Oybek

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Ushbu maqola yozuvchi haqidadir. Oybek soʻzining boshqa maʼnolari uchun bu yerga qarang.
Oybek (Muso Toshmuhammad)
Tavalludi 10-yanvar 1905-yil
Toshkent
Vafoti 1-iyul 1968-yil(1968-07-01)
(63 yoshda)
Toshkent, Oʻzbekiston SSR
Fuqaroligi Turkiston Muxtoriyati,
SSSR
Sohasi shoir, yozuvchi, adabiyotshunos olim, jamoat arbobi
Institutlar Toshkent instituti, Madaniy qurilish ilmiy tadqiqot instituti (1933-yil), Fanlar komiteti huzuridagi Til va adabiyot instituti (1934–1937-yillar), Oʻzbekiston Til va adabiyot instituti (1950–1952-yillar)
Mashhur ishlari „Qutlugʻ qon“, „Navoiy (roman)“, „Sayyohi hindi“, „ Quyosh qoraymas“, „ Oltin vodiydan shabadalar“, „Ulugʻ yoʻl“, „Bolalik xotiralarim“
Mukofotlari

Oybek (taxallusi; asl ism-sharifi Musa Toshmuhammad oʻgʻli; 1905.1.10 — Toshkent — 1968.07.1) — shoir, yozuvchi, adabiyotshunos olim va jamoat arbobi. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi (1965), Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (1943). Oybek hunarmand-boʻzchi oilasida tugʻilgan. Dastlab Oqmasjid mahallasidagi eski maktabda (1911-1917), soʻng Munavvarqori Abdurashidxonov tashkil etgan „Namuna“ maktabida (1918-1921) boshlangʻich maʼlumot oladi. Shundan keyin Navoiy nomidagi taʼlim va tarbiya texnikum-internatida tahsil olgach (1921-1925), Toshkent unversitetining ijtimoiy fanlar fakultetida (1925-1927), Leningrad xalq xoʻjaligi institutida (1927-1929) oʻqiydi va ogʻir xastalikka chalingani sababli yana Toshkentga qaytib, Toshkent unversitetida oʻqishni tugatadi (1930).

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oybek mehnat faoliyatini talabalik yillaridan boshlab, oʻrta maktab, texnikum va ishchilar fakultetlarida (1925-1927), va Xalq xoʻjaligi, Qishloq xoʻjalik va Pedagogika institutlarida til va adabiyot fanlaridan dars beradi, Toshkent institutining iqtisod fakultetida esa assistent sifatida xizmat qiladi (1930-1935-yillarda). Ayni paytda Madaniy qurilish ilmiy tadqiqot instituti (1933-yil) va Fanlar komiteti huzuridagi Til va adabiyot institutida (1934-1937-yillarda) ilmiy xodim boʻlib ishlaydi. 1937-yilda Sovet davlati qatagʻon siyosatining avj olishi Oybekning „millatchi“ va „milliy ittiqodchilar“ga xayrixoh kishi sifatida ishdan haydalishi hamda tazyiqqa uchrashiga sababchi boʻladi. Kambagʻal oiladan chiqqanligi va internatda tarbiyalanganligi tufayli qatagʻondan omon qolgan Oybek 1938-yil oxiridagina Oʻzbekiston oʻquv-pedagogika nashriyotiga tarjimon-muharrir sifatida ishga qabul qilinadi. 1941-1945-yillar urushining boshlanishi bilan u yana nomatlub shaxs sifatida quvgʻinga uchraydi. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining tashkil etilishi bilan akademiyaning gumanitar boʻlimiga (1935-1951-yillar), Hamid Olimjon vafotidan keyin esa Oʻzbekiston yozuvchilari uyushmasi hayʼatiga rais, „Sharq yulduzi“ jurnaliga bosh muharrir (1945-1959-yillar) etib tayinlanadi; Til va adabiyot institutining direktori (1950-1952-yillar) hamda „Oʻzbek tili va adabiyoti“ jurnalining bosh muharriri (1958-1968-yillar) vazifasini bajaradi. 50-yillar avvalida yana qatagʻon toʻlqinining boshlanishi bilan Oybek insult xastaligiga uchraydi va uzoq, davom etgan xastalik oqibatida vafot etadi.

Sheʼriyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oybek adabiy faoliyatini shoir sifatida boshlagan. „Cholgʻu tovushi“ degan birinchi sheʼri 1922-yil „Armugʻon“ jurnalida bosilgan. Bu vaqtda u Choʻlpon, shuningdek, „yosh usmonlilar“ sheʼriyati taʼsirida boʻlib, ular ruhidagi sheʼrlaridan iborat „Tuygʻular“ (1926-yil) va „Koʻngil naylari“ (1929-yil) toʻplamlarini eʼlon qilgan. Oybek dastlabki ijodida davrning oʻtkinchi mavzulariga bagʻishlangan sarbast sheʼrlar yaratgan, ularning aksariyati „Mashʼala“ (1932-yil) toʻplamidan oʻrin olgan. Keyinchalik shoir lirik tuygʻu va kechinmalar tasviriga katta eʼtibor berib, „koʻngil lirikasi“ namunalarini yaratishga intildi. Uning bu boradagi izlanishlari, ayniqsa, „Yevgeniy Onegin“ sheʼriy romanini tarjima qilishi (1936-yil) jarayonida orttirgan tajribasi tufayli va Aleksandr Pushkin asarlaridagi lirizm taʼsirida yaxshi samaralar berdi. Oybekning „Chimyon daftari“ turkumiga kirgan, oʻzbek tabiatining fusunkor tarovati va betakror ranglarini oʻziga simirgan sheʼrlari nafaqat shoir sheʼriy ijodining, balki umuman oʻzbek lirikasining shoh namunalaridan biri boʻldi. Shoir bu sheʼrlari bilan oʻzbek sheʼriyatiga oybekona nafis lirizmni olib kirdi, nozik tuygʻu va kechinmalarni tasvirlash madaniyatini yanada mukammallashtirdi, lirik sheʼriyat tilini nafosat yogʻdulari bilan jilolantirib yubordi.

Dostonlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bir tomondan, lirik harorat, ikkinchi tomondan, epik koʻlam Oybek sheʼriyatiga xos xususiyatlardir. U lirik sheʼriyat bilan bir qatorda dostonnavislik sohasida ham izlanishlar olib borib, „Dilbar — davr qizi“ (1932), „Oʻch“ (1933), „Baxtigul va Sogʻindiq“ (1934), „Qahramon qiz“ (1936), „Gulnoz“, „Kamonchi“, „Navoiy“ (1937) singari dostonlarni yozdi. Shoir bu dostonlarida oʻz davrining qahramoni obrazini yaratish va shu davrning muhim ijtimoiy-maʼnaviy masalalarini koʻtarish bilan birga tarixiy oʻtmish mavzuiga ham murojaat etdi. Oybekning liro-epik sheʼriyatdagi dastlabki tajribalari uning katta epik polotnolarni yaratishga qodir sanʼatkor ekanini namoyish etadi. „Oʻch“ va „Navoiy“ dostonlari esa yaqin kelajakda yaratajak „Qutlugʻ qon“ va „Navoiy“ romanlari uchun oʻziga xos eskiz vazifasini oʻtadi.

Sovet davlatining adabiy-madaniy siyosati natijasida 1937-38-yillarda yozuvchilar va ularning asarlariga vulgar sotsiologizm nuqtai nazaridan yondashish tamoyili kuchaydi. Oybekning „Chimyon daftari“ turkumiga kirgan lirik sheʼrlari burjua sheʼriyati namunalari, deb baholandi. Davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan bu harakat oqibatida, boshqa shoirlar qatori, Oybek ham, „koʻngil sheʼriyati“ga tamomila zid oʻlaroq, „fajdanlik sheʼriyati“ deb atalgan sheʼriyat namunalarini yaratishga majbur boʻldi. Shunga qaramay, Oybekning ilm-fan va texnikani egallashga daʼvat etuvchi hamda vatanparvarlik va mehnatsevarlik gʻoyalari bilan sugʻorilgan „Oʻzbekiston“, „Dneprostroy“, „Fanga yurish“, „Raisa“, „Qizlar“ singari oʻnlab sheʼr va dostonlari 30-40-yillar oʻzbek sheʼriyatida muhim voqea boʻldi.

Oybek 40-yillar oxiri — 50-yillar boshlarida „Qizlar“ (1947) dostonidan tashqari, „Hamza“ (1948), Pokiston taassurotlari asosida „Zafar va Zahro“ (1950) va „Haqgoʻylar“ (1952) dostonlarini yaratdi. 60-yillarda shaxsga sigʻinish fojialari fosh etilib, sobiq sovet mamlakatida „xrushchyovcha“ harorat jilvalari koʻringanda, Oybek xastaligiga qaramay, yana „sof lirika“ning guzal namunalarini taqdim etadi, Xirosima fojiasiga bagʻishlangan „Davrim jarohati“ (1952), „Guli va Navoiy“ (1968) dostonlarini yozish bilan birga Amir Temur va Bobur haqidagi lirik dostonlarni yozishga kirishadi. Shoir uzining bu asarlari bilan 60-yillar oʻzbek sheʼriyatida yangi badiiy tafakkurning boshlanishi va qaror topishiga muhim hissa qoʻshadi.

Nasriy merosi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oybekning nasriy merosi 5 roman („Qutlugʻ qon“, „Navoiy“, „Oltin vodiydan shabadalar“, „Quyosh qoraymas“ va „Ulugʻ yoʻl“), 4 qissa („Shonli yoʻl“, „Hyp qidirib“, „Bolalik xotiralarim“ va „Bola Alisher“) hamda bir qancha hikoya va ocherklardan iborat.

Oybekning roman janridagi dastlabki tajribasi — „Qutlugʻ qon“ asari yozuvchi hayotining eng tahlikali kezlarida, 1938-yilda, qisqa muddatda yozilgan va 1940-yilda nashr etilgan. Yozuvchining bolalik xotiralari bilan toʻyingan bu asarda oʻzbek xalqining Birinchi jahon urushi arafasidagi mashaqqatli hayoti qalamga olingan. Bu davrda, bir tomondan, mustamlakachilik siyosati, ikkinchi tomondan, oʻlkaga kirib kela boshlagan kapitalistik munosabatlar tufayli mehnatkashlar ommasi gʻoyat qashshoqlashgan edi. Shunday vaqtda sabr kosasi toʻlgan xalqning norozilik namoyishi bilan chiqishi yoki qoʻzgʻolon koʻtarishi tabiiy edi. Chor hokimiyatining Oʻrta Osiyo aholisini mardikorlikka olish toʻgʻrisidagi farmoni 1916-yil qoʻzgʻo lonining gurullab yonishi uchun bir turtki boʻldi. Oybek romanda Yoʻlchi boshlik, mehnatkashlar, Mirzakarimboy boshliq boylarning oʻzaro munosabatlarini tasvirlash orqali mazkur qoʻzgʻolonning kelib chiqish sabablarini badiiy tahlil etdi. Jamiyatning shu davrdagi qutblashgan holatini taʼkidlab koʻrsatish maqsadida va sovet mafkurasining talabi bilan boylar obrazini, ayniqsa, Mirzakarimboy obrazini yaratishda qora boʻyoqlardan koʻproq foydalandi. 1937-yil tegirmonidan arang omon qolgan adibning romanni busiz nashr etishi amri mahol edi.

Oybek bu asari bilan Abdulla Qodiriy, Chulpon va Sadriddin Ayniy boshlab bergan tarixiy romannavislik anʼanasini rivojlantirib, uni mehnatkash xalq harakterini oʻzida mujassamlantirgan Yoʻlchi, Gulnor kabi qahramonlarning yorqin obrazlari bilan boyitdi. „Qutlugʻ qon“ oʻzbek adabiyotidagi badiiy jihatdan eng yuksak romanlardan biridir.

