Langarota masjidi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Langarota masjidi - Qashqadaryo viloyati Katta Langar qishlogʻidagi meʼmoriy yodgorlik (16-asrning birinchi yarmi). Masjid Oʻrta Osiyo togʻli hududiga xos, ikki xonaqohli, oldi peshayvonli. Ayvon sahniga ikki qator qilib baland oʻymakor ustunlar oʻrnatilgan. Shipiga anʼanaviy tartibda toqi terilib, toʻsin va vassalari chiroyli (gullar solinib) boʻyalgan, ular kichik xonaqohda 4 ustunga, katta xo-naqoxda 5 ustunga tayangan. Kichik xonaqoh ancha qad. Uning koʻhna devori sinchli boʻlib, keyinroq unga tutashtirib katta xonaqoh va umumiy peshayvon solingan. Mexrob ichidagi bezakli yozuvlarda 1519—20, 1562—63, 1748 va 1807—08 yillar (qurilgan va taʼmir qilingan sanalar) saqlangan. Katta xonaqohning zebziynatidagi taʼsirchanligi koshinkori bezaklaridagi gullaridadir. Mehrob va devoridagi naqsh bezaklari yaxshi saqlangan. Izora jiyaklarida qora zaminga sariq va havorang koshin parchalari yopishtirilgan, koʻk, havorang va oq hoshiyalar berilgan. Izoralar sathi 3 xil tuzilishda yulduzchali girihlar va kora rangli "sakkizliklar" bilan qoplangan, oʻrtasiga tillarang boʻyokdar ishlangan. Quyi qismi asosiy satxdan kulrang marmarli silliq hoshiyalar bilan ajratilgan, zarhal bilan qoplangan.

Masjidning yuksak mahorat bilan ishlanganligi uning derazalaridagi oʻyma ganch panjaralaridan, ustunlari, marmar poyustun va boshalaridan ham maʼlum.

Langarota makbarasidagi yodgorliklar 15-asr oxiri — 16-asr oʻrtalarida bunyod etilgan. Nufuzli Langar shayxlari Muhammad Sodiq (1465—1545), Abul Hasan (1491—92 yillarda vafot etgan) va boshqalarning sagʻanalari, shuningdek, Temuriy malikalar sagʻanasi va ulardagi yozuvlar saqlangan.

Makbara (140x12,5 m) peshtoq gumbazli, bir xonali (5,2x5,2), toʻrt tomonlama kesishgan ravoqqa tayangan. Qalqonsimon bagʻallari toʻrsimon, tokchalari muqarnas naqshli, ravoklari ikki qavatli rangli oʻyma ganch bilan qirma usulida bezatilgan. Maqbara sirtiga gʻishtlar "bandak" va "mavj" uslubida terilgan.

Poʻlat Zohidov.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil