Abul Os ibn Robiʼ

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abul Os ibn Robiʼ
Tavalludi
Vafoti 634-yil, fevral
Makka
Fuqaroligi Arablar
Kasbi savdogar
Turmush oʻrtogʻi Zaynab bint Muhammad, Faxita binti Said ibn Al-Os ibn Abu Umayya
Bolalari Ali ibn Abul Os
Umama bint Abul Os
Maryam bint Abul Os
Otasi Al-Robiʼ ibn Abdul-Uzzo
Onasi Hola binti Xuvaylid

Abul Os ibn Robiʼ (arabcha: أبو العاص بن الربيع, hijriy 634-yilning fevral oyida vafot etgan) – islom dinining soʻnggi paygʻambari Muhammadning kuyovi va sahobasi. Uning asl ismi Hushaym yoki Yosir ekanligi aytilgan[1].

Oilasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abul Os ibn Robiʼ Hola bintu Xuvaylidning oʻgʻli boʻlgan[2]. Uning qonuniy otasi Quraysh qabilasining Banu Abd-Shams urugʻidan Al-Robiʼ ibn Abdul-Uzzo boʻlgan[3]. Abul Os savdogarlik bilan shugʻullangan boʻlib, Makkadagi muhim shaxslardan biri hisoblangan[4].

Xolasi Xadicha bint Xuvaylid uni oʻz oʻgʻlidek koʻrgan[4]. Abul Os ham xolasining uyiga tez-tez tashrif buyurgan[3]. Xadicha bint Xuvaylid turmush oʻrtogʻi Muhammad paygʻambardan qizlari Zaynab bint Muhammad uchun munosib kuyov topishini soʻraydi. Shundan keyin Zaynabni Abul Osga turmushga berishadi[4]. Islomni birinchilardan boʻlib Muhammadning xotini Xadicha bint Xuvaylid, undan keyin Zaynab, Ruqiya, Ummu Gulsum va yosh boʻlishiga qaramay Fotima qabul qilgan boʻlsa-da, Abul Os bu dinni qabul qilishni istamaydi va ota-bobolari sigʻingan dinda qolishni tanlaydi. Shunday boʻlsa-da xotini Zaynabga boʻlgan munosabati zarracha oʻzgarmaydi. Paygʻambar keyinchalik Abul Os haqida iliqlik bilan gapiradi[4], „Qachon menga gapirsa toʻgʻri gapirdi[5] va qachon menga vaʼda bersa vaʼdasini ustidan chiqdi“ , – deydi[2].

Abul Os va Zaynabning ikki farzandi boʻlgan, oʻgʻli Ali bolaligida vafot etgan, qizi Umoma toʻrtinchi xalifa Aliga turmushga chiqqan[2].

Islom diniga qarshi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Muhammad paygʻambar boʻlganidan keyin Makkada mashhurligini yoʻqotadi, bu paytda esa Quraysh qabilasi Abul Osga bosim oʻtkazib, xotini Zaynab bilan ajrashishini, evaziga esa unga xohlagan ayolni berishini aytishadi. Lekin Abul Os unga boshqa ayol kerakmasligini aytadi va ayoli Zaynab bilan qoladi[4]. Ammo musulmon boʻlishni ham rad etadi[2]. Muhammad paygʻambar ham Makka shahri ustidan hukmronlik huquqiga ega boʻlmaganligi bois qizini imonsiz eridan ajralishga majburlay olmaydi. Musulmonlar Madinaga hijrat qilganlarida, Zaynab musulmon boʻlsa ham, Makkada turmush oʻrtogʻi Abul Os bilan birga qoladi[4].

Hijriy 624-yilda Abul Os Badr jangida Quraysh qabilasi tomonida turib jang olib boradi va Abdulloh ibn Jubayr al-Ansoriy tomonidan asirga olinadi[2]. Badr jangida mushriklarning soni koʻpligiga qaramay, musulmonlar gʻalaba qozonishadi. Asirga olinganlarni ozod etish uchun Muhammad ularga bir mingdan toʻrt ming dinorgacha narx belgilaydi. Zaynab ham Abul Osni ozod qilish harakatiga tushadi. U akasi Amr orqali erining ozodligi uchun fidya, jumladan, onasi Xadichaning unga qilgan toʻy sovgʻasi oniks marjonini yuboradi. Marjonni koʻrgan Muhammad paygʻambar qizini eslab qattiq gʻamga botadi. Zaynabning toʻlovini qabul qilmasdan turib, kuyovi Abul Osni ozod qilib yuboradi. Ammo kuyovini ozod qilish chogʻida unga Zaynabni qaytarishini shart qilib qoʻyadi. Abul Os ham Makkaga qaytganidan soʻng, ushbu shartni bajarishga kirishadi. Shu sababli ham Abul Os keyingi toʻrt yil davomida Zaynabdan ayro yashashga majbur boʻladi[2][4][6].

Islom dinini qabul qilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hijriy 627-yilning oktyabr oyida Abul Os savdo karvoni bilan Suriyadan qaytayotgan chogʻida musulmon bosqinchilari tomonidan hujumga uchraydi. U bosqinchilar hujumidan zoʻrgʻa qochib qutuladi, biroq karvondagi barcha qimmatbaho mol-mulklar bosqinchilar qoʻliga oʻtadi. Abul Os kechasi Madinaga kirib boradi va Zaynabdan uni himoya qilishini soʻraydi, Zaynab ham unga yordam beradi[4].

Ertasi kuni ertalab Muhammad paygʻambar bosqinchilardan Abul Osga tegishli oʻgʻirlangan mol-mulk haqida soʻraydi. Paygʻambar ularga kuyovi va amakisining mol-mulkini qaytarib berishlarini yoki agar xohlasalar, oʻzlarida olib qolishga huquqlari borligini aytadi[4]. Bosqinchilar Abul Osga tegishli barcha narsani unga qaytaradilar va undan musulmon boʻlishni soʻrashadi. Abul Os esa ogʻir vaziyatda oʻz dinidan kechishini soʻrayotganlari uchun bu taklifni qabul qilmaydi va barcha mol-mulkini olib Makkaga qaytib ketadi[7].

Abul Os Makkaga safarini davom ettiradi va qurayshliklarning barcha mollarini ularga qaytarib beradi. Ogʻir kunda ularning molini oʻzlashtirib olgan deb oʻylamasliklari uchun Madinada islomni qabul qilmaganini aytadi. Keyin esa ularga bundan buyon musulmon ekanligini eʼlon qiladi va hijriy 628-yilning may yoki iyun oyida Madinaga hijrat qiladi[4].

Muhammad Abul Osga hech qanday shart yoki talab qoʻymasdan yana Zaynab bilan yashashga ruxsat berdi[2][4]. Biroq mavjud anʼanalarga koʻra, Abul Os Zaynab uchun yana mahr toʻlaydi[2].Ular birga yana 1 yil hayot kechirishadi va Zaynab 629-yilning oʻrtalarida vafot etadi[2].

Zaynabning oʻlimidan keyin[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xotinining vafotidan keyin Abul Os Makkaga qaytib kelgan[3]. U Faxita binti Said ibn Al-Os ibn Abu Umayyaga uylangan va ularning Maryam ismli qizi boʻlgan[8]. U hech qachon islomiy urushlarda ishtirok etmagan[3].

Abul Os ibn Robiʼ hijriy 634-yilning fevralida Makkada vafot etgan[9].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ibn Hajar, Al-Isaba vol. 7 #10173, p. 224
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 2,5 2,6 2,7 2,8 Muhammad ibn Saad. Kitab al-Tabaqat al-Kabir vol. 8. Translated by Bewley, A. (1995). The Women of Madina, p. 21. London: Ta-Ha Publishers.
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 Ibn Hajar, Al-Isaba vol. 7 #10176.
  4. 4,00 4,01 4,02 4,03 4,04 4,05 4,06 4,07 4,08 4,09 4,10 Muhammad ibn Ishaq. Sirat Rasul Allah. Translated by Guillaume, A. (1955). The Life of Muhammad, p. 313. Oxford: Oxford University Press.
  5. Muslim 31:6002.
  6. Abu Dawud 14:2686.
  7. Abdulmalik ibn Hisham. Notes to Ibn Ishaq’s Sirat Rasul Allah. Translated by Guillaume, A. (1955). The Life of Muhammad, p. 740 note 397. Oxford: Oxford University Press.
  8. Ibn Hajar, Al-Isaba vol. 8 #11567.
  9. Ibn Hajar, Al-Isaba vol. 7 #10176; vol. 8 #11567.