Eski oʻzbek tili

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Eski oʻzbek tili
Milliy nomi:
Mamlakatlar:
Mintaqalar:
Rasmiylik holati:
Soʻzlashuvchilarning umumiy soni:
Tartiblovchi tashkilot:
Oʻrni:
Holati:
Turkumlanishi
Turkum:
Alifbosi:
Til kodlari
ISO 639-1
ISO 639-2
ISO 639-3
Shuningdek qarang: Loyiha:Tilshunoslik

Eski oʻzbek tili — turkiy tillartsht qarluq guruhiga mansub tillardan biri; mahalliy turkiy lahjalar negizida oʻzidan oldingi davrlar (mas, qoraxoniylar — 11 —12-asrlar; Oltin Oʻrda — 13—14-asrlar)ning adabiylisoniy anʼanalari taʼsiri ostida shakllangan va 14-asr 2-yarmidan 19-asr oxirlarigacha mavjud boʻlgan yozma kitobiy til. Oʻzbek tili tarixini davrlashtirish va bunda E.oʻ.t.ning oʻrni va qaysi davr (yillar)ni qamrab olishi haqida yagona fikr mavjud emas. Oʻzbek tili tarixini davrlashtirish boʻyicha rus olimlaridan S.Ye.Malov, P.M.Melioranskiy, A.N.Samoylovich, A.K.Borovkov, A.M.Shcherbak, venger olimi Ya.Ekman, oʻzbek olimlaridan O.Usmonov, Gʻ.Abdurahmonov, U.Tursunov bilan B.Oʻrinboyev, AMuxtorov bilan U. Sanaqulov va boshqalarning tadqiqotlari mavjud (ularning baʼzilarida "E.oʻ.t." termini oʻrnida "turkiy", "chigʻatoy tili", "Oʻrta Osiyo turkiy adabiy tili" terminlari qoʻllangan).

E.oʻ.t. qadimgi turkiy tilning bevosita davomi va hozirgi oʻzbek tilining asosi hisoblanadi. Ayrim ilmiy manbalarda "chigʻatoy tili" deb ham ataladi, ammo E.oʻ.t.ning Chigʻaytoyga, moʻgʻullarga hech qanday aloqasi yoʻq, buning ustiga oʻsha davr yozuvchi va shoirlari oʻz tillarini turkiy (til) deb nomlaganlar. Qarluq, oʻgʻuz, qipchoq guruhlariga mansub turkiy tillar oʻrtasidagi mintaqaviy variantlashuv (oʻzgarishlar) va jadal, samarali aloqamunosabatlar tufayli kelib chiqqan turli lahjaviy shakllarni oʻz ichiga olgan E.oʻ.t. umumlahjaviy (barcha lahjalar uchun umumiy) xususiyatga ega boʻladi. Bu xususiyat koʻplab arabcha, forscha oʻzlashmalar, shuningdek, arab grafikasining qoʻllanishi oqibatida yanada chuqurlashadi, murakkablashadi. Buning natijasida E.oʻ.t.dagi asarlar Bosfordan Oltoy va Hindistongacha choʻzilgan hududda yashovchi turkiyzabon xalqlar tomonidan keng oʻqiladigan boʻlgan. Shuni aytish kerakki, arabcha, forscha soʻz va iboralarning koʻplab qoʻllanishi va uslubiy vositalar sababli kitobiy til jonli tildan jiddiy farq qilgan. Yozma adabiyotning kam tarqalganligi tufayli lahja xususiyatlari saqlanib qolgan. Bunday xususiyatlar adabiy asarlarda ham maʼlum darajada oʻz aksini topgan. Fargʻona va Movarounnahrda yozilgan adabiy asarlar tili bilan Xorazmda yozilgan adabiy asarlar tili urtasida maʼlum lahjaviy farqlar sezilib turgan.

E.oʻ.t.ning ilk shakllanish davrida (13—14-asrlar) bu narsa yaqqol koʻrinar edi, keyinchalik esa bunday lahjaviy xususiyatlar aralashib ketadi. Mas, Xorazmiyning "Muhabbatnoma" va Said Ahmadning "Taashshuqnoma" asarlarida oʻgʻuz lahjasi xususiyatlari, Qutbning "Xusrav va Shirin" asarida qipchoq lahjasi xususiyati oʻz aksini topgan boʻlsa, 16-asrga oid "Boburnoma"da qarluq, oʻgʻuz va qipchoq lahjalarining xususiyatlari aralash hodda qoʻllangan. Shu tariqa lahja xususiyatlari astasekin yoʻqola borib, 15—16-asrlarda yagona, umumiy adabiy til xususiyatlari asosiy oʻrinni egallaydi. Eski oʻzbek adabiy tili ancha keng hududga yoyilib, uning barqarorlashgan meʼyorlari asosida yozuvchi va shoirlar 19-asr oxiri — 20asr boshlarigacha ijod qilib keldilar.

E.oʻ.t. Alisher Navoiy davrida, uning asarlarida oʻz rivojining eng yuqori pogʻonasiga koʻtarildi. Shoir oʻzining oʻnlab nazmiy va nasriy asarlari bilan bu tilni kamolotga yetkazdi, uni davlat tili darajasiga olib chiqishga harakat qildi. U nafaqat oʻsha va keyingi davrlar oʻzbek adabiy tilining asoschisi, rivojlantiruvchisi, balki tadqiqotchisi hamdir. Navoiy oʻzining "Muhokamat ullugʻatayn" asarida E.oʻ.t. (turkiy)ni fors tiliga qiyoslash asosida uning fonetik, leksik va grammatik sohalarda rivojlangan til ekanligini nazariy jihatdan asoslab, koʻrsatib beradi. Boburning nasriy asari "Boburnoma" Navoiyning nasriy asarlaridan tilining ancha soddaligi, jonli tilga yaqinligi bilan hatto hozirgi zamon oʻquvchisiga ham tushunarlidir. Alisher Navoiydan keyin yaratilgan nasriy asarlar va ayrim dostonlarda E.oʻ.t.ning anʼanaviy meʼyorlaridan bir oz uzoqlashish, uni xalq tiliga yaqinlashtirish tamoyili kuzatiladi. Koʻplab sheʼriy asarlarda, gʻazallarda esa eski oʻzbek adabiy tili anʼanalari davom etadi. 19-asrning 2-yarmiga kelib nasriy asarlargina emas, nazmiy asarlar ham jonli tilga yaqinlashadi. Muqimiy, Furqat, Zavqiy va boshqalar shoirlarning asarlari ana shular jumlasidandir. Ayni shu davr, yaʼni 19-asr oxiri — 20-asr boshlari eski oʻzbek adabiy tilidan hozirgi oʻzbek adabiy tiliga oʻtish bosqichi hisoblanadi.

Adabiyot[tahrir]

  • Borovkov A.K., Alisher Navoi kak osnovopolojnik uzbekskogo literaturnogo yaznka. — Sb.: "Alisher Navoi", M.— L., 1948; Mutallibov S, Morfologiya va leksika tarixidan qisqacha ocherk, T., 1959; Shcherbak A.M., Grammatikastarouzbekskogo yaznka, M.—L., 1962; Abdurahmonov Gʻ., Shukurov Sh., Oʻzbek tilining tarixiy grammatikasi, T., 1973; Tursunov U., Oʻrinboyev B., Oʻzbek adabiy tili tarixi, T., 1982; Muxtorov A., Sanaqulov U., Oʻzbek adabiy tili tarixi, T., 1995.

Abduvahob Madvaliyev, Ergash Umarov.