Muhokamat ul-lugʻatayn

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

"MUHOKAMAT UL-LUGʻATAYN" ("Ikki til muhokamasi", 1499) — Alisher Navoiynint tilshunoslikka oid asarlaridan biri. Navoiy "M.ul-l."da oʻzbek tilining boyligini, qudratini, oʻsha zamonning adabiy tillari qatoridan oʻrin olishga qodir va haqli ekanligini ilmiy tomondan isbotladi. Asarda oʻzbek (turkiy) va fors tillari unli tovushlar, leksika va morfologiya doirasida oʻzaro qiyoslanadi. Dastlab har ikki tildagi unlilar qiyoslanganda, shoir fors tilida unlilar soni cheklanganligi, oʻzbek tilida esa unlilar bir qancha maʼno farq,lovchi variantlarga ega ekanligi va ular uzaro uzunqisqaligi bilan ajralib turishini dalillar orqali koʻrsatib bergan.

Alisher Navoiy oʻzbek va fors tillari leksikasini qiyoslash uchun tabi-at manzaralari, uy-roʻzgʻor buyumlari, ov jarayoni, hayvon va qushlarning turlari kabi juda koʻp sohaga oid yuzlab soʻzlarni keltirib, bu soʻzlarning mukrbalasi forschada yoʻkligini, forslar koʻpincha oʻsha oʻzbekcha soʻzlarning oʻzini ishlatishlarini taʼkidlab, oʻzbek tilining boy imkoniyatlarini har tomonlama koʻrsatgan. Mana shunday fikrlaridan ayrimlari: "...xoʻblarning koʻz va qoshlari orasinki, qabogʻ derlar, forsiyda bu uzvning oti yoʻqtur..".

Alisher Navoiy soʻzlarning koʻp maʼ-noliligi, sinonimlar jihatidan ham oʻzbek tilining imkoniyati kengligini, ularning sheʼriyatda turli nozik maʼnolarni ifodalashdagi ahamiyatini (ot, it, tush, yon, yoq, bor, sogʻin, tuz, koʻk kabi soʻzlar talqinida) koʻrsatadi. Navoiy grammatik jihatdan ham oʻzbek tili fors tiliga nisbatan baʼzi imkoniyatlarga ega ekanligini tahlil etadi. Maʼlumki, qaysi til maʼ-noni qisqa yoʻl bilan ifodalay olsa, shu til rivojlangan til hisoblanadi. Oʻzbek tilining rivojlangan til ekanligini shoir zaruriy misollar bilan koʻrsatib beradi. Mas, oʻzbek tilida birgalik nisbat qisqagina -sh affiksi orqali yasaladi: "va masdargʻa bir shin harfi ilhaq qilmoq bila ul maqsudni topibdurlar. Andoqki chopishmoq va topishmoq va quchushmoq va oʻpushmoq va bu shoye lafzdur". Forslar bu maʼnoni soʻz birikmasi orqali ifodalaydilar. Navoiy shaxs oti yasovchi qoʻshimchaning xususiyatini 30 ga yaqin soʻz misolida isbotlab (qoʻrchi, suvchi, nayzachi, yurtchi, qushchi, barschi, qoʻychi, turnachi, kiyikchi va h.k.), oʻzbek tilining soʻz yasash va fikr ifodalash jihatidan ham oʻziga xos imkoniyati mavjudligini koʻrsatgan.

Navoiy oʻzbek tilining boyligi va qudratini, ifodaviy imkoniyatini asosli tahlil etib, quyidagi xulosaga keladi: oʻzbek tilida bu xildagi nozik maʼnoli suz va iboralar koʻp, ammo "bu kunga degincha hech kishi haqiqatigʻa muloxaza qilmogʻon jihatidan bu yashurun qolibdur... hunarsiz turkning sitam zarif yigitlari osonliqqa boʻla forsiy alfoz bila nazm ayturgʻa mashgʻul boʻlubturlar". Shuning uchun Navoiy oʻzbek shoirlarini uz tilida ijod qilishga daʼvat etadi.

Nashri: Navoiy, Asarlar [15 j.li], 14- j., T., 1967; Navoiy, Mukammal asarlar toʻplami [20 j.li], 16-j., T., 2000.

Ergash Umarov.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil