14-asr) tuzilib, buddaviylik tarqalgach, liniy va dunyoviy mazmundagi asarlar ("Shahzoda Xung", "Kxun Bolom haqida doston" va boshqalar) paydo boʻldi. Pankhamning "Sinsay" qahramonlik dostoni 16—17-asrlar Laos adabiyotining yuksak choʻqqisi hisoblanadi. 18-asrda Lansang davlatining yemirilishi (1707) va Laos mustaqilligining barbod boʻlishi (19-asr oxiri) oqibatida Laos adabiyoti tanazzulga uchradi. Ikkinchi jahon urushidan keyin Laos adabiyoti yangidan rivojlana boshladi. Zamonaviy adabiy asarlar, asosan, mamlakat mustaqilligi uchun kurash tarixiga va yangi turmush qurish muammolariga bagʻishlangan. Some sheʼrlari, Sisan qoʻshiqlari, Khamling Folsenning "Jajji Si" va Dian Savanning "Hayot yoʻli" qissalarida zamon ruhi yoritilgan.
Meʼmorligi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Milodiy 1-ming yillik oʻrtalari va 2-ming yillik boshlaridan Savannakxet yaqinidagi ibodatxonalar (Ing-Rang va boshqalar) saqlangan. Lansang davlati tashkil topgach (14-asr), budsaviylik tarqaldi va uning taʼsirida oʻziga xos milliy badiiy madaniyat rivojlangan. 16-asrga mansub "vata" (monastir) majmualari (Luangprebangda Siyeng-Txong, 1561; Vyentyanda Fra-Keo, 1565 va boshqalar) mavjud. Ularning tarkibida ibodatxonalar, kutubxonalar, rohiblarning yotoqxonalari, saroylar, turli shakldagi stupalar boʻlgan. Mustaqillik eʼlon qilingach, ham zamonaviy, ham anʼanaviy milliy shakllardan foydalanildi ("Lansang" mehmonxonasi, Ichki ishlar vazirligining binosi va boshqalar). Keyingi yillarda Vyentyan va boshqa shaharlarda zamonaviy uy-joy binolari barpo etildi.
Tasviriy sanati. Koʻzalar vodiysi (Trannin yassitogʻligi)dan mil. boshlariga doir kad. sanʼat yodgorliklari — ulkan granit "idish"lar topilgan. Oʻrta asrlarda raqqosalar va boshqalarning haykalchalarini yasash, imoratlarning yogʻoch peshtoqlariga, eshiklarga, deraza eshikchalariga oʻyib gul solish va zarhallash rasm boʻlgan. Laosda dastgohli rassomlik (lokli, moyboʻyoq rangtasviri), grafika, haykaltaroshlik rivojlana boshladi; xalq hayotini tasvirlovchi manzaralar, natyurmortlar paydo boʻldi. Bezak sanʼati, metall ishlash, toʻqimachilik va boshqa keng tarqalgan.
Musiqa madaniyatining boshlangʻich davri 12-asrga borib taqaladi. Laos musiqasida xalq anʼanalari saqlangan. L.da 20-asrga qadar nota yozuvi boʻlmasada, adabiyotidagi qonunlar zamirida lam kuylari tizimi shakllangan. Yakkanavozlik (sayyoh ashulachilar va oshiqmaʼshuqlar qoʻshiqlari) hamda antifon tarzida xor qoʻshiqchiligi rivojlangan. Qadimdan mavlum — epik qoʻshiqchilik sanʼati, mavlum luang — musiqaviysahnaviy tomoshalari rivojlanib kelgan. Musiqa asboblaridan eng mashhuri — xen boʻlib, u bambuk naychalaridan yasaladi, shuningdek naysimon, 2 torli gʻijjaksimon va bir kancha urma sozlar ommalashgan. 20-asr 2-yarmidan akkordeon, katta baraban ham odat tusini olgan, kompozitorlik ijodi yuzaga kela boshlagan (Bauntxa-mali, Khamala Nokeo va boshqalar).
Teatri Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo teatrlariga oʻxshaydi. Raqs, musiqa, pantomima va dramalarni umumlashtirgan. Laos teatri sahnasida dekoratsiya va butaforiyalar boʻlmasada, tomoshalar qiziqarli oʻtadi. Qirollik baleti, Fonus xayol teatri va qoʻgʻirchoq teatri qadimdan bor.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |