Abdulhamid Choʻlpon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlpon
Tavalludi 1897
Andijon
Vafoti 1938.4.10
Toshkent, Oʻzbekiston SSR, SSSR
Millati oʻzbek
Sohasi shoir, yozuvchi, dramaturg , tarjimon
Mashhur ishlari „Kecha va kunduz“, „Novvoy qiz“, „Oydin kechalarda“, „Buloqlar“, „Tong sirlari“, „Soz“
Mashhur sovrinlari Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti (1991)
„Mustaqillik“ (1999)
Dini Islom
Oʻzbek adabiyoti

Milodiy VII asrgacha
VIII-XIII asrlar (Qadimgi)

XIV-XV asrlar (Temuriylar davri)
XVI-XIX asrlar (Mumtoz)

XIX-XX asrlar (Milliy uygʻonish)
1905-30 yillar (Jadid davri)
1930-80 yillar (Sovet davri)
1990 yillaridan keyin (Mustaqillik)

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi

Choʻlpon (taxallusi; asl ism-sharifi Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Yunusov) (1897, Andijon — 1938.4.10, Toshkent) — shoir, yozuvchi, dramaturg , tarjimon, tanqidchi va jamoat arbobi. Dastlab madrasada (1908-1912), soʻngra rus-tuzem maktabida (1912-1914) oʻqigan. Sharq mumtoz shoirlari asarlarini mutolaa qilish va jadid matbuotini kuzatish yoʻli bilan adabiy, ijtimoiy-siyosiy bilimini oshirgan.

1914-yil Toshkentga kelib, „Sadoi Turkiston“ gazetasi bilan hamkorlik qilgan. „Yangi Sharq“, „Ishtirokiyun“ (1920-yildan „Qizil bayroq“, 1922-yildan „Turkiston“) gazetasida adabiy xodim (1919-1923), Xalq maorif komissarligi qoshidagi Ilmiy kengash (1921-yildan Oʻlka oʻzbek bilim hayʼati, 1922-yildan Ilmiy hayʼat)da rais (1920-1923), „Buxoro axboroti“ gazetasida muharrir (1921-1922), „Turon“ teatrida direktor (1921; 1922-1923), „Mushtum“ jurnali va „Darxon“ gazetasida texnik muharrir, adabiy xodim (1922-1923), Oʻzbek drama studiyasi (Moskva, 1924-1927) va Oʻzbek davlat drama teatrida adabiy emakdosh (1927-1931), SSSR XKS va Sharq xalqlari markaziy nashriyotida tarjimon (Moskva, 1931-1934), „Mushtum“ va „Guliston“ jurnallari hamda „Teatru“ gazetasida adabiy xodim (jamoatchilik asosida, 1935-1937).

Ijodi[tahrir]

Adabiy ijodi 1913-1914-yillarda Andijonning ijtimoiy va madaniy hayoti haqida xabarlar yozish bilan boshlangan. 1914-yil Toshkentda Munavvar Qori Abdurashidxonov va Ubaydulla Xoʻjayev bilan tanishish Choʻlponning milliy uygʻonish harakati namoyandasi sifatida shakllanishida muhim omil boʻlgan. Choʻlpon „Sadoi Turkiston“ gazetasida dastlabki „Turkistonli qardoshlarimizga“ sheʼri, „Qurboni jaholat“, „Doʻxtir Muhammadyor“ hikoyalari va „Adabiyot nadir?“ maqolasini eʼlon qilib (1914), shu davr adabiyoti namoyandalari safidan oʻrin egallagan. Turkiston aholisining iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy qoloqlik sharoitida yashayotganining asosiy sababini Rossiyaning mustamlakachilik siyosatida koʻrgan Choʻlpon, boshqa jadidlar qatori, oʻz asarlari bilan xalqning madaniy va maʼrifiy saviyasini koʻtarishga kirishgan.

1917-yil Fevral inqilobining roʻy berishi taraqqiyparvar ziyolilar dunyoqarashini oʻzgartirib yubordi. Ular, shu jumladan, Choʻlpon mustaqillik uchun kurash endi targʻibiy-tashviqiy davridan amaliy faoliyat bosqichiga oʻtganini angladilar. Choʻlpon Turkiston muxtoriyati hukumatining barpo etilishida faol ishtirok etib, muxtoriyatni sharaflovchi „Ozod turk bayrami“ sheʼrini yozdi va bu sheʼr oʻzbek davlatchiligi tarixida ilk madhiya boʻldi. Shu davrda Turkistondagi koʻp millatli ziyolilar oʻrtasida federalizm gʻoyasi keng tarqalgani sababli Choʻlpon ayni paytda Z.Validiy bilan birga Orenburgga borib, Boshqirdiston muxtoriyat hukumatining tashkil etilishida ham ishtirok etdi. Federalistlarning fikrlariga koʻra, Turkiston va Volga boʻyidagi turkiy xalqlar oʻz muxtoriyat hukumatlarini barpo etganlaridagina bu xukumatlarning bolsheviklar tomonidan tan olinishi va birgalikda himoyalanishi mumkin edi.

Muxtoriyat tugatilgach, Choʻlpon „Ilmiy kengash“, „Chigʻatoy gurungi“, „Nashri maorif“ tashkilotlari va „Turon“ teatrida adabiy, ilmiy-maʼrifiy ishlar bilan mashgʻul boʻldi. Ayni paytda shoʻro davlatining mustamlakachilik siyosati oqibatlarini fosh etuvchi sheʼr va maqolalar yozish bilan istiqlol uchun kurashda davom etdi. Ammo respublika madaniyat xodimlarining 2-qurultoyi 1927-yildan keyin Choʻlponga qarshi boshlangan kurash uni siyosiy faoliyatdan uzoqlashishga, hatto 1931-1935-yillarda Moskvaga qochib borib, musofirlikda yashashga majbur etdi.

Vafoti[tahrir]

Jadidlarga qarshi boshlangan kompaniya Choʻlponni ham chetlab oʻtmaydi. Taʼqib va tazyiqlarga qaramay, u qizgʻin ijodiy faoliyat bilan shugʻullanadi. 30-yillarning boshida yana Moskvaga ketgan va SSSR Markaziy Ijroiya Komitetida tarjimon boʻlib ishlagan. Choʻlpon 1937-yil 14-iyulda qamoqqa olinadi va 1938-yil 4-oktyabrda Toshkentda Boʻzsuv boʻyida qatl etiladi.

Adabiy merosi[tahrir]

Choʻlponning adabiy merosi sheʼriyat, nasr, dramaturgiya, publitsistik va adabiy tanqidiy maqolalar hamda tarjimadan iborat.

Sheʼriy asarlari[tahrir]

Choʻlponning sheʼriy asarlari „Oʻzbek yosh shoirlari“, „Uygʻonish“ (1922), „Buloqlar“ (1923), „Tong sirlari“ (1926) va „Soz“ (1935) toʻplamlarida, shuningdek, turli gazeta va jurnallarda eʼlon qilishgan. Ular gʻoyaviy-tematik yoʻnalishiga koʻra 2 guruhga ajraladi: sof lirika va ijtimoiy-siyosiy lirika. Ishqiy kechinma va tabiat manzaralari tasvirlangan sheʼrlarida Choʻlpon jahon lirik sheʼriyatining mumtoz vakillari darajasiga koʻtarilgan. Sheʼrlari lirik qahramonning boy va goʻzal ruhiy olamini, tabiat manzarasini, tabiatda kechayotgan jarayonlarni katta mahorat bilan aks ettirgan. „Goʻzal“, „Sezgi“, „Sirlardan“, „Men shoirmi?“ singari sheʼrlari bilan barmoq vazniga asoslangan yangi oʻzbek sheʼriyatini yuksak taraqqiyot bosqichiga olib chiqdi. Barmoq vazni Choʻlpon va Fitratning ijodiy izlanishlari bilan 20-yillarning boshlaridayoq yangi oʻzbek sheʼriyatining asosiy vazniga aylandi.