„Navoiy“ romani[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oybek shoir, nosir, adabiyotshunos olim sifatida ham Navoiy hayotiga koʻp bor murojaat etgan. Uning 1942-yil Ikkinchi jahon urushining qizgʻin bir paytida „Navoiy“ romanini yozib tugatgani tasodifiy emas. Nafaqat ulugʻ shoir, balki 15-asrdagi Xuroson hayotini ham puxta oʻrgangan adib bu asarda Navoiyning shoir va inson sifatidagi gumanizmi — insonparvarlik mohiyatini katta mahorat bilan gavdalantirib bergan. Oybek Navoiy obrazini 15-asr Xurosonida roʻy bergan muhim tarixiy voqealar fonida gavdalantirar ekan, shu davrda Temuriylar davlatini harakatga keltirgan, keyinchalik esa uni tanazzulga olib kelgan kuchlar va ularning oʻzaro kurashini xaqqoniy aks ettirgan. Oybek mazkur asari bilan oʻzbek adabiyotida tarixiy-biografik roman janrini boshlab, uning asosiy tamoyillarini belgilab berdi. „Navoiy“ romani keyinchalik oʻzbek adabiyotida „Ulugʻbek xazinasi“, „Koʻhna dunyo“ (Odil Yoqubov), „Yulduzli tunlar“, „Avlodlar dovoni“ (Pirimqul Qodirov) singari tarixiy-biografik romanlarning maydonga kelishiga zamin hozirladi.

„Quyosh qoraymas“ romani[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oybekning nasriy asarlari orasida oʻzbek xalqining Ikkinchi jahon urushidagi jasorati tasviriga bagʻishlangan „Quyosh qoraymas“ (1943-1959) romani alohida eʼtiborga loyiq. Adib mazkur romanini garchand Gʻarbiy frontga qilgan safaridan qaytiboq yoza boshlagan boʻlsada, urush toʻgʻrisidagi dahshatli haqiqatni aytish iloji boʻlmagani uchun, uni 50-yillarda — xastalik paytida yozib tugatdi. Oybek Bektemir va uning ikki jangovar doʻstining obrazini yaratish orqali Sovet davlatining urushga tayyorgarliksiz kirgani va sarkardalarning qoʻpol xatolari tufayli millionlab kishilar, shu jumladan, oʻzbek jangchilarining „toʻp yemi“ boʻlayotgani haqidagi haqiqatni badiiy mujassamlantirib berdi.

Adib „Oltin vodiydan shabadalar“ (1949) romanida urushdan keyingi davr qahramoni obrazini, „Qutlugʻ qon“ romanining davomi sifatida yozilgan „Ulugʻ yoʻl“ (1967) asarida esa Yulchi va Gulnorlarning 20-yillardagi izdoshlari obrazini yaratishga intildi.

Oybek qalamiga mansub roman va qissalar qaysi davr hayotidan olingan boʻlmasin, adib shu davr hayotini mukammal oʻrgangan, ayniqsa, tarixiy davr va tarixiy shaxs hayoti bilan birlamchi manbalar asosida yaqindan tanishgan yozuvchi sifatida namoyon boʻladi. Oybekning nasriy asarlariga xos muhim xususiyatlardan yana biri shundaki, u asar qahramoni yoki tarixiy shaxsni Vatan va xalq manfaatlari yoʻlida kurashuvchi, mehnatkash xalq orzu-armonlarining roʻyobga chiqishi yoʻlida zahmat chekuvchi siymo sifatida tasvirlaydi.

Dramaturgiya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oybek ozgina boʻlsada, oʻz kuchini dramaturgiyada ham sinab koʻrdi. U urush yillarida Chingizxon istilosiga qarshi koʻtarilgan xalq harakatlaridan biriga murojaat etib vatandoshlarida fashizmga qarshi kurash maylini ragʻbatlantiruvchi „Mahmud Torobiy“ operasi librettosini yozdi (1944) va shu mavzu boʻyicha drama teatrlari uchun „Gʻalvirchi“, rus adibi va adabiyotshunosi A. Deych bilan hamkorlikda esa rus tilida „Xalq qalqoni“ pyesalari ustida ishladi. Oybek bu asarlarida ham tarixiy jarayon qonuniyatlarini yaxshi bilgan, tarixga xalq manfaatlari nuqtai nazaridan yondashuvchi yirik olim sifatida namoyon boʻldi.

