Qarluq

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Osiyo VI-asr

Qarluq (Qorluq)oʻzbek xalqi tarkibiga kirgan etnik uyushma. 3 qabiladan tashkil topgan; ular Xitoy solnomalarida meulo (yoki meuli), chjisi (yoki pofu) va tashili deb nomlangan. VI—VII asrlarda bular Oltoyning gʻarbiy qismida, Chorish daryosi (Ob daryosi oʻzanlaridan biri) havzasida, Irtish daryosining quyi oqimi boʻylarida, Tarbagʻatoyda hamda Jungʻoriyagacha boʻlgan katta hududda yashaganlar. Qarluqlar, asosan, chorvachilik bilan shugʻullanib, bir yerdan ikkinchi yerga koʻchib, oʻtovlarda yashaganlar. Qarluqlar hududi Sharqiy va Gʻarbiy Turk xoqonligi oʻrtasida, strategik qulay yerda joylashgani uchun ular oʻrtasida talash boʻlgan. Qarluqlar oʻz mustaqilliklarini saqlab qolish uchun ular bilan betinim kurash olib borganlar. VII asr oxirlarida Sharqiy Turk xoqonligi qarluqlar hududining aksariyat qismini xoqonlikka qoʻshib olgan. 742-yil qarluqlar, uygʻurlar va basmillardan iborat qabila ittifoqi isyon koʻtarib oʻz mustaqilliklarini tiklaganlar. Qarluqlar eltibari (boshligʻi) oʻzini 3 qabilaning shexusi (yabgʻusi) deb eʼlon qiladi. Xitoy qoʻshini bilan arablar oʻrtasidagi Talas jangida qarluqlar hal qiluvchi rol oʻynaganlar. 757—766-yillarda qarluqlar Turgashlar davlati hududini egallab olganlar. Chu daryosi boʻyidagi Suyob shahri Qarluqlar davlati markazi boʻlib qolgan (766—940). Qarluqlarga Jungʻariya olatovidan to Sirdaryogacha boʻlgan hudud qaragan. Qarluqlar davlati shimol va sharqdan Elsuvi daryosi vodiysigacha, Chigil qabilasi yaylovlarigacha; gʻarbdan Oʻgʻuz yurti va Fargʻona vodiysi; janubda esa yagʻmolar vohasi va Sharqiy Turkiston bilan chegaralangan. Keyinchalik poytaxt Ili daryosi vodiysidagi Qoʻyliq shahriga koʻchirilgan. Poytaxtdan tashqari Joʻl, Navkat, Karmankat, Yor kabi shaharlar va qator qishloqlar qad koʻtargan. 861-yil qarluqlar Qoshgʻarni egallashgan. Qarluqlarning ayrim guruhlari VIII asr oʻrtalaridan Zarafshon vohasida, Fargʻona vodiysida, Janubiy Turkiston, Tojikiston hududlarida ham yashagan. X asrda Qoraxoniylar davlati tarkibiga kirishgan, ilk mulkdorlik munosabatlari shakllana boshlagan. Qarluqlar qoʻychilik, togʻ jilgʻalari boʻyida esa dehqonchilik bilan shugʻullangan. Sharqiy Turkiston va Movarounnahr bilan savdo-sotiq olib borishgan. Chetga asosan jun va junli mahsulotlar: gilam, sholcha, namat kabilar olib chiqilgan. Qarluqlar 960-yil islom dinini qabul qilishgan. K. Shoniyozovning fikricha, Qoraxoniylar sulolasi bevosita Qarluqlar davlati bilan uzviy bogʻliq boʻlib, uning tadrijiy davomi hisoblangan. XIX asr oxiri va XX asr boshlariga kelib qarluqlar Zarafshon daryosining oʻrta va quyi oqimlarida, hozirgi Surxondaryo viloyatining Sariosiyo va Shoʻrchi hududlarida yashaganlar. 1924-yilgi maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekiston hududida 10 mingdan oshiqroq, Tojikiston hududida 7 mingga yaqin qarluqlar yashagan. Keyinchalik qarluqlar oʻz nomlarini unutib, oʻzbek va tojik millatlari tarkibiga singib ketgan.

Qarluq lahjasi oʻzbek va uygʻur tillarining rivojlanishida katta oʻrin egallaydi.

Oʻzbek va uygʻur tillari birgalikda Turkiy tillar guruhining qarluq ostguruhiga kirishadi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Togan Velidi A. Z. Umumi Turk tarihina giris, 1-cilt. En eski devirlerden 16 asra kadar, 3-baski, Istanbul, 1981
  • Bartold V. V. Карлуки. // Asar. T. V. — M., 1968.
  • Историко-культурное наследие Туркменистана /O.Gundogdiyeva va R.Muradov tahriri ostida
  • UNDP — Stambul, 2000.
  • Shafiyev F. Этногенез и история миграций тюркских кочевников: закономерности процесса ассимиляции. — Baku, 2000.
  • Shoniyozov K., Oʻzbek xalqining shakllanish jarayoni, T., 2001.