Tarixiy davr va tarixiy sharoit Choʻlpondan muhabbat va tabiat lirikasidan koʻra shu davrdagi oʻzbek xalqining ijtimoi-ysiyosiy, iqtisodiy va madaniy ahvolini yaxshilashga qaratilgan asarlar yozishni taqozo etdi. Vatan va millat manfaati bilan yashagan shoir davrning shu talabi bilan bolsheviklar olib borgan siyosatning mustamlakachilik mohiyatini fosh etishga, xalqni zulm va zoʻravonlikka qarshi hurriyat uchun kurashga daʼvat etishga qaratilgan sheʼrlar yozdi („Buzilgan oʻlkaga“, „Xalq“, „Vijdon erki“, „Kishan“ va boshqalar). Choʻlpon bu sheʼrlari bilan adabiyotning kurash quroliga aylanishi mumkinligini isbotlab berdi. Shoirning yurak qoni bilan yozilgan bu sheʼrlari vatandoshlarida oʻzbek diyoriga otashin muhabbat, mustamlakachilarga nafrat, erk va hurriyat gʻoyalariga sadoqat tuygʻularini tarbiyaladi. Agar Choʻlponning „koʻngil lirikasi“ anʼanalari keyinchalik Oybek, Hamid Olimjon, Mirtemir, Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi va boshqalar ijodida muvaffaqiyat bilan rivojlantirilgan boʻlsa, uning ijtimoiy mazmun bilan yoʻgʻrilgan sheʼriyati anʼanalari keyinchalik davom ettirilmay qoldi.

Hikoyalari[tahrir]

Choʻlpon isteʼdodiga xos lirik nazokat va nafosat shoir nasriy asarlarining ham oʻziga xosligini belgilab keladi. Choʻlpon qaysi mavzuga murojaat etmasin, badiiy voqelikni poetik til va obrazlar orqali mujassamlantirishga erishdi. Shu maʼnoda uning 20-yillarda yozgan „Oydin kechalarda“, „Qor qoʻynida lola“, „Novvoy qiz“ singari hikoyalari oʻzbek adabiyotidagi lirik nasrning dastlabki mumtoz namunalaridir. Choʻlpon bu hikoyalarida oʻzbek xotinqizlarining ayanchli taqdirini turli badiiy rejada tadqiq etar ekan, har bir jamiyatning taraqqiyot darajasi shu jamiyatning xotin-qizlarga boʻlgan munosabati bilan belgilanadi, degan gʻoyani bu asarlar osha „qizil ip“ yangligʻ oʻtkazgan. Umuman, oʻzbek xotin-qizlarining mustamlakachilik sharoitidagi taqdiri tasviri Choʻlpon sheʼriy ijodining ham, kichik epik asarlarining ham, „Kecha va kunduz“ (1936) romanining ham asosiy gʻoyaviy yoʻnalishini belgilab bergan.

Nasriy ijodi[tahrir]

Choʻlpon nasriy ijodining muhim qismini publitsistika tashkil etadi. U „Yoʻl esdaligi“, „Vayronalar orasidan“ kabi qator ocherk va publitsistik maqolalarida 20-yillardagi mustamlaka oʻlka hayotining mudhish manzaralarini tasvirlagan. Choʻlpon bu asarlarida realistik tasvir sanʼatini mukammal egallagan yozuvchi sifatida gavdalanadi. Choʻlpon yozuvchilik mahoratining shunday qirralari „Kecha va kunduz“ romanida, ayniqsa, yorqinroq aks etgan. Choʻlpon Abdulla Qodiriy bilan birga oʻzbek adabiyotida realistik roman va hikoya janrlarining taraqqiyot tamoyillarini belgilab berdi.

Sahna asarlari[tahrir]

Choʻlponning dramaturgiya sohasidagi dastlabki izlanishlari 1919-yilga oid. U shu yili „Temirchi“, „Gunoh“, „Choʻrining isyoni“ singari kichik sahna asarlarini yozdi. 20-yillarning boshlarida esa Choʻlponning „Yorqinoy“, „Xalil farang“, Oʻldiruvchi (1921), „Sevgi va saltanat“, „Choʻpon sevgisi“ (1922) pyesalari maydonga keldi (bu asarlarning aksari bizgacha yetib kelmagan).