Maqolalari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oybek adabiy faoliyatining muhim qismini adabiyotshunoslikka oid tadqiqot va maqolalar tashkil etadi. Oʻzbek xalqi tarixi va oʻzbek mumtoz adabiyotining ulkan bilimdoni Oybek oʻzining adabiy-tanqidiy faoliyatida adabiyotimizning eng qadimgi davridan to oʻtgan asrning 60-yillariga qadar kechgan shakllanish va taraqqiyot yoʻliga bagʻishlangan koʻplab maqolalar eʼlon qildi. Bu maqolalarning katta bir qismi Alisher Navoiy yashagan davr, shoir hayoti va ijodini oʻrganishga bagʻishlangan boʻlib, ular keyinchalik Oybekning „Navoiy gulshani“ maqolalar toʻplamini tashkil etdi. Bu maqolalar navoiyshunoslikning oʻzbek adabiyotshunosligining muhim bir sohasi sifatida shakllanishi va rivojlanishiga hissa boʻlib qoʻshildi. Shu bilan birga Oybek Yozuvchilar uyushmasi va Fanlar akademiyasi gumanitar boʻlimining raisi sifatida Navoiyning 500 yillik yubileyini tashkil etish va oʻtkazishga rahbarlik qildi. A. Deych bilan birga rus tilida Navoiyga bagʻishlangan turkum maqolalar chop etdi (bu maqolalar mualliflarning 1968-yilda nashr etilgan „Alisher Navoiy. Literaturno-kriticheskiy ocherk“ kitobidan oʻrin olgan).

Yirik adabiyotshunos Oybek „Abdulla Qodiriyning ijodiy yoʻli“ (1935) monografiyasi va boshqa maqolalarida 20-asr oʻzbek adabiyotining taraqqiyoti muammolarini,Alexander Pushkin, Lev Tolstoy va Maksim Gorkiy singari rus adabiyoti namoyandalarining oʻzbek yozuvchilariga taʼsiri masalalarini yuqori ilmiy-nazariy saviyada oʻrgandi. Mumtoz va zamonaviy oʻzbek adabiyoti yutuqlarini qardosh xalqlarga tanishtirishda Oybekning rus tilidagi maqolalari ayriqcha ahamiyatga molik.

Tarjimalari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Serqirra ijod sohibi Oybek jahon va rus adabiyotining eng yuksak namunalarini oʻzbek tiliga tarjima qilib, Choʻlpon va Abdulla Qodiriy asos solgan oʻzbek tarjima maktabini oʻzining yuksak darajadagi tarjimalari bilan boyitdi. Oʻzbek kitobxoni Oybek tarjimasi orqali Rim adabiyoti namunalari, J. B. Molyerning „Tartyuf“, Alexander Pushkinning „Yevgeniy Onegin“, Mixail Lermontovning „Maskarad“, „Dovud Sosunli“ arman eposi, G. Geyne, I. A. Krilov, V. G. Belinskiy, E. Verharn va boshqalarning asarlari bilan tanishdi.

Xotira[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oybek oʻzining rang-barang ijodi va ulkan jamoat arbobi sifatidagi faoliyati bilan oʻzbek xalqining madaniy yuksalishiga katta hissa qoʻshdi. 1980-yilda adib yashagan uyda Oybek uy-muzeyi tashkil etilgan va unga haykal oʻrnatilgan[1]. Toshkentdagi maktab, xiyobon va metro bekatlaridan biri Oybek nomi bilan atalgan, Termiz davlat unversiteti, Toshkent viloyatidagi jamoa xoʻjaligiga Oybek nomi berilgan. Oybek vafotidan keyin „Buyuk xizmatlari uchun“ ordeni bilan taqdirlangan(2001).[2]

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Bat L., Koshchanov M., Aybek. Kritikobiograficheskiy ocherk, M., 1966; Yoqubov H., Adibning mahrrati, T., 1966; Karimov N., Oybek, T., 1985; Karimov N., Oybek gulshanida qilgan gʻunchalar, T., 1985.
  • Yoqubov H. Adibning mahorati. Toshkent, Oʻzadabiynashr, 1966.
  • Qoʻshjonov M. Oybek mahorati. Toshkent, Oʻzadabiynashr, 1965.
  • Karimov N. Oybek. Toshkent. Gʻ. Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1985.
  • Saidnosirova Z. Oybegim mening. T.: Sharq, 1994.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]