Mujtahid

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Mujtahid (arabcha: intiluvchi, gʻayrat qiluvchi) — oʻrta asrlarda islomda ijtihod huquqiga ega boʻlgan, yaʼni mustaqil ravishda diniy aqidaviy va huquqiy masalalar boʻyicha xulosa bera oladigan va hukm chiqara oladigan shaxs. Sunniylarda diniy huquq mazhablarining asoschilari, shialarda yuqori martabali ruhoniylar va diniy huquqshunoslar mujtahidlar deb ataladi.

Islom ulamolari ittifoqiga koʻra, Muhammad (a.s)ning koʻp sahobalari ham mujtahid boʻlganlar. Chunki keyingi avlodlar ulardan islomning avvalidagi fikdiy ilmlarni olganlar. 8-asrning 2-yarmidan boshlab mazhab asoschilari va ularning usullarini ishlab chiqqan izdoshlari mujtahid deb atala boshlangan. Mujtahidlar 3 darajaga ajratilgan:

  1. Shariat darajasidagi mujtahid (mujtahid fish-shar) — u amaliyotda qoʻllagan manbalarini oʻzi aniqlagan, oʻzi sharhlagan. U hech kimning eʼtirozini qabul qilmasligi mumkin boʻlgan;
  2. Mazhab darajasidagi mujtahid (mujtahid filmazhab) — u har qanday masalani faqat oʻz mazhabi asoschisi manbalariga suyangan holda hal etgan;
  3. Ayrim masalalarni yechish darajasidagi mujtahid (mujtahid fi-ttarjix) — u oʻzidan avvalgi mujtahidlar hal etmagan masalalarni tadqiq etish huquqiga ega boʻlgan. Agarda koʻrilayotgan masala boʻyicha hukmlar bir necha boʻlsa, u oʻzining ilmiy salohiyatiga koʻra ulardan birini quvvatlashi mumkin boʻlgan.

Mujtahid darajasiga daʼvogar faqih fiqhiy bilimlarni mukammal egallagan, boshqa mujtahidlar bilan boʻladigan munozaralarda va ommaviy chiqishlarda oʻz qarashlarini himoya qilishi lozim boʻlgan. Undan tashqari, mujtahid arab tilini mukammal egallagan, Qurʼon va uning tafsilotlarini yod olgan, kamida 3 ming hadisni sharhlari bilan bilishi shart boʻlgan.

Mujtahid odob-axloqi, turmush tarzi namunali boʻlishi lozim. Hatto islomning dastlabki davrlarida ham faqihlar ijtihodning birinchi va ikkinchi darajasiga kamdan kam hollarda erishganlar. Koʻpincha ular vafotidan soʻng shu darajada eʼtirof etilganlar. Sunniylikda oliy darajadagi mujtahidlar deb mazhablar asoschilari eʼtirof etiladi. Hozirgi vaqtda ayrim muftiylar, yirik jamoa (qavm)lar rahbarlari, diniy universitetlar rektorlari va boshqa baʼzan uchinchi darajadagi mujtahid deb eʼtirof qilinadi.

Imom Ahmad ibn Hanbalning fikriga ko‘ra fatvo berish uchun kamida 400 ming hadis bilishi kerak. Mujtahid fiqh, usulul fiqh, arab tili, tafsir ilmi, hadisshunoslik, hadis terminalogiyasida chuqur bilimga ega, din manbalarini farqlay oladigan, amaliy bilimga ega bo‘lgan shaxs hisoblanadi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]