Tarjimonlik sohasidagi faoliyati[tahrir]

Choʻlpon „Turon“ teatriga direktorlik qilgan yillarida sahna sanʼati va dramaturgiya sirlarini, shuningdek, rus tilini puxta egallagani tufayli 1924-yil Moskvada tashkil etilgan oʻzbek drama studiyasiga adabiy emakdosh etib yuborildi. U hali rus tilini bilmagan vatandoshlariga moskvalik mashhur artist va rejissyorlarning maʼruzalarini tarjima qilib berishdan tashqari, oʻzi ham studiyachilar uchun sahna asarlari („Yorqinoy“, „Yana uylanaman“, „Qorovul uyqusi“, Lev Sverdlin bilan hamkorlikda), „Uzun quloq bobo“ni yozib, rus va yevropa dramaturglarining pyesalari (K.Gotssi, „Malikai Turondot“, Nikolay Gogol, „Tergovchi“, Vladimir Bill Belotserkovskiy, „Labbay“, Molyer, „Xasis“)ni tarjima qilib berdi.

Choʻlpon 1927-yilda Moskva va Boku drama studiyalari qatnashchilari bazasida Oʻzbek davlat namuna truppasi (1929-yildan Oʻzbek davlat teatri) tashkil etilgach, mazkur truppa (teatr) ning adabiy emakdoshi sifatida faoliyat olib bordi. Shu davrda uning kishilar va jamiyat hayotidagi nuqsonlarni hajv etuvchi „Mushtumzoʻr“, „Hujum“ (V.Yan bilan hamkorlikda, 1928), „Oʻrtoq Qarshiboyev“ (1929) kabi pyesalari sahna yuzini koʻrdi. Choʻlpon ayni paytda teatr tarjimoni sifatida ham samarali ijod qilib, K.Goldonining „Ikki boyga bir qarol“, Lope de Veganing „Qoʻzi buloq“, William Shekspirning „Hamlet“, F.Shillerning „Bosmachilar“, Bill Belotserkovskiyning „Poʻrtana“, S.Levitinaning „Hukm“, A.Faykoning „Portfelli kishi“, V.Tretʼyakovning „Naʼrangni tort, Xitoy!“, Vs. Ivanovning „14–69 raqamli zirhli poyezd“ pyesalarini oʻzbek tiliga oʻgirdi. Choʻlpon adabiy emakdosh, dramaturg va tarjimon sifatida Uygʻur bilan birga professional oʻzbek teatriga tamal toshini qoʻydi.

Maqolalari[tahrir]

Choʻlponning adabiyot va sanʼat masalalariga bagʻishlangan faoliyati kichik-kichik maqolalardan iborat boʻlsada, ularning ayrimlari dasturiy ahamiyatga ega. Choʻlpon 1914-1915-yillarda yozgan „Adabiyot nadir?“ va „Muhtaram yozuvchilarimizga“ maqolalari bilan adabiyot va sanʼatning xalq va jamiyat oldidagi vazifasini, tarbiyaviy-maʼrifiy ahamiyatini aniq belgilab berdi. U oʻzbek va xorijiy xalqlar adabiyoti namoyandalari („Marhum Tavfiq Fitrat“, „Ikki yuqotish“, „Rizo Tavfiqbek“, „Tagor va tagorshunoslik“, „Ulugʻ hindi“, „Joʻrj Dandon“, „Katta maktab egasi“, „Uvaysiy“, „Ustodning xislatlari“), teatr va musiqa sanʼati („Abo Muslim“, „Iblis“, „Shayx Sanʼon“, „Oydin“, „Malikai Turondot“, „Meyerxold teatri“, „Tursunoy sahnada“, „Ashulaga ishkiboz“, „Qiziqlar“, „Otabola sanʼatkor“, „Bazmcholgʻu toʻdasi“, „Ukraina bandurachilari“), til („Shohnoma“ning turkcha tarjimasi", „Tilimizning ishlanishi“) va tarjima („Tarjima toʻgʻrisida jindak“, „Soʻz, soʻz, suz“) masalalariga bagʻishlangan maqolalari bilan 20-yillarda adabiy tanqid, sanʼatshunoslik, tilshunoslik va tarjimashunoslik sohalarining paydo boʻlishi va shakllanishiga katta hissa qoʻshdi.

Tarjima asarlari[tahrir]

Choʻlpon adabiy merosining salmoqli qismini tarjima asarlar tashkil etadi. U Moskvada yashagan yillarida moddiy ehtiyoj orqasida koʻpgina oʻtkinchi asarlarni tarjima qilishga majbur boʻldi. Lekin shu bilan birga Choʻlpon Aleksandr Pushkin („Boris Godunov“, „Dubrovskiy“), Nikolay Gogol („Tergovchi“), I.S.Turgenev („Choʻri qiz“), I.Franko („Million“, „Feruza“), L.Andreyev („Gubernator“, „Osilgan yetti kishining hikoyasi“), A.P.Chexov („Qochoq“), A.M.Gorkiy („Ilgaklar“, „Ona“) singari rus va boshqa xalqlar adabiyotining mumtoz asarlarini ham katta mahorat bilan tarjima qilib, zamonaviy milliy tarjima maktabiga asos soldi. Choʻlpon tarjimasidagi William Shekspirning „Hamlet“ tragediyasi oʻzbek tarjima sanʼatining shoh namunasidir.

Choʻlpon shoʻro davlatining doimiy tazyiqi va nazorati ostida yashagani sababli uning koʻplab qoʻlyozmalari oʻgʻirlandi. U 1937-yilda „xalq dushmani“ sifatida ayblanib, qamoqqa olinishi arafasida va keyin ham barcha qoʻlyozma asarlari kuydirib tashlandi. Shunga qaramay, Choʻlpondan bizga qadar yetib kelgan 10 jild hajmdagi original va tarjima asarlar oʻzbek xalqining katta madaniy va maʼnaviy boyligidir.

Xotira[tahrir]

Oʻzbekiston mustaqil respublika deb eʼlon qilingach, Choʻlponning oʻzbek madaniyatini rivojlantirish va xalq ommasini istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishiga qoʻshgan hissasi yuksak baholandi. Choʻlponga Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti (1991) va „Mustaqillik“ (1999) berildi. 1997-yil Choʻlponning 100 yilligi keng nishonlanib, Andijonda Choʻlpon uy-muzeyi tashkil etildi, Tillar pedagogika instituti va litsey Choʻlpon nomi bilan ataldi. Oʻzbek milliy akademik drama teatrida Choʻlpon xayoti va ijtimoiy faoliyati haqida hikoya qiluvchi „Kunduzsiz kechalar“ (Usmon Azim asari) spektakli sahnalashtirildi.

Choʻlpon dastxati. Goʻzal sanʼatlar.[tahrir]

Choʻlponning „Oʻzbek yosh shoirlari“ (1923), „Goʻzal yozgʻichlar“ (1925), „Adabiyot parchalari“ (1926) majmualarida chop etilgan sheʼrlari, oʻz sheʼrlari asosida nashr qilingan „Uygʻonish“ (1922), „Buloqlar“ (1923), „Tong sirlari“ (1926), „Soz“ (1935) kabi toʻplamlari yangi oʻzbek sheʼiyati taraqqiyotida muhim oʻrin tutadi.

Uning „Kecha va kunduz“ (1936) romani, „Doʻxtur Muhammadyor“ (1914), „Qor qoʻynida lola“, „Novvoy qiz“, „Oydin kechalarda“ hikoyalari yangi davr oʻzbek nasri rivojiga salmoqli hissa boʻlib qoʻshildi.

Choʻlponning „Yorqinoy“ (1920), „Xalil farang“ (1921), „Choʻrining isyoni“ (1926), „Yana uylanaman“ (1926), „Mushtumzoʻr“ (1928), „Oʻrtoq Qarshiboev“ (1928), „Hujum“ (1928) kabi dramalari uning dramaturg sifatida ham samarali ijod qilganligini koʻrsatadi.

Milliy istiqlol va ozodlik gʻoyalari Choʻlpon ijodining leytmotivini belgilaydi.

Choʻlpon Pushkinning „Dubrovskiy“, „Boris Godunov“ asarlarini, Gorkiyning „Ona“ romani va „Egor Bulichev“ peʼsasini, Lohutiyning „Evropa safari“ni, Gotsiyning „Malikai Turandot“, Shekspirning „Hamlet“ dramalarini oʻzbek tiliga tarjima qilish orqali oʻzbek va jahon adabiy aloqalari rivojiga munosib hissa qoʻshdi.

Choʻlpon ijodi bilan OʻzMU professorlari O. Sharofiddinov, U. Normatov, N. Karimov, D. Quronov, B. Doʻstqoraevlar ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqdalar. Choʻlponga Navoiy nomidagi Davlat mukofoti berildi. Uning „Kecha va kunduz“ romani asosida videofilm yaratilgan.

Abdulhamid Choʻlpon asarlari xorijiy tillarda[tahrir]

Choʻlponning tanlangan asarlari birinchi marotaba rus tilida 2009-yil Moskvadagi Voskresenye nashriyotida chop etildi. Ushbu toʻplam uning „Kecha va kunduz“ romani, „Yorqinoy“ pesasi va 1915-1938-yillarda yaratilgan bir qator sheʼrlarini oʻz ichiga olgan. Tanlangan asarlar Hamid Ismoilov tomonidan tarjima qilingan.

Shu yilning o‘zida „Kecha va kunduz“ romanining Stéphane A. Dudoignon tomonidan fransuz tiliga tarjimasi Fransiyada Bleu Autour nashriyotida chop etildi.

2008-yil Parijda chop etilgan Oʻzbekiston sheʼriyati antologiyasida („Anthologie de la poésie d’Ouzbékistan“) Choʻlponning bir nechta sheʼrlari fransuz kitobxonlariga havola qilingan. Tarjilonlar Hamid Ismoilov va Jean-Pierre Balpe.

Nashr qilingan asarlari[tahrir]

  • Abdulhamid Choʻlpon. Kecha. T.: Oʻzdavnashr, 1936.
  • Choʻlpon. Yana oldim sozimni. T.: Adabiyot va sanʼat. 1991.
  • Choʻlpon. Adabiyot nadir. T.: Choʻlpon, 1994.
  • Abdulhamid Choʻlpon. Kecha va kunduz. Birinchi kitob: Kecha. T.: Sharq, 1995 (XX asr oʻzbek romani).
  • Abdulhamid Choʻlpon. Goʻzal Turkiston. T.: Maʼnaviyat, 1997.
  • Choʻlpon. Asarlar. Uch jildlik. T.: Xazina, 1997-1998.
  • Abdulxamid Chulpon. I prozvuchit eщe moy saz, per. s uzbekskogo Xamidom Ismaylovim, Moskva: Voskresene, 2009.
  • Tchulpân. Nuit, fransuz tilida, tarjimon va so‘zboshi muallifi Stéphane A. Dudoignon. Saint-Pourçain-sur-Sioule : Bleu autour, 2009; 464 bet (Collection „d’un lieu l’autre“).

Adabiyot[tahrir]

  • Sharafiddinov O., Choʻlpon, T., 1991; Karimov N., Choʻlpon, T., 1991; Choʻlponning badiiy olami, T., 1993; Sharafiddinov O., Choʻlponni anglash, T., 1994; Quronov D., Ruhiy dunyo tahlili, T., 1994; Karimov N., Istiqlolni uygʻotgan shoir, T, 2000; Karimov N., Choʻlpon (maʼrifiy roman), T., 2003.
  • Yana oldim sozimni, T., 1991; Asarlar [3 j.li], 1-2j., 1999; Adabiyot nadir, T., 1993.
  • Sharafiddinov O. Choʻlponni anglash. T.: Xazina, 1994.
  • Karimov N. Choʻlpon. T.: Fan, 1991.
  • Choʻlponning badiiy olami (toʻplam). T.: Fan, 1994.
  • Murodov J.Cholpon haqida. T.: Ohangaron Hayoti Gazetasi, 2014